«Barselona» 31 yoshli yarim himoyachi Bernardu Silva bilan 2026-yil yozida shartnoma tuzish rejasini ishga tushirgani aytilmoqda. Caught Offside’ning xabaricha, kataloniyaliklar sport direktori Deku boshchilik qilayotgan guruh mavsum oxirida futbolchini erkin agent sifatida qo‘lga kiritish ssenariysi ustida ishlayapti. Manbaga ko‘ra, Deku allaqachon portugaliyalik yulduzning vakillari bilan aloqa o‘rnatgan.
Shu bilan birga, Saudiya Arabistoni klublari — «Al-Ahli», «Al-Qodisiya» va «An-Nasr» ham Bernardudan jiddiy manfaatdor. Demak, yozda xavfsiz «erkin transfer» uchun haqiqiy kurash kutilmoqda.
Bernardu Silva 2017-yildan buyon «Manchester Siti» sharafini himoya qilib kelmoqda. U klubning ko‘p qirrali «miyasi» sifatida hujum va yarim himoya chiziqlarida birdek samarali o‘ynaydi. Transfermarkt bahosida uning hozirgi qiymati 38 million yevro bo‘lib ko‘rsatilgan, ammo katta ehtimol bilan katalonlar uni kompensatsiyasiz — erkin agent maqomida olishni ko‘zlayapti.
«Barsa» uchun bu loyiha moliyaviy adolat qoidalari sharoitida jamoani kuchaytirishning eng maqbul usuli hisoblanadi. Saudiya variantlari esa katta maosh va uzoq muddatli bitimlar bilan qiziqtirishi mumkin. Qisqasi, yozgi transfer oynasida Bernardu atrofidagi intriga avj olishi tabiiy. Katalonlar esa Deku rejasi asosida bu «erkin» imkoniyatni g‘animat bilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!