Noyabr oyi avvalida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ldi. Tashrif davomida ikki davlat strategik sherik bo‘lishga kelishib oldi va bu Toshkent hamda Parij munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilishidan darak beradi. “Geosiyosat”ning ushbu sonida mazkur tashrif va uning ahamiyati haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi SMTI bosh ilmiy xodimi Shahnoza Qodirova bilan suhbatlashamiz.
— Bugungi kunda Markaziy Osiyo va Yevropa munosabatlari qanday?
— Markaziy Osiyo va Yevropa munosabatlari o‘zaro ishonch va do‘stlik ustida qurilgan va yildan yilga rivojlanib boryapti. Diplomatik aloqalar o‘rnatilganidan buyon to‘xtovsiz o‘sib kelyapti. Markaziy Osiyo Yevropa uchun strategik ahamiyatga ega hisoblanadi.
YEI tomonidan 2007 yilda Markaziy Osiyo strategiyasi ishlab chiqilgan, 2019 yilda bu strategiya yangilandi, uning qamrovi, ahamiyati oshdi. Aynan strategiya qabul qilingach munosabatlar yanada yaqinlashdi.
Markaziy Osiyo uchun ham YEI muhim sanaladi. Chunki katta iqtisodiy, sanoat, ilg‘or texnologiyalar kuchiga ega. Ularning bu yo‘nalishlardagi tajribasi va salohiyati bizning mintaqa davlatlari uchun muhim sanaladi. Turli dasturlar, almashinuvlar yildan yilga ko‘payib boryapti.
Ikki mintaqa o‘rtasidagi hamkorlik sog‘lom investitsion muhit, raqobatbardosh xususiy sektor, innovatsiyalar kabi ustuvor yo‘nalishlarga ega. Bundan tashqari, savdo, transport sohalarini deversifikatsiya qilish maqsadi ham bor, ya’ni sohada hamkorlikni kengaytirish, faqat bir davlatga bog‘liq bo‘lib qolmaslik.
2017-2022 yillarda YEI va Markaziy Osiyo tovar ayirboshlashi 61 foizga oshib, 47,5 mlrd dollarni tashkil etdi. O‘zbekiston bilan ham 5 yil davomida 1,5 mlrdga oshdi. Ayniqsa, 2021 yilda O‘zbekiston YEI bosh preferensiyalar tizimiga o‘tishi bilan savdo-iqtisodiy aloqalar kuchaydi. Eksportlarimiz keskin oshdi. 2023 yilning o‘tgan 9 oyida Fransiyaga eksport hajmi 300 mln yevrodan oshdi.
— O‘zbekiston va Fransiya aloqalariga to‘xtalsak. Bu ikki davlatning o‘zaro manfaatlari nimalardan iborat?
— Emmanuel Makron tashrifi ikki davlat hamkorligining o‘sib borayotganini ko‘rsatadi. Oxirgi marta 1994 yilda Fransiya prezidenti Fransua Mitteran O‘zbekistonga tashrif buyurgan edi, shuning uchun ham bu tashrifning ahamiyati katta. Lekin shu paytgacha ham turli soha va doiralarda ikki davlat munosabatlari rivojlanib kelayotgan edi. Yuqori darajali uchrashuvlar yanada rivojlanish uchun turtki bo‘ldi.
YEIda Fransiya ishlab chiqarish va iqtisodiy o‘sish bo‘yicha 2-o‘rinda turadi. Fransiyaning iqtisodiyotdagi yutuqlari, tajribasi muhim biz uchun. O‘zbekistonning qulay geografik joylashgani, strategik ahamiyati kattaligi, foydali qazilmalari va ishchi kuchi salohiyati ko‘pligi uchun Fransiya ham katta qiziqish bildiryapti. Ikki tomon bir-biriga nima kerakligini yaxshi biladi va rivojlanish yo‘lidan boryapti.
Kechagi uchrashuvda hamkorlik strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilishi belgilab olindi. Chunki hamkorlikning ko‘lami keng va sur’ati tez. Strategik sheriklik darajasiga olib chiqish munosabatlarning navbatdagi bosqichi deyish mumkin. G‘arbiy Yevropa davlatlari ichida faqat Italiya bilan strategik hamkorlik shartnomamiz bor.
— Ikki davlat rahbarlari uchrashuvida 10 ga yaqin hujjat imzolandi. Asosan qaysi sohalarda hamkorlikka kelishildi? Natijalar qanday bo‘ldi?
— Hamkorlik yangi yo‘nalishlarni ham qamrab olyapti endi. Xususan, yashil iqtisodiyot, energetika, infratuzilmalarni rivojlantirish, aqlli qishloq, suvdan foydalanish, xomashyo qazib olish, tog‘-kon sanoati. Bu sohalarda Fransiya tajribasidan foydalanish mumkin bo‘ladi. Shu paytgacha bu sohalarda Fransiya biznes doirasining ulushi kam edi, endi ko‘lam kengayadi.
Davlat rahbarlari uchrashuvidan keyin biznes forum ham bo‘lib o‘tdi. Fransiyaning yirik kompaniya, bank rahbarlari uchrashib, ikki tomon manfaatlari, ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilinib, kelishib olindi. Oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi masalalarida ham kelishuvlar bo‘ldi. Bu sohalarda Fransiya tajribasi mahim, chunki bu sohalarda Fransiya butun dunyoda yetakchilardan.
Keyingi sohalar energetika va tog‘-kon sanoati. Energetika sohasida Fransiya ulushi katta, ayniqsa AESlarda. Umuman, uchrashuv doirasida imzolangan hujjatlar shu paytgacha amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori darajaga olib chiqadi.
O‘zbekistonlik tadbirkorlar Fransiya bozoriga chiqyapti, eksport hajmi ham tez o‘sib boryapti. Fransiyalik biznes vakillarining ham O‘zbekistonga qiziqishi ortib bormoqda. O‘zbekistondagi yirik Fransiya kompaniyalari soni oxirgi 6 yilda 13 tadan 47 taga oshganini kuzatishimiz mumkin. Bunday kompaniyalar iqtisodiyotning ilg‘or sohalarida faoliyat olib boryapti. Bundan tashqari, Fransiya Taraqqiyot agentligi bilan ham ko‘pgina loyihalar amalga oshirilyapti. Agentlik va O‘zbekiston o‘rtasida 2023-2025 yilga mo‘ljallangan dastur ishlab chiqilgan bo‘lib, 1,7 mlrd dollarlik loyihalarni o‘z ichiga olgan.
Emmanuel Makron ta’kidlashicha, O‘zbekistonning Markaziy Osiyo bo‘yicha siyosati tinchlik va barqarorlikni ta’minlashdan tashqari yuqori iqtisodiy sur’atlarni ta’minlab bergan. Rasmiy Parij doim O‘zbekiston tarafida ekanini aytib o‘tdi. Bu e’tirof ham ichki va tashqi siyosatimiz dunyo miqyosida tan olinayotganiga yana bir isbot.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring