So‘nggi bir necha kun davomida G‘azo sektoridagi quruqlik amaliyotini kengaytirgan Isroil mudofaa kuchlari 2 noyabrga kelib G‘azo shahrini qurshab olganini e’lon qildi.
«Biz urushning yana bir muhim bosqichiga o‘tdik. Bizning kuchlarimiz G‘azo shimolining qoq markazida bo‘lib, G‘azo shahrini o‘rab olib, muvaffaqqiyatga erishmoqda», — dedi Isroil mudofaa kuchlari bosh shtabi boshlig‘i Gerzi Halevi.
«HAMASning har bir a’zosi — o‘zini murda deb o‘ylayversin», — degandi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ushbu harakat a’zolari mamlakat hududiga misli ko‘rilmagan hujumni amalga oshirib, 1400 dan ortiq kishini o‘ldirganidan keyin. Keyinroq u «terror mashinasi» va HAMASning siyosiy tuzilmasi demontaj qilinishiga va’da berdi.
Isroil G‘azo sektorida quruqlik amaliyotini aynan shu maqsadlarga erishish uchun kengaytirayotganini ma’lum qilgan. Shuningdek, isroilliklar HAMASni to‘liq mag‘lub etganidan keyin G‘azo sektoridan butunlay ketishini aytishmoqda. Masalan, mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil «yangi xavfsizlik rejimi»ni ta’minlashi kerakligi, ammo G‘azodagi odamlarning kundalik hayoti uchun mas’uliyatni zimmasidan soqit qilmoqchiligini aytgan.
Agar «Temir qilichlar» amaliyotining maqsadi aynan shunday bo‘lsa, bu Isroilning G‘azodagi avvalgi amaliyotlaridagiga qaraganda ancha yuqori ambitsiyalarni ko‘rsatadi va bunga erishish uchun oylar talab etilishi mumkin. Ammo bunday maqsad reallikdan kelib chiqib qo‘yilganmi va harbiy qo‘mondonlik bunga erishishni ta’minlay oladimi?
G‘azo sektoriga bostirib kirish o‘z-o‘zidan binolar zich joylashgan shahar ko‘chalaridagi janglar va sektorning ikki milliondan ortiq tinch aholisi hayoti uchun ulkan xavfni anglatadi. HAMAS nazoratidagi G‘azo rasmiylari shu vaqtgacha yo‘llangan aviazarbalar orqali allaqachon 9 mingga yaqin kishi halok bo‘lgani, yana yuz minglab kishilar o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lganini bildirgan.
Bundan tashqari, Isroil mudofaa armiyasi (SAHAL) qarshisida G‘azo sektorining noma’lum chekkalarida ushlab turilgan 240 dan ortiq kishini qutqarish bo‘yicha qo‘shimcha va o‘ta murakkab vazifa ham turibdi.
«Men Isroil HAMASning har bir a’zosini yo‘q qila oladi deb o‘ylamayman, chunki bu radikal islom g‘oyasining o‘zini yo‘q qilish deganidir, — deydi Isroil armiyasi radiosi vakili bo‘lgan harbiy tahlilchi Amir Bar Shalom. — Ammo uni barcha operatsion imkoniyatlaridan mahrum qilish darajasida zaiflashtirish mumkin».
HAMASni kuchsizlantirish uni to‘liq demontaj qilishdan ko‘ra realroq maqsad bo‘lishi mumkin.
Ammo Isroil HAMAS bilan bungacha to‘rt bor jang qilgan, ammo baribir o‘z hududiga G‘azo sektoridan turib raketa zarbalari berilishini to‘xtatishga erisha olmagan. SAHAL vakili amaliyotdan asosiy maqsad HAMASni «Isroilga tahdid qilish yoki Isroil fuqarolarini o‘ldirish» imkoniyatini beradigan harbiy salohiyatdan mahrum etish ekanini aytgan.
