16:21 / 16.07.2023
372

Kiyevning «uzun qo‘li». Ukraina ATACMS raketalarini ham oladimi?

Kiyevning «uzun qo‘li». Ukraina ATACMS raketalarini ham oladimi?

Foto: Getty Images

12 iyul kuni New York Times nashri Oq uy ATACMS tezkor-taktik raketalarini Ukrainaga berish imkoniyatini muhokama qilayotgani to‘g‘risida xabar berdi. Bu so‘nggi oylardagi birinchi shunday xabar emas. Shubhasiz, bu Ukrainani Rossiyaning yanada ichkariroqdagi pozitsiyalariga zarba yo‘llash imkonini beruvchi raketalar bilan qurollantirish bo‘yicha AQSH ma’muriyatida davom etayotgan bahslarning belgisidir.

Ushbu munozaralar natijasini oldindan aytish qiyin, biroq bu masala bo‘yicha yakuniy salbiy qaror qabul qilinmaganining o‘ziyoq ushbu raketalarni Ukrainaga topshirish ehtimoli mavjudligidan dalolat beradi.

Ukrainaliklar bu raketalarni 2022 yil yozidan beri so‘rab keladi. ATACMS raketasi, F-16 qiruvchi samolyoti bilan birga, Kiyev AQShdan olishni xohlaydigan qurollar ro‘yxatida birinchi o‘rinda turadi.

Kiyev allaqachon G‘arbdan asosiy jangovar tanklar va zamonaviy havo mudofaa tizimlarini olishga erishdi. Ko‘plab rasmiy xabarlarga ko‘ra, Ukraina tez orada F-16 qiruvchilari ham qabul qiladi.

Va nihoyat, Ukraina qurolli kuchlari Buyuk Britaniyadan 250 kilometr masofagacha uchadigan Storm Shadow qanotli raketalarini olmoqda. 11 iyul kuni Fransiya ham ushbu qurolning SCALP deb nomlangan o‘z versiyasini Ukraina yetkazib berishni rejalashtirayotganini e’lon qildi.

Ukraina 200 kilometrdan ortiq masofaga harakatlanadigan boshqa raketalar, masalan, fransuzlarning SCALP raketasini ham oladi

«Uzun qo‘l»

Matbuotda bunday raketalar odatda «uzoq masofali» deb ataladi, ammo bu juda to‘g‘ri emas.

Bu raketalar HIMARS tizimlarining yuqori aniqlikdagi GMLRS raketalaridan uzoqroqqa, ya’ni 90 kilometrdan uzoqdagi nishonlarga zarba berishi mumkin bo‘lgan raketalar haqida gap ketayotgani tushunarli bo‘lishi uchun shunday nomlangan. Ukraina 2022 yil yozidan beri GMLRS raketalaridan foydalanyapti.

ATACMS ballistik raketalari rasmiy ravishda GMLRS, Rossiyaning «Tochka U» va «Iskandar» yoki Ukrainaning «Olxa» raketalari bilan birgalikda tezkor-taktik raketalar sinfiga kiradi. Tezkor-taktik raketalar sinfidan keyingi qisqa masofali ballistik raketalar sinfiga kiruvchi raketalarning uchish masofasi 500 kilometrdan boshlanadi.

ATACMS raketalari Ukrainadagi urush orqali mashhur bo‘lgan GMLRS raketalari bilan bir sinfga tegishli bo‘lsa-da, ularning ba’zilari 300 kilometrgacha, ya’ni 200 kilometrdan ko‘proq masofadagi nishonlarga zarba bera oladi.

ATACMS’ni GMLRS bilan taqqoslash mutlaqo o‘rinli — ular bir xil otuvchi tizimlardan: HIMARS va M270 MLRS’dan uchiriladi, faqat bunda oltita kichik raketali otish konteyneri o‘rniga bitta katta raketali otish konteyneri ishlatiladi.

Tezkor-taktik raketalar dastlab front operatsiyalari doirasidagi nishonlarga zarba berish uchun yaratilgan. Masalan, shtab-kvartiralar, aloqa markazlari, omborlar, artilleriya va havo mudofaa tizimlari pozitsiyalari, aerodromlar, ko‘priklarga.

Biroq, ATACMS raketalari masofasi 300 kilometr va agar Ukraina qurolli kuchlari bunday raketalarni olgan taqdirda, ular butun urushning borishiga ta’sir qiluvchi nishonlarni urish imkoniga ega bo‘lishi mumkin.

