13:12 / 16.11.2024
12

1 dona Bitcoin 1 kilo oltindan qimmat. Narxlar nega keskin oshdi?

1 dona Bitcoin 1 kilo oltindan qimmat. Narxlar nega keskin oshdi?
Joriy yil boshidan beri Bitcoin narxi ikki barobardan ko‘proqqa qimmatlashdi. BTC kumushni ortda, qoldirib dunyodagi eng yirik sakkizinchi aktivga ham aylanib oldi. Ilk marta birjaga chiqarilgan paytda 5 sentga baholangan mazkur kriptovalyuta narxining keskin oshishiga nimalar ta’sir qilyapti?

13 noyabr kungi savdolarda Bitcoin narxi tarixda birinchi marta 90 ming dollardan oshdi. Ayni paytda birjada 1 BTC 89 ming 330 dollarga baholanyapti. Bu 1 kilo oltin narxidan (82 ming 624 dollar) ham qimmat.

Yil boshidan beri Bitcoin bahosi 2 barobardan ko‘proqqa o‘sdi. Natijada BTC kumushni ortda qoldirib dunyodagi eng yirik sakkizinchi aktivga aylanib oldi. Xo‘sh, nima uchun mazkur kriptovalyuta keskin qimmatlashyapti?

Birinchidan, oxirgi kunlardagi narxlarning keskin oshishi Donald Trampning prezidentlik saylovidagi g‘alabasi fonida yuz berdi. U hukumat tepasiga kelganidan keyin “raqamli oltin” narxi 30 foizdan ziyodga oshgan. Bunga Tramp o‘zining saylovoldi nutqida kriptobiznesni qo‘llab-quvvatlagani sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Masalan, may oyida Tramp jamoasi rasman kriptovalyuta orqali saylovoldi kampaniyasi uchun xayriyalarni qabul qila boshladi.

Bitcoin ham Trampning reklama kampaniyasining bir qismiga aylandi. Sentyabr oyida siyosatchi Nyu Yorkdagi barda tarafdorlariga Bitcoin'da burgerlar sotib oldi. U Nyu York dunyoning “kripto poytaxti”ga aylanishi kerakligini bir necha bor ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, kriptovalyuta bozorini yanada yumshoqroq tartibga solishga va’da berdi, bu kompaniyalar va investorlar uchun muhim afzalliklarni taqdim etishi mumkin. Ushbu bayonotlar kripto bozorida ijobiy muhit yaratyapti.

Ikkinchidan, jahon iqtisodiyotidagi beqarorlik va inflyatsiya sababli ko‘plab investorlar Bitcoin'ni ham oltin kabi an’anaviy aktivlarga muqobil kapitalni himoya qilish vositasi sifatida ko‘rishni boshlashdi. Ayniqsa, Trampning g‘alabasi moliya bozorlarida noaniqlik yuzaga keltirdi. Uning iqtisodiy siyosati, xususan soliqni pasaytirish va davlat xarajatlarini ko‘paytirish rejasi, davlat qarzini oshirishi mumkin. Bu esa inflyatsiyaga olib kelishi prognoz qilinyapti va Bitcoin inflyatsiyaga qarshi himoya vositasi sifatida qaralyapti.

Uchinchidan, AQSH Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasi (SEC) tomonidan Bitcoin ETF'larining tasdiqlanishi institutsional investitsiyalar oqimini oshirdi. Natijada yirik fondlar va kompaniyalar kriptovalyuta bozoriga faol kirishdi, bu esa kursni mustahkamlashga yordam berdi. Bundan tashqari, 2024 yilda Bitcoin Halving jarayoni amalga oshdi va maynerlarga beriladigan rag‘bat miqdori ikki barobar – 6,25 BTC'dan 3,125 BTC'ga tushirildi. Taklifning kamayishi va talabning saqlanishi yoki ortishi bilan narx yuqori darajada saqlanib qolyapti.

Ma’lumot uchun, boshqa aktivlardan farqli ravishda Bitcoin soni cheklangan – 21 mln dona. Har 4 yilda blokni qazib olganlik uchun rag‘bat miqdori ikki barobar kamayib boradi. Shu jihatdan kriptovalyutani qazib olish vaqt o‘tgan sari murakkablashib boraveradi. Masalan, 2012 yilda bitta blokni qazib olgan mayner 50 ta Bitcoin olgan bo‘lsa, hozirda 3,12 ta Bitcoin olishi mumkin xolos.

Kriptovalyuta va odatiy valyuta o‘rtasidagi farq nimada?

Valyutaning eng muhim jihatlaridan biri — unda emissiya qiluvchi (pul chiqaruvchi) muassasa mavjud va tegishli qonunga muvofiq to‘lovlarning belgilangan hududlarda o‘z qiymatida qabul qilinishi qat’iy belgilanadi. Yarim asr oldin pullarning qiymati oltin bilan ta’minlangan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, ular mamlakatda yaratilgan mahsulot va xizmatlar umumiy yig‘indisi bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilgan. Biroq kriptovalyuta virtual pul bo‘lib, biz amalda foydalanayotgan pullardan farqli o‘laroq, jismoniy ifodaga ega emas. Ularning asosiy xususiyati markazlashmaganida. Bunda har bir ishtirokchi teng huquq va imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Shuning uchun banklar, soliq, sud va davlat organlari kriptoaktivlar foydalanuvchilarining tranzaksiyalariga ta’sir qila olmaydi. Kriptovalyuta hamyonlari va tranzaksiyalari bilan bog‘liq barcha ma’lumotlar blokcheynda saqlanadi.

Ilk kriptovalyutalardan biri hisoblangan Bitcoin jahon moliyaviy inqirozidan keyin vujudga kelgan. U 2009 yil 3 yanvarda o‘zini Satoshi Nakamoto deb nomlagan bir yoki bir necha shaxslar tomonidan yaratilgan.

Satoshi Nakamoto ismi ortida turgan kishi yoki bir guruh insonlarning kim ekanligini aniqlash uchun olib borilgan barcha harakatlar zoye ketgani bois, bugungi kunga Bitcoin'ning haqiqiy yaratuvchisi kim ekani noma’lum.

Bitcoin kriptovalyutasi bu – ishonchga emas, balki kriptografik kodlash tizimiga asoslangan, o‘zaro hech qanday vositachilarsiz (bank yoki boshqa moliyaviy instrumentlar) to‘lovlarning bevosita ishtirokchilar o‘rtasida amalga oshirilishini ta’minlovchi to‘lov tizimidir.

Bitcoin'ning o‘ziga xos jihatlari:
- markazlashmagan tizim – bunda har bir ishtirokchi teng huquq va imkoniyatlarga ega;
- hisob-kitoblarning to‘liq shaffofligi – har bir ishtirokchi barcha tranzaksiyani ko‘rishi mumkin;
- nazoratning yo‘qligi – hech bir davlat yoki tashkilot tizim ichidagi operatsiyalarni nazorat qila olmaydi;
- sirlilik – tizim ishtirokchilar haqidagi ma’lumotlar tasdiqlanishini so‘ramaydi;
- tangalarni emissiya qilish cheklangan – jami bo‘lib 21 000 000 BTC chiqariladi;
- balans ikkiyoqlama yozuv asosida bo‘lmaydi, balki barcha tranzaksiyalar xronologik tartibda barcha ishtirokchilarda ko‘rinadi;
- inflyatsiyaga uchramaydi, qiymati talab va taklifga qarab o‘zgaradi.

Bitcoin va shunga o‘xshash kriptovalyutalardan foydalanib pul yuvish, chet elga mablag‘larni noqonuniy olib chiqib ketish, jinoiy maqsadlar va noqonuniy tovarlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish, firibgarlik operatsiyalarini amalga oshirish mumkin. Moliyaviy regulyatorlar esa bu operatsiyalarni nazorat qila olmaydi. Mazkur omillar kriptovalyutalarga nisbatan salbiy munosabat paydo qiladi.

Ko‘pgina iqtisodchilar hali ham kriptovalyutalarni spekulyativ aktiv hamda moliyaviy pufak sifatida ko‘radi va tan olmaydi.

Bitcoin'ning bozor qiymati qanday shakllangan?

Bitcoin tarmog‘i ilk bor ishga tushirilganda rasmiy birjada sotilmas edi, shuning uchun uning bozor bahosi bo‘lmagan. 2010 yil may oyida Bitcoin ilk bor haqiqiy tovar sotib olishda ishlatildi. Dasturchi Laszlo Hanesz 10 000 BTC evaziga ikkita pitssa sotib oladi. O‘sha paytda 10 000 BTS 25 dollarga teng bo‘lgan, ya’ni 1 BTC taxminan 0,0025 dollar (yarim sentdan kam) qiymatga ega bo‘lgan.

2010 yilning iyul oyida Bitcoin ilk bor rasmiy birjada savdoga chiqdi. Narx taxminan 0,05 dollarni (besh sent) tashkil qilgan.

Doston Ahrorov tayyorladi.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » 1 dona Bitcoin 1 kilo oltindan qimmat. Narxlar nega keskin oshdi?