
29 oktyabr kuni Boltiq dengizi ustidan Rossiyaga tegishli Il-20 razvedka samolyoti parvoz qilgani qayd etildi. Polsha havo kuchlarining navbatchilikda turgan MiG-29 harbiy samolyotlari havoda joylashgan obyektni aniqlab, vizual identifikatsiya o‘tkazdi va uni Polsha mas’uliyatidagi hududdan chiqarib yubordi. Bu haqda mamlakatning Operativ qo‘mondonligi o‘zining rasmiy X sahifasida ma’lum qildi.
Bayonotda ta’kidlanishicha, Rossiya samolyoti xalqaro havo hududi orqali harakatlangan va razvedka vazifasini bajargan. Shu bilan birga, u parvoz rejasini taqdim etmagan, transponderi (aloqa identifikator qurilmasi) esa o‘chirilgan holatda bo‘lgan. “Samolyot Polsha havo hududini buzmagan”, — deya aniqlik kiritdi qo‘mondonlik.
So‘nggi oylarda Polsha va boshqa NATO davlatlari havo hududlarida shubhali parvozlar va noaniq dronlar faoliyati keskin ko‘paygani kuzatilmoqda. Ayrim holatlarda bu dronlar fuqarolik aeroportlari ishiga ham ta’sir ko‘rsatgan.
Xususan, 19 sentyabr kuni Estoniya Mudofaa kuchlari Bosh shtabi Rossiyaning uchta MiG-31 samolyoti Fin ko‘rfazi orqali mamlakat havo hududiga ruxsatsiz kirganini va u yerda taxminan 12 daqiqa bo‘lganini ma’lum qilgan. Bu voqeadan keyin Estoniya Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning muvaqqat ishlar bo‘yicha vakiliga nota topshirgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi esa o‘z navbatida ayblovlarni rad etdi va “Estoniya hududi buzilmagan, samolyotlar xalqaro havo hududida qonuniy parvoz qilgan”, degan bayonot berdi.
Yevropa tahlilchilari bu turdagi holatlarni Rossiyaning G‘arb davlatlariga nisbatan bosim vositasi sifatidagi gibrid urushi bilan bog‘lamoqda. Ularga ko‘ra, Moskva harbiy parvozlar orqali NATO mamlakatlarining havo himoya tizimlarini sinovdan o‘tkazmoqda va ularning javob reaksiyasini o‘rganayotgan bo‘lishi mumkin.
Polsha tomoni esa bu kabi holatlarda tezkor harakat qilish va havo himoyasini kuchaytirishni o‘zining ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilagan. Mamlakatning rasmiy izohida aytilishicha, har qanday qo‘shni davlat yoki noma’lum uchuvchi qurilmalarning xavo hududiga yaqinlashishi NATO xavfsizligiga daxldor masala sifatida baholanadi.
Shu tariqa, Boltiq osmonidagi keskinlik yana bir bor xalqaro hamjamiyat e’tiborini o‘ziga qaratdi. Yevropa tomoni Rossiyaning bu harakatlarini provokatsiya deb baholar ekan, Moskva buni “odatiy razvedka faoliyati” deb hisoblamoqda. Ammo kuzatuvchilar fikricha, har bir shunday hodisa yangi diplomatik tortishuv va xavfsizlik inqirozi ehtimolini yanada oshirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!