23:58 / 09.04.2023
634

Armaniston – NATO mashg‘ulotlarida. Bu nimani anglatadi?

Armaniston – NATO mashg‘ulotlarida. Bu nimani anglatadi?
Yanvar oyida KXSHT doirasidagi harbiy mashg‘ulotlardan bosh tortgan Armaniston endi NATOning Defender Europe-2023 harbiy-o‘quv mashqlarida qatnashadigan bo‘ldi. Bu – kavkazorti mintaqasi va umuman postsovet hududi uchun nimalardan dalolat beradi?
 
Harbiy-o‘quv mashqlari, odatda geosiyosiy va geostrategik hamkorlar, do‘stlar, tarafdorlarni aniqlash va jipslashtirishga xizmat qiladi. Davlatlar, aynan harbiy-o‘quv mashqlari orqali, “do‘st va dushman” davlatlar obrazini modellashtirishadi.
 
Sobiq SSSR qulagach, Armaniston muttasil Rossiya Federatsiyasiga oriyentir oldi, o‘zining xavfsizligi, geosiyosati va geoiqtisodiyotini aynan rasmiy Moskva bilan bog‘ladi. Vaqti-vaqti bilan, Armaniston ham muqobil qarash va oriyentirlarni paypaslab ko‘rdi. Lekin, umumiyat-la, Rossiya ta’siridagi davlat bo‘ldi.
 
Kavkazorti uchta respublikaning ikkisi shu paytga qadar g‘arbga yuzlangan edi. Ozarboyjon avtoritar davlat sifatida qabul qilinadi. Lekin, tashqi siyosatda, uning muhim ittifoqchilari – bular Turkiya, AQSH va Isroil. Lekin Ozarboyjon NATOga a’zo bo‘lish haqida lom-mim demaydi. Qolaversa, “global qo‘shilmaslik harakati”ning yetkachilaridan. Bu bilan, Boku Moskva va Vashingtonga mujda berib, “men KXSHTga ham, NATOga ham intilmayman” deydi.
 
Gruziya esa, bugun ancha ehtiyotkor. Saakashvili davrida, Gruziya Yevropa Ittifoqi va NATOga a’zo bo‘lishni tashqi yo‘nalishdagi oliy davlat siyosati sifatida e’lon qilgan edi. Saakashvili ketgach, bugungi Gruziya hukumati Yevropa Ittifoqiga intilishda davom etmoqda. NATO harbiy-o‘quv mashqlarida ham ishtirok etadi. Lekin, umumiy ritorika, Rossiyaga qarshi qaratilmaganini urg‘ulash bilan farqlanadi. Gruziyaning ikki hududi Rossiya yordamida separatizmga yuz tutgach, bugungi Gruziya mana shu hududlarni qaytarish ilinjida, Rossiya bilan ijobiy bo‘lish yeki salbiy bo‘lmaslik siyosati olib boradi.
 
Armaniston hokimiyatiga 2018 may oyida Nikol Pashinyan kelgach, uning Putin bilan munosabatlari, oldingi armani liderlarga nisbatan ancha sovuq bo‘ldi. Misol uchun, sobiq prezidentlar Robert Kocheryan va Serj Sarkisyanlar bilan, Putinning munosabatlari juda ishonchli edi.
 
2020 yilning kuzida, Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasida, Tog‘li Qorabog‘ uchun urush bo‘ldi. Rasman, xalqaro darajada, Tog‘li Qorabog‘ – Ozarboyjonning yeri. Lekin 1990 yillarning boshida, bu xudud Armaniston tomonidan bosib olingan edi. O‘sha 2020 yil, sentyabr-oktyabr oylari davomida, Pashinyan Putindan ko‘p marta yordam so‘radi. Bu ikki davlatni bog‘lab turuvchi KXSHTni urushga jalb qilishni so‘radi. Bunga javoban Putin: “Agar Ozarboyjon Armaniston hududiga bostirib kirsa, KXSHT albatta yordamga boradi” dedi. Ya’ni bu bilan Putin “Tog‘li Qorabog‘ – Ozarboyjonning yeri” degan mujdani bildirgan edi.
 
Shu yilning yanvar oyida Armanistonda KXSHTning navbatdagi harbiy-o‘quv mashqlari bo‘lishi kerak edi. Lekin Armaniston tarafi bu o‘quv mashqlarni bekor qiladi. Pashinyan “Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, Ozarboyjon tarafi g‘arbga bizni tajovuzga tayyorgarlik ko‘rayotgandek ko‘rsatmoqchi. Ya’ni Armaniston va Rossiya, birgalikda, Ozarboyjonga bostirib kirish uchun tayyorlanmoqda, degan xabarlar tarqatmoqda. Bizning niyatimiz unday emas edi. Lekin biz bu o‘quv mashqlarini bekor qilishga majburmiz”, ohangida bayonotlar beradi.
 
Aslida, rasmiy Yerevanda geosiyosiy kayfiyat o‘zgarmoqda. O‘zining geosiyosiy manfaatlarini Rossiyaga bog‘lagan Armaniston, Rossiyadan uzoqlashish va g‘arb bilan yaqinlashish yo‘liga tushdi. Lekin bu jarayon tekis va tez ketmasligi aniq.
 
O‘zbekiston Armaniston bilan 1995 yilning oktyabrida diplomatik aloqalar o‘rnatgan, lekin shu paytga qadar Kavkazorti respublikalaridan faqat Armanistonda O‘zbekistonning elchixonasi yo‘q. Buning sababi, O‘zbekiston Ozarbajonning hududiy yaxlitligi tarafdori bo‘lib kelganidir.
 
Armanistonning AQSH va NATOga yaqinlashuvi bilan, Kavkazorti respublikalarining barchasi, u yoki bu darajada G‘arbga oriyentir olgan davlatlar bo‘lishdi. Ya’ni butun kavkazorti mintaqasi Rossiyadan ma’lum darajada masofa saqlash tafakkuridagi hududga aylandi. Demak, postsovet hududida, faqat Markaziy Osiyo RF bilan eng ijobiy aloqalarni saqlab qolayotgan mintaqa bo‘lib qolmoqda.
 
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo