AQShda o'g'irlangan Mac mini sotuvga qo'yilgach egasi tomonidan topildi

AQShda "Mac mini" kompyuterining o'g'irlanishi bilan bog'liq voqea kutilmagan yakun topdi. Qurilma egasi o'g'rini onlayn savdo maydonchasida aniqlashga muvaffaq bo'ldi. Reddit foydalanuvchisi Vanifest0 laqabi bilan ma'lum qilishicha, u kompyuterni mart oyi o'rtalarida buyurtma qilgan, biroq taqchillik sababli to'rt hafta kutishiga to'g'ri kelgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Muammo yetkazib berish vaqtida yuzaga keldi: "FedEx" kuryeri qutini eshik oldida qoldirmasdan, binoning umumiy foydalanish joyiga qo'ygan va u yerdan qurilma o'g'irlab ketilgan. Jabrlanuvchi bu haqda rahbariga xabar berganida, u o'g'irlangan buyumlar ko'pincha "Facebook Marketplace" platformasida paydo bo'lishini aytib, u yerni tekshirishni maslahat bergan.
E'londagi suratlarda egasi ikkita muhim detalni payqab qoldi: qurilmaning seriya raqami va avtomobilning davlat raqami. Seriya raqami chekdagi ma'lumotlar bilan mos kelgan, suratdagi mashina esa turar joy binosi turargohida turgan avtomobil bo'lib chiqqan. Bu o'g'ri aynan shu binoda yashashini tasdiqladi.
Shundan so'ng, jabrlanuvchi politsiyaga va uy boshqaruv kompaniyasiga ariza bilan murojaat qildi. "Apple" kompaniyasi vaziyatni o'rganib, yangi qurilma yetkazib berishga rozi bo'ldi, biroq taqchillik tufayli foydalanuvchi iyun oyigacha kutishiga to'g'ri keladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!