Raketa oilasi

ATACMS raketalari 1970-yillar oxirida ishlab chiqilgan va oxirgi o‘n yillik so‘nggidan AQSh armiyasiga xizmatga kira boshlagan. Bu raketalar 1991 yilda, «Cho‘ldagi bo‘ron» operatsiyasida ilk bor jangovar vazifalarda ishlatilgan va juda yaxshi samaradorlik ko‘rsatgan.

ATACMS raketalarini asosan ikki turga bo‘lish mumkin: birinchisi, portlovchi jangovar kallakka ega bo‘lib, ko‘priklar va bunkerlar kabi mustahkamlangan nishonlarni yo‘q qilishga moslashtirilgan. Ikkinchi turdagi raketalar esa kassetali raketalar bo‘lib, ular katta maydondagi zirhlanmagan nishonlar uchun mo‘ljallangan. Kassetali raketalar aerodromlar, himoyalanmagan omborlar, havo hujumidan mudofaa tizimlari va artilleriya pozitsiyalari hamda boshqa ochiq maydondagi nishonlarni yo‘q qilishda samarali.

ATACMS bir necha marta yangilangan va uning jami to‘rtta asosiy modifikatsiyasi mavjud. Shu sabab ATACMS bittagina raketa emas, balki butun bir raketa oilasidir. Ularning xususiyatlari sezilarli farq qiladi. Ba’zi modifikatsiyalar 200 kilometrdan kam masofaga uchadi. Jangovar kallakning og‘irligi ham turli modifikatsiyalarda 227 kilogrammdan 560 kilogrammgacha o‘zgarib turadi.

Turli modifikatsiyalar turli boshqaruv tizimlariga ega, odatda ular inersial (ya’ni avtopilot) va sun’iy yo‘ldosh orqali boshqaruv birlashtirilgan tizimlar orqali kuzatiladi. Raketalarning eng anig‘i, ochiq manbalarga ko‘ra, nishondan atigi to‘qqiz metrga adashishi mumkin, bu uzoq masofaga ega raketalar uchun juda yuqori ko‘rsatkich.

Globalsecurity.org sayti ma’lumotlariga ko‘ra, raketaning maksimal parvoz balandligi 48 kilometrga yetadi, bu esa uni uchish trayektoriyasining o‘rta qismida tutib olishni ancha qiyinlashtiradi. Parvoz so‘nggida, raketa nishonga deyarli vertikal tarzda tushadi hamda taxminan 3 Max tezlikkacha tezlashadi, bu ham zenit tizimlari uchun katta muammodir.

Boshqa zamonaviy ballistik raketalar singari, ATACMS’ni ham tutib olish juda qiyin. Buning uchun C–400 kabi zamonaviy zenit-raketa tizimlari kerak bo‘ladi. Biroq, Rossiya havo mudofaasi Ukrainadagi urush davrida qisqa masofaga uchadigan va tutib olishga tayyorgarlik ko‘rish uchun kam vaqt qoldiradigan yuqori aniqlikdagi ballistik GMLRS raketalari bilan kurashishda katta tajribaga ega bo‘ldi.

ATASMS ham GMLRS uchiriladigan qurilmalardan uchiriladi. Foto: Getty Images

«Uzoq masofali» raketalar urushning borishini o‘zgartiradimi?

Ijtimoiy tarmoqlar va matbuotda Ukraina qurolli kuchlari ATACMS raketalarini olgan taqdirda qaysi nishonlar ular uchun ustuvor maqsad bo‘lishi haqida ko‘plab taxminlarni ko‘rish mumkin. Ko‘pchilik bunday maqsad, masalan, Qrim ko‘prigi bo‘lishi mumkin deb hisoblaydi.

Bu ko‘prik front chizig‘idagi eng yaqin joydan 250 kilometr uzoqlikda joylashgan. Ammo yuqori mobillikka qaramay otuvchi tizimlar, artilleriya o‘qlari yoki xudkush dronlar ularni yo‘q qilishi mumkin bo‘lgan hududlardan zarba yo‘llamaydi. Ular bunday tavakkal uchun juda qimmat turadi.

Bundan tashqari, maksimal masofada zarba berish juda xavfli manyovrdir, chunki bu raketani tutib qolish xavfini oshiradi. Qrim ko‘prigi esa bosib olingan yarimorolning eng himoyalangan obektlaridan biridir.

Qrimda front chizig‘iga yaqinroq joylashgan boshqa ko‘plab muhim obektlar — aerodromlar, omborlar, boshqa temiryo‘l ko‘priklari va nihoyat, Sevastopol harbiy-dengiz bazasi bor.

Ularning ko‘pchiligi 300 kilometrgacha bo‘lgan raketalarning nishonni yo‘q qilish zonasida joylashgan.

ATACMS’ni tutib qolish qiyin va bir necha raketalarni urib tushirishni kafolatlash uchun obektni bir nechta havo mudofaa tizimi bilan himoyalash kerak. Bu esa juda ko‘p potensial nishonlar mavjudligini hisobga olganda ancha mushkul ish.

2022 yilning avgust oyida rossiyalik havo hujumidan mudofaa bo‘yicha ekspert, o‘zi ham o‘tmishda havo hujumidan mudofaa kuchlarida xizmat qilgan Mixail Xodarenok o‘z telegram-kanalida (yozuv saqlanmagan, ammo ommaviy axborot vositalari undan havola olgan) ATACMS bilan kurashishning eng ishonchli usuli otuvchi tizimlarni raketani otishdan oldin yo‘q qilish yoki front chizig‘ini 300 kilometrga ortga tortish ekanini yozgandi.

Ukraina 250 kilometr masofagacha uchadigan aviatsion raketalarini tobora ko‘proq olayotgani hisobga olinsa, Rossiya armiyasi eng muhim obektlarni yuqori aniqlikdagi raketalardan himoya qilishni kafolatlash uchun eng kamida raketaga qarshi mudofaa tizimini qayta tashkil qilishi kerak bo‘ladi.

Bunday obektlarga qo‘mondonlik punktlari, shtab-kvartiralar, kommunikatsiyalar, aloqa markazlari, aerodromlar kiradi va ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin. Va agar shu paytgacha xavfli hududning front ortidagi uzunligi 90 kilometr bo‘lgan bo‘lsa, unda ushbu miqdor uch barobar oshsa nima bo‘ladi?

Raketalar va ozod qilish

Zamonaviy urushda o‘z-o‘zidan urushning borishini o‘zgartirib yubora oladigan «mo‘jizakor qurol» yo‘q. ATACMS, Storm Shadow yoki SCALP raketalari ham bundan mustasno emas.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy bir necha bor ta’kidlaganidek, Ukraina qurolli kuchlarining asosiy vazifasi bosib olingan hududlarni deokkupatsiya (ozod qilish) qilishdir.

Raketalar, hatto ularning eng kuchlilari ham, hududlarni qaytarib ololmaydi yoki nazoratda ushlab tura olmaydi. Bu bilan quruqlikdagi kuchlar — askarlar va zirhli texnikalar shug‘ullanadi.

Bundan tashqari, hatto jang maydonidagi boshqa kuchlar bilan birga yagona strategiyaga kiritilmagan eng muvaffaqiyatli zarbalar ham frontdagi vaziyatni sezilarli darajada yengillashtira olmaydi.

Ukraina HIMARS tizimlarini GMLRS raketalari bilan olganida, Ukraina qurolli kuchlari ular yordamida rus qo‘shinlarining ta’minot tizimlarini yo‘q qilib, bu qurollardan kuzgi hujumga tayyorgarlik ko‘rishda foydalandi.

Shuning uchun, agar Ukraina ATACMS raketalarini olsa, ukrainaliklar hali undan qanday foydalanishni o‘rganish kerak bo‘lgan vositaga ega bo‘ladi xolos va keyin bu raketalardan amaliyotda qanday samarali foydalanishni ham o‘ylab ko‘rish kerak bo‘ladi.

Yana bir qiyinchilik miqdor bilan bog‘liq. «1980-yillardan, ATACMS ishlab chiqila boshlanganidan buyon jami atigi 4000 dona raketa ishlab chiqarilgan», dedi 11 iyul kuni Lockheed Martin kompaniyasi vakili.

«Bu raketalar ko‘plab mamlakatlarga jo‘natilgan va garchi ular hali ham ishlab chiqarilayotgan bo‘lsa-da, AQSh bunday raketalarning «cheklangan» zaxirasiga ega», deyiladi New York Times maqolasida.

Ukraina bunday raketalarning qanchasini olishi noma’lum.

Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Kiyevning «uzun qo‘li». Ukraina ATACMS raketalarini ham oladimi?
ePN