17:37 / 09.01.2025
51

Kanada, Daniya va Panamadagilar Trampning hududiy da'volari boʻyicha qanday fikrda?

Kanada, Daniya va Panamadagilar Trampning hududiy da'volari boʻyicha qanday fikrda?
Ikki haftadan keyin yana AQSh prezidenti lavozimiga kirishadigan Donald Tramp soʻnggi kunlarda birdaniga bir necha davlatning erlariga koʻz olaytirdi: u Kanadaga AQShning 51-shtati boʻlishni taklif qildi, Daniyadan Grenlandiyani sotishni talab qildi (birinchi marta emas), Panama rasmiylari bilan esa Panama kanali taqdirini muhokama qilayotganini aytdi.

Uning ayrim da'volari birinchi marta yangrayotgani yoʻq — shunga qaramay, bu safar Trampning soʻzlariga ancha keskin ohanglarda reaktsiya bildirildi.

AQShning saylangan prezidenti Ukrainadagi urush mavzusida ham gapirdi va bu soʻzlar amaldagi prezident Jo Bayden hamda Evroittifoq rahbarlari aytayotgan gaplardan tubdan farq qiladi.

Kanada: «Imkoni yoʻq»

6 yanvar kuni, inauguratsiyasiga hali ikki hafta vaqt borligida, AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp oʻziga tegishli Truth Social ijtimoiy tarmogʻida, oʻzining fikricha, koʻplab kanadaliklar ularning mamlakati Amerikaning 51-shtati boʻlishini istashi haqida yozdi. «Qoʻshma Shtatlar endi Kanada barqaror turishi uchun kerak boʻlgan ulkan savdo defitsitlari va subsidiyalarga toqat qilmaydi. Jastin Tryudo buni angladi va iste'foga chiqdi», — deya yozgan u.

Trampning bu posti kanadaliklar bosh vaziri oʻz lavozimini tark etishini ma'lum qilishi ortidan paydo boʻldi.

Shundan keyin u Floridadagi matbuot anjumanida ham Kanada mavzusida gapirdi.

«Kanada va AQSh — haqiqatan ham bundan nimadir chiqardi. Siz bu sun'iy chizilgan chegaradan xalos boʻlasiz va bu qanday koʻrinishini kuzatasiz. Bu milliy xavfsizlik uchun ham ancha yaxshi boʻlardi. Unutmang, biz amalda Kanadani himoya qilamiz. Lekin muammo mana shunda. U erda doʻstlarim juda koʻp, Kanada xalqini yaxshi koʻraman, ular ajoyib odamlar. Lekin biz ularni himoya qilish uchun yiliga yuzlab milliardlab mablagʻ sarflaymiz. Biz Kanadaga gʻamxoʻrlik qilish uchun yiliga yuzlab milliard sarflaymiz. Savdo defitsiti tufayli biz yoʻqotyapmiz… Ular [AQSh] shtatiga aylanishi kerak».

Tramp Kanadaga qarshi harbiy kuch ishlatishga tayyormi, degan savolga shunday javob berdi: «Yoʻq, iqtisodiy kuch».

Tramp Kanadadan kiradigan mahsulotlar uchun 25 foizlik tariflar joriy qilmoqchiligi va davlat rahbari lavozimiga kirishgan ilk kunidayoq shunday farmonini imzolashini bildirgan.

8 yanvar kuni Tramp oʻzining Truth Social ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasida Kanada AQSh tarkibida aks ettirilgan ikkita xaritani e'lon qildi.

Hozircha Kanada bosh vaziri boʻlib turgan Tryudo Kanada AQShning bir qismiga aylanishi imkoniyati «doʻzaxda qor yogʻishi» imkoniyati bilan tengligi (originali: not a snowball's chance in hell)ni aytib, ikki mamlakat avvaldan savdo hamda oʻzaro xavfsizlikni ta'minlash sohasida eng katta hamkorlar hisoblanishini qoʻshimcha qilgan.

Kanada TIV rahbari Melani Joli X ijtimoiy tarmogʻida Tramp «Kanadani nima kuchli davlat qilishi haqida tushunchaga ega emasligi»ni namoyish etgani haqida yozdi.

«Bizning iqtisodiyotimiz kuchli. Odamlarimiz kuchli. Biz hech qachon tahdid qarshisida chekinmaymiz», — degan u.

Tryudoning posti ostida eng keskin javobni Trampning yaqin ittifoqchisi, uning yangi ma'muriyatida hukumat samaradorligi departamenti rahbari lavozimini egallaydigan Ilon Mask qoldirgan. «Qizcha, sen endi Kanada gubernatori emassan, shuning uchun nima deyishingning ahamiyati yoʻq», — deya yozgan u. Avvalroq Tramp ham Tryudoni Kanada «gubernatori» deb atagandi, bu lavozim AQShda shtat rahbarini ifodalash uchun qoʻllanadi.

Daniya: Grenlandiya «sotilmaydi»

Trampning yana bir hududiy da'vosi — dunyodagi eng yirik orol Grenlandiya Daniya tarkibidagi avtonomiya hisoblanadi. Rojdestvo arafasida Tramp Grenlandiya ustidan egalik qilish — AQSh uchun «mutlaq zarurat»ligini aytgandi.

«Grenlandiya — bizniki. Biz sotilmaganmiz va hech qachon sotilmaymiz. Biz ozodlik uchun uzoq davom etgan kurashimizni boy bermasligimiz lozim», — deya unga javob qaytargandi Grenlandiya bosh vaziri Mute Egede.

Grenlandiya avtonomiyasini oʻz tarkibiga oluvchi Daniya Trampning bayonotidan keyin orol mudofaasi xarajatlarini sezilarli darajada oshirgandi.

Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen 8 yanvar kuni AQSh Daniyaning avtonom hududi boʻlgan Grenlandiya ustidan nazorat oʻrnatish uchun harbiy yoki iqtisodiy kuch ishlatishi mumkinligiga shubha bildirdi.

«Biz shu darajagacha etib boramiz, deb oʻylash mening tasavvurimga sigʻmaydi», — dedi u Daniyaning TV 2 telekanaliga bergan intervsida.

Daniya hukumati rahbari AQSh bilan savdo urushini xohlamasligini ta'kidladi. «Menimcha, biz bir-birimiz bilan muloqot qilishda davom etishimiz va buni toʻgʻri bajarishimiz kerak», — dedi u.

AQShning Grenlandiyaga qiziqishi ortib borayotgani yaxshi, lekin bu orol aholisini hurmat qilish bilan amalga oshirilishi kerak, deya qoʻshimcha qilgan u.

Daniya qiroli Frederik oʻzining yangi yil tabrigida Daniya qirolligi «Grenlandiyagacha» birlashgan ekanini aytgan va shunday qoʻshimcha qilgandi: «Biz birga boʻlishimiz taqdirga yozilgan».

Bundan tashqari, 6 yanvar kuni u qirollik gerbini Grenlandiya va Farer orollarining geraldik ramzlari — ayiq va qoʻchqorni — yirikroq va koʻrinarli qilib oʻzgartirishga buyruq berdi.

Trampning bayonoti fonida uning oʻgʻli, kichik Donald Tramp Grenlandiyaga tashrif buyurdi. 7 yanvar kuni u otasining shaxsiy samolyotida Grenlandiya poytaxti Nuuk shahriga uchib keldi. Kichik Tramp uning safari shaxsiy xarakterda ekani va avtonomiya rasmiylari bilan uchrashmoqchi emasligini aytdi.

Ammo shu kuni uning otasi AQSh Grenlandiya va Panama kanali ustidan nazoratni qoʻlga kiritishi istagini yana bir bor bayon qilib, bunda harbiy yoʻldan foydalanishi mumkinligini ham istisno etmadi.

«Men faqat bir gap aytishim mumkin: bizga ular iqtisodiy xavfsizlik uchun kerak, — dedi katta Tramp Floridadagi Mar-a-Lago qarorgohida oʻtkazilgan matbuot anjumanida. — Men [harbiy yoki iqtisodiy harakatlar qilmaslik] majburiyatini zimmamga ololmayman. Nimadir qilishga toʻgʻri kelib qolishi ham mumkin».

Trampning yangi tahdidlariga Daniyadan tashqaridagi siyosatchilar ham munosabat bildirmoqda. Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro AQSh Grenlandiyaga bostirib kirishiga ishonmasligi, ammo Evroittifoqdagilardan hech kim oʻzini bu taxlit qoʻrqitishga yoʻl qoʻymasligini aytdi.

«Evropa ittifoqi oʻz suveren chegaralariga kimdir hujum qilishiga yoʻl qoʻymasligi aniq — buni qaysi davlat qilmoqchi ekanidan qat'i nazar, — degan Barro frantsuzlarning Inter radiosi efirida. — Bu mutlaqo ayon va zarracha shubha tugʻilmasligi lozim».

«Agar savolni boshqacha qoʻyadigan boʻlsak — aytaylik, „Biz faqat eng kuchli va moslashuvchanlar omon qolishi mumkin boʻlgan davrga qaytdikmi?“ — u holda men shunday deyman: „Ha, qaytdik“».

Evroittifoq tashqi diplomatiya boshqarmasi vakili Anita Hipper Bryusseldagi brifingda jurnalistning Tramp haqidagi savoliga javoban Evroittifoq mamlakatlari suverenitetini hurmat qilish muhimligini ta'kidladi.

«Bu diplomatik qadriyatlardan biri va biz oʻz faoliyatimizda doimo tayanadigan asosiy tamoyil», — deya eslatib oʻtgan Hipper.

Bu Tramp Grenlandiyaga ega chiqish niyati haqida ilk bor gapirishi emas. Bunga qadar u 2019 yilda ham orolni sotib olish taklifi bilan chiqqandi. Grenlandiyaning oʻsha vaqtdagi bosh vaziri Kim Kilsen ham Grenlandiya «sotilmasligi»ni aytgan, Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen Trampning taklifini «absurd» deb atagandi. Bunga javoban AQSh prezidenti uni «razil» deb atagan va Kopenhagenga tashrifini bekor qilgandi.

Grenlandiya Shimoliy Amerikadan Evropaga eng yaqin yoʻlda joylashgan, bu uni AQSh uchun strategik ahamiyatli qiladi. Shuningdek, bu erda neft va boshqa foydali qazilmalarning yirik zaxiralari hamda Amerikaning «Paytufik» nomli yirik kosmik markazi joylashgan.

Qoʻshma Shtatlar Grenlandiyani sotib olishi boʻyicha taklif ham yangilik emas. Bu gʻoya birinchi boʻlim mamlakatning 17-prezidenti Endryu Jonson tomonidan 1860-yillarda bildirilgandi.

Panama: «Kanalning har bir metri Panamaga tegishli»

Trampning uchinchi hududiy da'vosi — dunyodagi eng muhim suv arteriyalaridan biri, Tinch okeanidagi Panama boʻgʻozini Atlantika okeanidagi Karib dengizi bilan bogʻlovchi Panama kanali ustidan nazorat oʻrnatish bilan bogʻliqdir. 1999 yilga qadar uni AQSh nazorat qilgan, ammo hozirda Panama davlatiga tegishli hisoblanadi.

21 dekabr kuni Tramp Panamani kanaldan foydalanganlik uchun «bema'ni» darajada yuqori tariflar joriy etishda aybladi va uni AQSh nazoratiga qaytarish bilan tahdid qildi. Uning soʻzlariga koʻra, kanal Amerika iqtisodiyoti va milliy xavfsizligi uchun oʻta muhim rol oʻynaydi va u «notoʻgʻri qoʻllarga tushib qolmasligi kerak». Keyinroq Tramp bunda Xitoyni nazarda tutganini bildirdi.

