21:05 / 14.02.2025
120

AQSh tashqi siyosati butunlay demontaj qilinadimi?

AQSh tashqi siyosati butunlay demontaj qilinadimi?
Trampning qarashlari va uslublari Amerikaning an'anaviy siyosiy elitasinikidan farq qiladi, u moddiy manfaatlarni ustun qoʻyib, xalqaro huquq va an'anaviy diplomatiyani ikkinchi darajaga tushirmoqda.

AQShning global etakchiligini zaiflashtirish yoki kuchaytirish borasida ekspertlar turlicha fikrda, biroq Trampning harakatlari Evropa, Rossiya va Xitoy bilan munosabatlarda muhim oʻzgarishlarga sabab boʻlishi aniq.

«Geosiyosat» loyihasida mehmon boʻlgan siyosatshunoslar mavzu yuzasidan oʻz fikrlarini bildirdi.

Tramp nima uchun AQShni global qudrat taxtidan tushiryapti?

Kamoliddin Rabbimov: Amerikaning asoschi otalari AQShni milliy federal davlat sifatida shakllantirgan. Ya'ni Amerikaning dunyo ishlariga aralashuvi Birinchi jahon urushidan keyin, dunyo hokimiyatiga kelishi esa Ikkinchi jahon urushidan keyin, shuningdek, dunyoda toʻliq monopolistik qudratni shakllantirishi – sovet ittifoqi qulaganidan keyin yuz bergan edi.

Insoniyat paydo boʻlgandan beri dunyoni boshqargan imperiyalar, qudratli davlatlar har doim Evrosiyo qit'asida boʻlgan, masalan, Napoleon, Iskandar Zulqarnayn, Amir Temur va Chingizxonlar shular jumlasidan. 1990-yillardan keyin insoniyat tarixida birinchi marta dunyoni boshqarib turgan poytaxt boshqa qit'aga, ya'ni Shimoliy Amerikaga koʻchgan.

Donald Tramp siyosiy elita tomonidan qabul qilinmaydi. Jumladan, respublikachilar ham noilojlikdan u bilan ishlamoqda, chunki Amerikaning demokratik oʻyin qoidasiga koʻra, aynan u hokimiyat tepasiga keldi. Uning ikkinchi marta prezidentlikka saylanishini hech kim kutmagandi. Bu amerikaliklarning global siyosatdan charchaganini bildiradi, ular AQShning dunyo siyosatiga aralashishi va trillionlab dollar pul ajratishi natijasida ichki ishlar qolib ketyapti deb hisoblashmoqda. Shuning uchun ham Bayden hokimiyatga kelganda Amerikaning ichki infrastrukturasi uchun 2-3 trillion dollar mablagʻ ajratgan edi.

Amerikaning hozirgacha shakllangan imperiyasi uchun Trampning mazkur eksperimenti nima bilan tugashini taxmin qilish nihoyatda qiyin. Lekin bu shakllangan munosabatlarga katta zarba beradi, bu juda ham katta demontaj. Agar Amerika global oʻyinlarda etakchilik modelidan voz kechsa, yangi model qanday boʻlishini ham bilmaymiz. Amerika toʻliq uyga qaytadimi?

Hozirda USAID tark etayotgan hududlarda Xitoy oʻzi moliyalashtirishni taklif qilmoqda. Bu holatdan Putin ham juda xursand, uning matbuot kotibi Peskov ham Trampga nisbatan chuqur hurmat bilan murojaat qilmoqda. Donald Tramp prezidentlikka qadar biror daqiqa davlat ishlariga aralashmagan yoki armiyada xizmat qilmagan va mamlakat tarixida bunday tarzda hokimiyat tepasiga kelgan yagona davlat rahbari hisoblanadi. Shu paytgacha saylangan prezidentlar, gubernator, vazir va u yoki bu siyosatchilar boʻlgan. Tramp esa hokimiyat tepasiga kelib aynan ular shu vaqtgacha shakllantirgan oʻyin qoidasini inkor qilyapti.

Shuhrat Rasulov: Trampning Amerikada oʻzidan oldin saylangan prezidentlardan asosiy farqi shundaki, Tramp siyosiy oʻlchamlar bilan fikrlamaydi va ularni tushunmaydi, xalqaro huquq normalarini hisobga olmaydi va ularni ham tushunmaydi, shuningdek, u uchun eng muhim narsa moddiy manfaatlar hisoblanadi. Mana shu uchta jihat Trampni boshqa prezidentlardan farqlab turadi. Toʻrt yildan keyin Amerikaning kelgusi liderlari ushbu mayoqni qayta tiklash uchun katta siyosiy, iqtisodiy va ma'naviy kuch sarflashiga toʻgʻri keladi.

Tramp hozirda ichki siyosatda ham, tashqi siyosatda ham bir qator oʻzgarishlarni amalga oshirmoqda. Tramp oʻzining harakatlarini iqtisodiy islohot deb atab davlat mashinasini buzishga kirishdi. Bu islohotlar esa oʻz navbatida Amerikaga juda qimmatga tushishi mumkin.

Kamoliddin Rabbimov: Hattoki Tramp hokimiyatdan ketgandan keyin ham uning tarafdorlari hokimiyatda qolishi ehtimoli bor. Amerika qonuniga koʻra, prezident boʻladigan shaxs faqat Amerika tuprogʻida tugʻilgan boʻlishi kerak. Ilon Mask Janubiy Afrika Respublikasida tugʻilgan va u Janubiy Afrikaga qarshi urush e'lon qildi. Uning prezident boʻlish borasida oʻz ambitsiyalari bor va u mamlakat prezidentiga aylanish orqali Amerika qonunchiligini oʻzgartirmoqchi. Ma'lumotlarga koʻra, Donald Tramp hokimiyatdan ketganidan keyin uning tarafdorlari boʻlgan Ilon Mask, Marko Rubio va boshqalar prezidentlikka yangi nomzodlar boʻlishi mumkin.

Oybek Sirojov: Trampning maqsadi Amerikaning global qudratini tushirish emas, balki uni yanada kuchaytirishdir. U bu yoʻlda Amerika uchun urf boʻlmagan qadriyatlar va uslublardan foydalanishi atrofdagilarga biroz erish tuyulyapti xolos. Agar sogʻlom raqobat haqida gapiradigan boʻlsak, ekspertlar 2030-2035 yillarga borib, Xitoy Amerika Qoʻshma Shtatlaridan koʻplab koʻrsatkichlar boʻyicha oʻzib ketishini taxmin qilishgan edi. Tramp ma'muriyati Xitoyni cheklash uchun oʻziga xos usullardan foydalanmoqda. Mana shunday yondashuvlarning har biri Amerikaning global qudratini ta'minlashga qaratilgan.

Koʻplab ekspertlar ta'kidlaganidek, uning olib borayotgan siyosati qanchalik muvaffaqiyatli boʻlishini vaqt koʻrsatadi. Yana bu erda bitta muhim jihat bor va bu Rossiya hamda Xitoy ittifoqi. Bugun Amerikaning mana shunday siyosatidan Rossiya va Xitoy ittifoq shakllantirish orqali samarali foydalana olishi yoki aksi boʻlishi muhim ahamiyat kasb etadi. Bundan tashqari, hozirda Trampning asl reja va maqsadlari barcha uchun mavhum hisoblanadi.

Abduvali Soyibnazarov: Pentagonning yangi rahbari ta'kidlaganidek, Amerika oʻz manfaatlarini cheklash emas, balki yanada yoyish, faqat izolyatsionizmga asoslanish emas, balki yangicha yondashuv asosida Xitoy bilan Rossiya oʻrtasini sovitish, ya'ni ularni ayirish va ittifoqchi boʻlishiga yoʻl qoʻymaslikni koʻzlagan, chunki Xitoy AQShning global etakchiligiga xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan davlatlardan biri. Qolaversa, BRIKSga oʻxshagan davlatlar birikmasi paydo boʻldi va AQSh global janubning birikib, uning ta'sir doirasini cheklashiga yoʻl qoʻymaslikka harakat qilmoqda.

AQSh va Evropaning Ukraina boʻyicha pozitsiyasi nomutanosiblashdimi?

Kamoliddin Rabbimov: Aslini olganda ularning pozitsiyasi oldindan bir xil boʻlmagan, hozir esa Rossiya bilan qarama-qarshilikda Amerika va Evropa oʻzaro kelishmovchilikka duch kelmoqda. Evropa ittifoqida ikkita muhim davlat bor, bular Fransiya va Germaniya.

Fransiya azaldan anglo-saksonlarga ishonmagan va AQShni ham, Britaniyani ham masofada ushlash pozitsiyasida boʻlgan va bu pozitsiyasini hozirgacha saqlab qolgan. Fransiya rahbariyati vaqt-vaqti bilan Amerikaga emas, oʻziga ishonish lozimligini ta'kidlab NATOning ayrim harbiy loyihalarini tark etgan yillari ham boʻlgan.

Donald Tramp kelishi bilan bu boʻlinish yanada kuchaydi, bugun NATOda ikki qutb emas, balki 3-4 ta qutb paydo boʻlgan boʻlishi ham mumkin. Kecha Tramp avval Putin bilan 1,5 soat gaplashgan, soʻngra Zelenskiy bilan esa ancha qisqa suhbatlashgan. Hozir Zelenskiy murakkab ahvolda, chunki Tramp bilan toʻqnashishni istamaydi. Uning komandasi Ukrainani himoya qilish uchun diplomatik vositalarni qoʻllamoqda. Ta'kidlanganidek, Tramp kuchli shaxslar bilan gaplashishni ma'qul koʻradi. Ammo keyingi kuni uning pozitsiyasi yumshay boshladi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo