Illustrativ foto
AQSHning Bloomberg nashriga ko‘ra, ko‘hna qit’ada investitsiya evaziga yashash huquqini beruvchi «oltin viza» biznesi borgan sari rivojlanib bormoqda. Vaholanki, YEI bunday ko‘rinishda fuqarolik berish shartlari murakkab bo‘lishini ma’lum qilgan.
2011-19 yillar oralig‘ida investitsiya hisobiga 132 ming odam YEI davlatlarida fuqarolik olgan. Bu jarayon uy-joy narxini oshirib yuborgani va nazorat kuchsizligi ortidan siyosiy rezonans keltirib chiqargandi. Yevroparlament va Yevropa komissiyasi YEI davlatlaridan «oltin viza» berish dasturlarini yopishni so‘ragan. Britaniya va Irlandiya allaqachon viza berishni to‘xtatgan.
Ammo Yevropaning boshqa davlatlarida «oltin viza»lar mo‘may daromad keltirishda davom etmoqda. Masalan, oxirgi oylarda Gretsiya va Portugaliyada viza olish holatlari ko‘paygan. Ispaniya va Italiyada esa «oltin viza»ga talab rekord darajada oshib ketgan.
«Oltin viza» nima?
Yevropa Ittifoqi a’zolarida ushbu davlatga investitsiya kiritish yoki ma’lum narxga mol-mulk sotib olish evaziga yashash huquqi yoki fuqarolik berish tartibi mavjud. Barcha davlatlarda bu borada o‘z talablari bor. Masalan, ba’zi davlatlar mamlakat hududida kamida bir yil yashaganlargagina bunday huquqni beradi.
Aftidan, davlatlar YEI siyosatchilari talabiga qaramay bunday ko‘rinishdagi «issiq pul»dan voz kechmoqchi emas. Masalan, Portugaliya iyul oyida mamlakatda ko‘chmas mulk sotib olish evaziga yashash huquqini berish dasturini bekor qildi. Ammo istagan odam Portugaliyadagi ko‘chmas mulk bilan shug‘ullanmaydigan har qanday kompaniya yoki fondga kamida 500 ming yevro investitsiya kiritish orqali mamlakatda yashash huquqini qo‘lga kiritishi mumkin.
Niderlaniya «oltin viza» uchun arizalarni qabul qilishda davom etmoqda. Vaholanki, mamlakat bunday dasturdan voz kechganini e’lon qilgan. Bunday holat Chernogoriyada ham kuzatilmoqda. Ispaniya esa viza tartibini emas, uni olish uchun talab qilinadigan miqdorni o‘zgartirmoqchi. Ya’ni Ispaniya «oltin viza»sini olish endi 500 ming emas, 1 million yevro bo‘lishi mumkin.
Kiprda «oltin viza» tartibi biroz o‘zgardi, lekin to‘liq emas. Gap shundaki, avval investorning oila a’zolari ham yashash huquqini qo‘lga kiritardi, hozir bu imkon faqat pul to‘lagan odamga taqdim etiladi. Bolgariya esa 2021 yilda yopilgan «oltin viza» tartibini yana qayta ochganini e’lon qildi.
Malta ham Gretsiya kabi «oltin viza» narxini oshirish orqali o‘ziga xos «islohot» qildi. Ammo Yevrokomissiya bu talab yetarli emasligini aytib, ko‘pchilik fuqaroligini olishga qiziqadigan Maltadan bu tartibni bekor qilishni so‘ramoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!