Bunga javoban Panama prezidenti Xose Raul Mulino «Panama kanalining har bir kvadrat metri Panamaga tegishli ekani va bundan keyin ham shunday boʻlib qolajagi»ni bildirdi. U kanal bevosita ham, bilvosita ham Xitoy tomonidan nazorat qilinmasligini aytib, Panama va AQShning yangi ma'muriyati oʻrtasida yaxshi va oʻzaro hurmatga asoslangan munosabatlar boʻlishiga umid bildirdi.

Tramp esa bu bilan toʻxtamadi: koʻp oʻtmay u ijtimoiy tarmoqqa AQShning sun'iy intellekt orqali chizilgan bayrogʻi suratini joylab, quyidagi yozuvni ilova qildi: «Xush kelibsiz Qoʻshma Shtatlar kanaliga».

7 yanvar kuni esa Tramp goʻyoki kanal taqdirini Panama rasmiylari bilan muhokama qilayotganini aytdi. Mamlakat tashqi ishlar vazirligi bunga javoban Panama hukumati AQShning yangi ma'muriyati bilan hech qanday aloqada emasligini bildirdi. Respublika tashqi ishlar vaziri Xaviyer Martines-Acha Vaskes kanal suvereniteti muhokama qilinmasligi va «mamlakat kurashi tarixining bir qismi» ekanini ta'kidladi.

Tramp Floridadagi matbuot anjumanida Panama haqida ham toʻxtaldi.

«Panama kanali — sharmandalik. Panama kanaliga nima boʻldi? [AQSh sobiq prezidenti] Jimmi Karter uni ularga 1 dollarga berdi. Dahshatli qaror. Bu mamlakatimiz tarixida qurilgan eng qimmatbaho inshoot edi… Biz uni 1 dollarga berdik, lekin bitim shundan iborat ediki, ular biz bilan adolatli munosabatda boʻlishi kerak edi. Ular biz bilan adolatsiz munosabatda boʻlishmoqda. Ular boshqa mamlakatlarning kemalariga qaraganda bizning kemalarimizdan koʻproq haq oladi. Ular bizni ahmoq deb hisoblashgani uchun ustimizdan kulishyapti, lekin biz ortiq ahmoq emasmiz.

Panama kanali mamlakatimiz uchun juda muhimdir. Uni Xitoy boshqaradi. Xitoy. Biz Panama kanalini Xitoyga bermadik, balki Panamaga berdik. Va ular buni suiiste'mol qildi. Ular bu sovgʻani suiiste'mol qildi. Darvoqe, uni sovgʻa qilish umuman yaramaydi. Mening fikrimcha, Panama kanalini berishgani uchun Jimmi Karter saylovda yutqazgan
».

Tramp: Ukraina NATOga qoʻshilmasligi «toshga oʻyilgandi»

AQShning hududiy da'volaridan tashqari, Tramp Ukrainadagi urush mavzusida ham gapirgan. U Rossiyaning Ukraina NATOga qoʻshilishi borasidagi tuygʻularini tushunishini aytdi.

«Koʻp yillar oldin Rossiya, Putindan ancha oldin, NATO hech qachon Ukraina ishlariga aralasholmaydi, deb aytgan edi. Ular buni aytishgan. Bu xuddi toshga oʻyib yozilgandek edi. Qaysidir pallada Bayden Kiyev blokka qoʻshilish imkoniyatiga ega boʻlishi kerakligini aytdi. [NATOdan] kimdir Rossiyaning ostonasida turarkan, men ularning bu boʻyicha his-tuygʻularini tushuna olaman», — dedi Tramp. Uning fikricha, agar u prezident boʻlganida, urush ham boshlanmasdi.

U inauguratsiyadan keyin Vladimir Putin bilan uchrashish niyatida ekani va sulhga yarim yilda yoki undan ham kamroq vaqt ichida erishish mumkinligini aytdi. Urushning 24 soat ichida yakunlash toʻgʻrisidagi va'dasini esa yodga olmadi.

Ukraina rasmiy shaxslari hozircha bu bayonotga munosabat bildirmadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo