Rossiyaning Novosibirsk shahrida shifokorlar tibbiyot sohasida haqiqiy mo‘jiza yaratishdi - ular 14 yil davomida burunsiz yashagan qizga yangi burun tiklashdi. Bu haqda Novosibirsk viloyati sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.
Qizaloq tug‘ma nuqson - burun atreziyasi bilan tug‘ilgan. Bu holatda insonning burun yo‘llari va tashqi burni to‘liq shakllanmaydi. Natijada qiz bolalikdan nafas olishda qiyinchiliklarga duch kelgan va tashqi ko‘rinishi tufayli o‘ziga bo‘lgan ishonchi past bo‘lgan. Ammo shifokorlarning mehnati va sabr-toqati bilan uning hayoti butunlay o‘zgardi, deb xabar berdi Novosibmed.ru.
Bu uzoq va mashaqqatli yo‘l bo‘ldi - qayta tiklash jarayoni bir necha yil davom etdi. Ilk jarrohlik amaliyoti qizaloq hali kichikligida o‘tkazilgan. Har bir operatsiya bir necha soat davom etgan, chunki burun kabi nozik a’zoni shakllantirish juda murakkab jarayon hisoblanadi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, shifokorlar burunning ichki qismini tiklash uchun bemorning chakka qismidagi fassiyadan foydalangan. Shu asosda erkin teri bo‘lagi ko‘chirib o‘tkazilib, burun yo‘llari yaratilgan. Keyingi bosqichda tashqi burunni qayta tiklash boshlangan. Mustahkam tayanch hosil qilish uchun bemorning qovurg‘asidan pay olingan va u yangi burun shakli uchun asos sifatida ishlatilgan.
Uchinchi bosqichda esa shifokorlar quloq suprasidan olingan teri-tog‘ay parchasidan foydalanib, burunning tashqi qismini mukammal ko‘rinishda tiklagan.
"Endi qizcha nafaqat erkin nafas oladi, balki jamiyatda o‘ziga ishonch bilan yashay oladi. Uning yangi burni tabiiy ko‘rinishga ega bo‘ldi va u endi tashqi ko‘rinishi uchun uyalmaydi," - dedi jarroh Mixail Kolibelkin.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, bu holat rekonstruktiv jarrohlik nafaqat insonning tashqi qiyofasini, balki uning hayot sifatini ham tubdan yaxshilay olishini isbotlovchi yorqin misoldir.
Ta’kidlash joizki, so‘nggi paytlarda tibbiyot sohasida bunday yutuqlar tobora ko‘payib bormoqda. Yaqinda o‘zbekistonlik shifokorlar ham 7 yoshli qizchaning bosh miyasidagi xavfli o‘smani muvaffaqiyatli olib tashlagani haqida xabar berilgan edi. Garchi bolaning onasiga avvalroq "ularning umri ko‘pi bilan olti oy" deb aytilgan bo‘lsa-da, mahalliy mutaxassislar chaqaloqning hayotini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lishdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!