
Hindistondagi bir qator yirik neft qayta ishlash korxonalari AQSHning «Rosneft» va «Lukoyl» kompaniyalariga nisbatan joriy etgan sanksiyalaridan so‘ng Rossiya neftini xarid qilish bo‘yicha yangi shartnomalarni vaqtincha to‘xtatdi. Bu haqda Reuters agentligi o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Hindistondagi eng katta energetik kompaniyalar hozircha rasmiy izoh va aniq huquqiy yo‘riqnomalarni kutayapti. Ular yetkazib beruvchilar bilan shartnomalarni davom ettirish qonuniy hisoblanish-hisoblanmasligi yuzasidan hukumat va moliya tizimi bilan maslahatlashmoqda.
Shu bilan bir vaqtda, davlatga qarashli Indian Oil kompaniyasi rahbariyati bu cheklovlar barcha turdagi Rossiya neftini qamrab olmaganini ta’kidlab, xaridlarni to‘xtatmasligini ma’lum qildi.
«Rossiya neftining o‘zi sanksiya ostida emas. Faqat ayrim kompaniyalar va kemalar cheklovga duchor bo‘lgan. Agar bizga taqiqlanmagan kompaniya orqali yetkazib berish taklif qilinsa, biz sotib olishda davom etamiz», — dedi Indian Oil moliyaviy direktori Anuj Jayn.
Shu bilan birga, Hindistondagi ko‘plab neft kompaniyalari, jumladan Indian Oil ham, hozircha ehtiyojlarini spot bozorlar orqali — ya’ni tez yetkazib beriladigan, joriy narxdagi shartnomalar bilan ta’minlamoqda. Reuters suhbatdoshlaridan biri ta’kidlashicha, «biz yetkazib beruvchi shaxslar sanksiyaga duchor bo‘lmaganiga ishonch hosil qilishimiz shart, aks holda banklar to‘lovlarni amalga oshirmaydi».
Hindiston hozirda Xitoy bilan bir qatorda Rossiya neftini eng yirik xaridorlardan biri hisoblanadi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyaning umumiy eksport hajmining 40 foizidan ortig‘i aynan Hindiston bozoriga yo‘naltirilgan. Ukrainadagi urush boshlanganidan keyin mamlakat Rossiyadan neft xaridini keskin oshirgandi.
Biroq AQSH hukumati bu jarayondan norozi. Donald Tramp ma’muriyati bir necha oydan beri Hindistonga bosim o‘tkazib, Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatishni talab qilib kelmoqda. Avgust oyida Tramp Hindistonga Rossiya energiya resurslarini xarid qilgani uchun 25 foizlik qo‘shimcha boj joriy qilgan edi.
Shundan so‘ng u bir necha marta Hindiston bosh vaziri Narendra Modi xaridlarni qisqartirishga va’da berganini aytdi, ammo bu ma’lumot Hindiston hukumati tomonidan hech qachon rasman tasdiqlanmadi.
20-oktyabr kuni Tramp yana bir og‘ir bayonot bilan chiqdi — agar Hindiston Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatmasa, u AQSHga eksport qilinayotgan Hindiston tovarlariga nisbatan «ulkan bojlar» saqlanishini bildirdi.
Mutaxassislar fikricha, bu vaziyat nafaqat Hindiston energetika bozori, balki butun jahon neft savdosi muvozanatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Agar Hindiston chinakam sanksiyalarga qo‘shilsa, Rossiya neftini sotish uchun yangi yo‘nalishlar izlashga majbur bo‘ladi — bu esa nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy keskinlikni ham kuchaytiradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!