Dunyo aholisining sakkizdan biri norasmiy uylarda yashaydi
BMT uysizlik muammosi butun sayyorani qamraganini bildirdi
BMTning so‘nggi hisobotida ma’lum qilinishicha, dunyo bo‘ylab 300 milliondan ziyod odamlar boshpanasiz, ya’ni doimiy turar joysiz hayot kechirmoqda. Shu bilan birga, sayyora aholisining har sakkizinchi qismi norasmiy aholi punktlarida yashashga majbur. Bu haqda tashkilot o‘z bayonotida ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, uy-joy muammosi faqat rivojlanayotgan yoki kambag‘al davlatlar bilan cheklanmaydi. Masalan, iqtisodiy jihatdan rivojlangan mamlakatlar — jumladan, Amerika Qo‘shma Shtatlarida ham minglab yoshlar uy sotib olish imkoniga ega emas. Ijara narxlarining oshib borishi va ish haqining barqaror o‘smasligi bu masalani yanada og‘irlashtirmoqda.
BMT har yili oktyabr oyining birinchi dushanbasini “Butunjahon Habitat kuni” sifatida nishonlaydi. Bu sana har bir insonning munosib turar joyda yashash huquqiga e’tibor qaratish hamda shaharlar va aholi punktlarini barqaror rivojlantirish zarurligini dunyo hamjamiyatiga eslatish maqsadini ko‘zlaydi.
2025 yilgi Habitat kuni “Inqiroz uchun shahar yechimlari” shiori ostida o‘tkaziladi. Tashkilot bu orqali majburiy ko‘chirilish, boshpana yetishmasligi va uysizlik muammolariga keng ko‘lamli yechimlar taklif qilishni maqsad qilgan.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish o‘z murojaatida quyidagilarni ta’kidladi:
“Bugungi kunda mojarolar, siyosiy beqarorlik va iqlim o‘zgarishi oqibatida 123 milliondan ziyod inson o‘z uylarini tashlab ketishga majbur bo‘ldi. Ular xavfsizlik va barqarorlik izlab, aholi zich joylashgan shaharlar yoki qishloqlarga yo‘l olmoqda”.
Guterrishning ta’kidlashicha, aynan shaharlar bu muammolarga samarali yechim taklif qilishga qodir. Infratuzilmani rivojlantirish, arzon uy-joy dasturlarini kengaytirish va ijtimoiy himoya mexanizmlarini kuchaytirish asosiy yo‘nalish bo‘lishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, BMTning avvalgi hisobotiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 733 million kishi ochlikdan aziyat chekmoqda. Shu bilan birga, har kuni bir milliarddan ortiq porsiya yaroqli oziq-ovqat tashlab yuboriladi. Bu miqdordagi ovqat ochlikdan qiynalayotgan har bir insonni kamida bir marta to‘yintirish uchun yetarli ekani qayd etilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!