Tel-Aviv universitetidagi Falastin tadqiqotlari forumi direktori Maykl Milshteyn ham HAMASni butunlay yo‘q qilish juda qiyin ekanini ta’kidlaydi. Uning fikricha, «Musulmon birodarlar»ning Falastindagi filiali sifatida paydo bo‘lgan bu guruh faoliyati zamirida yotgan mafkurani yo‘q qilish mumkin deb o‘ylash soddalik bo‘lgan bo‘lardi. «Musulmon birodarlari» butun dunyo bo‘ylab islomiy harakatlarga katta ta’sir ko‘rsatgan.
HAMASning harbiy qanotida 25 minggacha odam bor. Shu bilan birga, Milshteynning so‘zlariga ko‘ra, guruhning ijtimoiy infratuzilmasini ta’minlaydiganlar ham 80-90 ming atrofida.
Alal-oqibat, vaziyat shundayki, mudofaa vaziri Galant aytganidek, Isroilning keyingi 75 yillikdagi mavjudligi ko‘p jihatdan mazkur urush natijasiga bog‘liq.
Quruqlik amaliyoti xavflar bilan to‘la
Harbiy amaliyotning natijasi bir qancha omillarga bog‘liq hisoblanadi.
HAMASning harbiy qanoti bo‘lmish «Izz ad-Din al-Qassam brigadasi» Isroilning quruqlik amaliyotiga tayyor turgandi. Katta ehtimol bilan, brigada a’zolari raqib yo‘llarini minalashtirgan hamda qayerda va qanday qilib pistirma qo‘yishni yaxshi bilishadi. HAMAS Isroil harbiylariga hujum qilish uchun o‘zining keng tarmoqli tunnellaridan foydalanadi.
2014 yilda Isroil piyoda batalyonlari G‘azo shahri shimolidagi janglarda tanklarga qarshi minalar, merganlar va pistirmalar tufayli og‘ir yo‘qotishlarga uchragan, shuningdek tinch aholi vakillari bo‘lgan yuzlab kishilar halok bo‘lgandi.
Bu Isroil G‘azo sektorining shimoliy yarmi aholisidan qurib borayotgan G‘azo irmog‘i o‘zani bo‘ylab janubga evakuatsiya bo‘lishni talab qilayotgani sabablaridan biridir.
Isroil hukumati o‘z fuqarolarini uzoq davom etuvchi urushga tayyorlanish kerakligi haqida ogohlantirgan. Armiyaga rekord miqdordagi zaxira kuchlar safarbar etilgan, hatto chaqiruv qog‘ozi bormaganlar ham harbiy komissariatlarda hozir bo‘lishgan. Qurolli kuchlar safiga jami 360 ming kishi kelib qo‘shilgan.
Ammo masala shundaki, xalqaro hamjamiyatning bir qismi yanada balandroq ovozda o‘t ochishni to‘xtatishni talab qilayotgan, qurbonlar soni ortib borayotgan, BMT ichimlik suvi, elektr energiyasi va yonilg‘i yetkazib berish to‘xtatilgani tufayli gumanitar falokat chuqurlashayotgani haqida tinmasdan bong urayotgan sharoitda Isroil bu harbiy kampaniyani qanchalik uzoq vaqt davom ettira oladi?
«Hukumat va harbiylar xalqaro hamjamiyat, hech bo‘lmaganda G‘arb yetakchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini his etmoqda. Shuning uchun g‘oya shunday: kelinglar, vaqtimiz borligida safarbarlik qilaylik», — degan Isroildagi xavfsizlik va razvedka sohasidagi yetakchi jurnalistlardan biri Yossi Melman.
Ammo u Isroilning ittifoqchilari ertami kechmi vaziyatga aralashishi, ayniqsa ochlikdan halok bo‘layotgan falastinliklarning fotosuratlaridan keyin bu aniq ro‘y berishini taxmin qiladi. Tinch aholi orasida qurbonlar soni ortishi tufayli ham o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha chaqiriqlar balandroq yangrashi tayin.
«Bu juda qiyin, chunki [oldinga qo‘yilgan maqsadlarga erishish uchun] vaqt kerak, AQSH ma’muriyati esa bizga G‘azo sektorida bir yoki ikki yil qolishga qo‘ymaydi», — deydi Maykl Milshteyn.
Garovdagilarni qutqarish
Garovdagilarning ko‘pchiligi isroilliklar hisoblanadi. Ammo ular orasida xorijliklar va ikki davlat fuqaroligiga ega bo‘lganlar ham talaygina. Bu shuni anglatadiki, boshqa mamlakatlar, jumladan, AQSH, Fransiya va Buyuk Britaniya amaliyot garovdagilarni xavfsiz ozod etishga imkon beradigan tarzda kechishi ta’minlanishidan manfaatdor.
Harbiy strategiya bo‘yicha fransiyalik mutaxassis, polkovnik Mishel Goyyaning aytishicha, SAHALning qarshisida mutlaqo aniq tanlov turibdi: yoki garovdagilarning hayotini saqlab qolish yoki HAMASga imkon qadar jiddiyroq zarar yetkazish.
HAMAS asirligidagi yaqinlarini har qanday shart bilan bo‘lsa ham ozod etishni talab qilayotgan isroilliklarning chaqiriqlari ham hukumatga bosimni kuchaytirmoqda.
2011 yilda Isroil HAMASning qamoqxonalardagi 1000 dan ortiq a’zosini besh yildan ortiq vaqt davomida asirlikda bo‘lgan birgina askar Gilad Shalitga almashgandi.
Ammo bugungi kunda Isroil mahbuslarni yana yoppasiga ozodlikka chiqarib yuborishga rozi bo‘lishdan oldin ikki marta o‘ylaydi, chunki o‘sha almashuv doirasida ozod bo‘lganlardan biri Yahyo Sinvar hozirda HAMASning G‘azo sektoridagi siyosiy rahbari hisoblanadi.
Qo‘shnilar vaziyatni diqqat bilan kuzatib turibdi
Quruqlik amaliyoti davom etishi va natijasiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan yana bir omil — Isroilning qo‘shnilarining reaksiyasidir.
Hozirda asosiy diqqat markazida Misr va G‘azo sektori chegarasidagi Rafah o‘tkazish punkti bo‘lib turibdi. Bu yerdan deyarli har kuni cheklangan miqdorda insonparvarlik yordami olib o‘tilmoqda. Nazorat-o‘tkazish punktining ikkinchi tomonida esa G‘azo sektorida qolib ketgan xorijliklar hamda xorijiy mamlakat fuqaroligiga ega bo‘lgan falastinliklar u yerdan chiqish uchun navbat kutmoqda.
«Isroilning harbiy kampaniyasi chog‘ida G‘azo aholisi qanchalik ko‘p jabr ko‘rsa, Misr falastinliklardan yuz o‘girmasligi uchun sabab shuncha ortadi», — deydi Isroil Milliy xavfsizlikni o‘rganish instituti xodimi Ofir Vinter.
Ammo Qohira G‘azo aholisini yoppasiga Shimoliy Sinayga qabul qila olmaydi. Misr prezidenti Abdul Fattoh Sisiy G‘azo aholisini Sinayga ko‘chirib keltirishga bo‘lgan har qanday urinish millionlab misrliklar norozilik bildirib ko‘chalarga chiqishiga olib kelishini aytgan.
Iordaniya qiroli Abdulloh II ham G‘azodan ko‘p sonli qochqinlarni qabul qilishni istamaydi. «Iordaniyaga ham, Misrga ham hech qanday qochqinlar bo‘lmasligi kerak», — degan u.
Isroilning shimolda Livan bilan chegarasidagi vaziyat ham ogohlikni talab etadi.
Bu hududda so‘nggi oy davomida «Hizbulloh» a’zolari bilan otishmalar bo‘lib turibdi. To‘g‘ri, chegara hududlar aholisi evakuatsiya qilingan bo‘lsa ham, ish hozircha ikkinchi frontni ochishgacha borgani yo‘q.
