AQSH prezidenti Donald Tramp va Rossiya rahbari Vladimir Putin o‘rtasida Budapeshtda o‘tkazilishi kutilgan sammitga tayyorgarlik ishlari vaqtincha to‘xtatildi. NBC News muxbiri Garret Haakening Oq uydagi manbasiga ko‘ra, Vashington har ikki tomonni “muzokaralarga hali tayyor emas” deb hisoblamoqda.
Jurnalistning ma’lum qilishicha, Marko Rubio va Sergey Lavrov o‘rtasidagi telefon orqali muloqot “sermahsul” o‘tgan bo‘lsa-da, Tramp muzokaralarni hozircha kechiktirishni ma’qul ko‘rgan. Oq uy ham rasman prezident yaqin orada Putin bilan uchrashishni rejalashtirmayotganini tasdiqladi.
CNN manbasi esa sammitning qoldirilishiga Rossiyaning “haddan tashqari maksimalistik pozitsiyasi” sabab bo‘lganini yozdi. Manbalarga ko‘ra, Rubio va Lavrov Ukraina mojarosini hal etish bo‘yicha turlicha qarashga ega bo‘lgan.
Shuningdek, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ham bu haqda izoh berdi. Sergey Ryabkovning so‘zlariga ko‘ra, hozircha “bunday uchrashuvning aniq vaqti yoki joyi bo‘yicha kelishuv mavjud emas”.
Tramp esa Zelenskiy bilan uchrashuvdan so‘ng Ukrainadagi front holatini “mavjud chiziqda muzlatish” taklifini bildirgan edi. Bu taklifni Ukraina va Yevropa yetakchilari ma’qullagan bo‘lsa-da, Moskva buni Tramp va Putinning oldingi kelishuvlariga zid deb baholamoqda.
Lavrovning ta’kidlashicha, Vashingtonning zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish chaqiriqlari mojaroning asl sabablarini yopishga urinishdir. “Agar siz shunchaki to‘xtasangiz, tarix haqiqiy sabablarni unutib qo‘yadi”, – dedi u.
Shu tariqa, Budapeshtda bo‘lishi kutilgan yuqori darajadagi sammit taqdiri hozircha noaniqligicha qolmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!