Buyuk Britaniyadagi Krouboro shahrida sodir bo‘lgan bu voqea tibbiy amaliyot tarixiga kirishi aniq. 65 yoshli Deniz Bekon nomli ayol chuqur miya stimulyatsiyasi amaliyoti (DBS) paytida hushyor holda klarnet chaldi. Bu orqali shifokorlar uning harakat qobiliyati va miya faoliyatini real vaqtda kuzatish imkoniga ega bo‘lishgan. Bu haqda “Daily Mail” nashri ma’lumot tarqatdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Bekon ilgari nutq va til terapevti bo‘lib ishlagan, ammo 2014-yilda unga Parkinson kasalligi tashxisi qo‘yilgan. Keyinchalik unda mushak qotishlari, harakatning sekinlashishi, shuningdek, suzish, raqsga tushish va klarnet chalishda qiyinchiliklar paydo bo‘lgan.
Shu sababli u London klinikalaridan birida chuqur miya stimulyatsiyasi amaliyotiga rozi bo‘lgan. To‘rt soatlik operatsiya davomida bemor uxlatilmagan — faqat bosh terisi anesteziya qilingan. Jarrohlar uning miyasiga maxsus elektrodlarni o‘rnatish orqali elektr impulslarini uzatib, harakat qobiliyatini tiklashni ko‘zlagan.
Neyrojarroh professor Keyomars Ashkanning so‘zlariga ko‘ra, elektrodlar joylashtirilgandan so‘ngoq Bekonning barmoq harakatlari sezilarli darajada yaxshilangan. Shu zahoti u klarnetni qo‘liga olib, musiqa chala boshlagan va shifokorlarni hayratga solgan.
“Harakatlarim yengillashdi, barmoqlarim erkinroq qimillay boshladi. Bu nafaqat klarnet chalishni, balki yurish va raqs tushishni ham osonlashtiradi deb o‘ylayman”, — deydi Deniz Bekon amaliyotdan so‘ng.
Operatsiya vaqtida u miya faoliyatini stimulyatsiya qiluvchi va tok orqali ishlaydigan maxsus impuls generatorini tanlagan. Bu qurilma bemorning ko‘kragiga o‘rnatiladi va 20-yilgacha faol ishlaydi. Generator miya signallarini kuzatib, zarur hollarda avtomatik ravishda impulslarni boshqarish imkonini beradi.
Professor Ashkan bu texnologiya zamonaviy tibbiyotdagi eng ilg‘or usullardan biri ekanini ta’kidlab, “Chuqur miya stimulyatsiyasi Parkinson kasalligi bilan bog‘liq harakat buzilishlarini samarali boshqarishga yordam beradi. Eng muhimi, har bir bemor uchun individual moslashtirish mumkin”, — deb qayd etdi.
Shu tariqa, Deniz Bekonning amaliyoti nafaqat tibbiy muvaffaqiyat, balki inson ruhining kuchini ham namoyon qildi — u og‘ir operatsiya vaqtida ham musiqa orqali hayotga muhabbatini ifoda etdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!