Shu bilan birga, «Hizbulloh»ning homiysi bo‘lmish Eron Isroilga qarshi yangi front ochilishi haqida ochiqchasiga tahdid qilmoqda. AQSH prezidenti Jo Bayden bunday tahdidlarga shu tariqa javob qaytargan: «Har qanday davlatga, har qanday tashkilotga, bu vaziyatdan foydalanib qolishni o‘ylayotgan har bir kishiga faqat shuni aytishim mumkin: keragi yo‘q!»
Ushbu so‘zlarni dastaklash uchun AQSH O‘rta Yer dengizining sharqiy qismiga USS Gerald Ford va USS Eisenhower nomlaridagi ikki aviatashuvchisini yubordi hamda 2000 askarini jangovar shay holatga keltirdi.
Isroilning G‘azodagi yakuniy maqsadi nima o‘zi?
Agar maqsad — HAMASni jiddiy darajada kuchsizlantirish bo‘lsa, uning o‘rniga kim kelishi kerakligi borasida savol tug‘iladi.
2005 yilda Isroil armiyasini G‘azo sektoridan olib chiqqan, shuningdek bu yerga kelib joylashgan minglab yahudiylarni evakuatsiya qilgandi va endi bu hududni qayta egallab olmoqchi emas. AQSH prezidenti Jo Bayden ham sektorni okkupatsiya qilish katta xato bo‘lishini aytgan.
Ammo hokimiyat yo‘qligi jiddiy xavflarni keltirib chiqarishi mumkin. Maykl Milshteyn Isroil bir muammoni hal qilish bilan bir qatorda o‘nlab yangilarini tug‘dirishi mumkinligini aytadi.
Ofir Vinter esa HAMASning zaiflashishi G‘azoga Falastin muxtoriyatidagi FATH harakati qaytishi boshlanishiga yo‘l ochishini taxmin qiladi, ularni HAMAS 2007 yilda sektordan quvib chiqargandi.
Ayni vaqtda Falastin muxtoriyati G‘arbiy sohilni qisman nazorat qiladi, ammo uning pozitsiyalari shu yerda ham zaif va G‘azoga qaytish unga yanada qiyinroq bo‘lishi mumkin.
Xalqaro hamjamiyat qandaydir vaqtincha yechim taklif etishi mumkin — masalan, Kosovoda bo‘lgani kabi, o‘shanda, 1999 yilda Serbiya armiyasi chiqarilgach hudud BMT tinchlikparvar kuchlari tomonidan boshqarilgandi. Ammo Isroildagilar BMTga ishonmaydi.
Milshteynning fikricha, yana bir variant Misr, AQSH, Falastin muxtoriyati hamda arab mamlakatlari ishtirokida mahalliy merlar, guruhlar yetakchilari va nodavlat tashkilotlar rahbarlaridan iborat G‘azo ma’muriyatini tashkil etish bo‘lishi mumkin.
Misr prezidenti hamon G‘azoni o‘z nazoratiga olish istagini bildirmagan, ammo o‘z vaqtida tinchlik muzokaralari bilan Falastin davlatini qurolsizlantirish amalga oshirilganida hozir urushlar bo‘lmasdi, deb aytgan.
Bu urushdan keyin, avvalgilaridan keyin bo‘lgani kabi, G‘azoning yakson etilgan infratuzilmasini tiklashga to‘g‘ri keladi.
Isroil katta ehtimol bilan G‘azoga ikki maqsadda ishlatish mumkin bo‘lgan mahsulotlar kirishi nazoratini yanada kuchaytiradi. Bundan tashqari, G‘azo sektorini Isroildan ajratib turuvchi devor bo‘ylab xavfsizlik zonasini kengaytirish borasida chaqiriqlar ham yangramoqda.
Bu urush yakuni qanday bo‘lishidan qat’i nazar, Isroil har qanday holatda ham HAMASning 7 oktyabr kuni uyushtirgan hujumi kabi holatlar boshqa hech qachon takrorlanmasligini ta’minlashga harakat qiladi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring