Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyev mamlakatdagi ko‘plab siyosiy arboblar uning o‘z vakolatlarini Qosim-Jo‘mart To‘qayevga o‘tkazish rejalariga keskin qarshi bo‘lganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shubhalar To‘qayevning zarur tajribasi yo‘qligi, shuningdek, hokimiyat uchun kurash bilan bog‘liq bo‘lgan.
«To‘qayev avvallari butun umri davomida diplomatiya sohasida ishlagan. Shuningdek, atigi 3 yil davomida Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari va bosh vaziri bo‘lgan. Shu sababli, odamlar uning prezident lavozimini «torta olmasligidan», mamlakat hayoti uchun mas’ul bo‘la olmasligidan cho‘chigan», deb yozdi Nursulton Nazarboyev o‘zining xotiralar kitobida.
Birinchi marta 1991 yilda prezidentlikka saylangan Nazarboyev bu lavozimda 25 yildan ortiq ishladi. U 2019 yil 19 martda iste’foga chiqdi. O‘sha paytda Senat raisi lavozimini egallab turgan Qosim-Jo‘mart To‘qayev prezident vazifasini bajaruvchi bo‘ldi. Shu yilning iyun oyida u muddatidan oldin prezidentlik saylovida g‘alaba qozondi.
Nursulton Nazarboyevning so‘zlariga ko‘ra, To‘qayevning voris sifatida ko‘rsatilishiga qarshi bo‘lganlar «prezident kursisini egallashni orzu qilgan».
«Avvaliga ular mening tanlovimga e’tiroz bildira olmadi. Keyin ular saylovda xalqning xohish-irodasiga rozi emasligini bildira olmadi», deyiladi kitobda.
Nazarboyevning fikricha, 2022 yil yanvaridagi norozilik namoyishlariga uning hukmron «Nur Otan» (hozir «Amanat») partiyasi rahbarligini Qosim-Jo‘mart To‘qayevga topshirish haqidagi qarori sabab bo‘lgan. Aynan shundan so‘ng muxolifat kuchaygan.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilgi yanvar voqealaridan keyin Nursulton Nazarboyev «Elboshi» va faxriy senator maqomidan hamda mamlakatning birinchi prezidenti sifatidagi bir qator imtiyozlardan mahrum etilgan edi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring