date

Yaponiyada sunamida yo‘qolgan qizchaning jasadi 14-yildan so‘ng topildi

Yaponiyada sunamida yo‘qolgan qizchaning jasadi 14-yildan so‘ng topildi

Yaponiyada 2011-yildagi halokatli zilzila va uni ortidan kelgan sunami oqibatida bedarak yo‘qolgan 6 yoshli Natsuse Yamanening jasad qoldiqlari ortidan 14-yil o‘tib topildi va oilasiga topshirildi. Bu haqda The Straits Times xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, politsiya Miyagi prefekturasining Minami-Sanriku shahrida 2025-yil 16-oktyabr kuni Natsusening suyak qoldiqlarini uning ota-onasiga rasman topshirgan.

Qizchaning onasi Chiyumi Yamane suyaklar solingan idishni bag‘riga bosib, ko‘z yoshi bilan “Uyga qaytganing uchun rahmat, qizim”, degan. Bu so‘zlar yillar davomida intizorlik bilan qizini kutgan oilaning og‘riqli, ammo yengil nafas olish lahzasi bo‘ldi.

Natsuse fojiali zilzila vaqtida buvisi bilan uyda bo‘lgan. To‘satdan kelgan to‘fon ularni suv oqimiga tortib ketgan. Mo‘jiza bilan buvisi omon qolgan bo‘lsa-da, qizaloqdan xabar bo‘lmagan. Bir necha oy davomida oilasi uni izlagan, hatto tirik qolgan bo‘lishi mumkin degan umidni yo‘qotmagan. Ammo yarim yildan keyin ular qizining hayotda emasligini tan olishga majbur bo‘lgan.

Shundan so‘ng, har yili iyun oyida — Natsusening tug‘ilgan kunida — oilasi uning sevimli qaymoqli tortlaridan tayyorlab, xotirasini yod etgan.

2023-yil fevral oyida Minami-Sanrikudan taxminan 100 kilometr uzoqlikdagi Ivate prefekturasi qirg‘og‘ida bir kishi sohilni tozalash paytida jag suyagi parchasini topgan. Keyinchalik mitoxondrial DNK tahlili orqali bu suyaklar aynan Natsusega tegishli ekani aniqlangan.

“Biz uchun bu faqatgina suyak emas — bu oilamizdagi yo‘qolgan parchaning qayta topilishi. Vaqt go‘yo yana harakatlana boshlagandek tuyuldi”, degan qizchaning onasi Chiyumi Yamane.

Natsusening tarixini eshitgan yaponiyaliklar bu voqeani sabr va umidning timsoli sifatida qabul qilmoqda. 14-yillik intizorlikdan so‘ng qizchaning oxirgi manzili oila bag‘rida topilgani ko‘pchilikni qattiq hissiyotga soldi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yaponiyada sunamida yo‘qolgan qizchaning jasadi 14-yildan so‘ng topildi