date

Xitoy 2027-yilda “sun’iy quyosh”ni ishga tushiradi

Xitoy 2027-yilda “sun’iy quyosh”ni ishga tushiradi

Xitoy qo‘lga kiritayotgan ilmiy yutuqlar orasida eng kattalaridan biri — “sun’iy quyosh” deb ataluvchi termoyadroviy qurilmaning yaratilishi bo‘lmoqda. Bu ulkan loyiha mamlakatning yadroviy energiya sohasidagi strategik istiqbolini belgilab beradi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mao Nin ma’lum qilishicha, BEST (Burning Plasma Experimental Superconducting Tokamak) deb nomlangan inshoot 2027-yilda to‘liq ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Uning ta’kidlashicha, bu qurilma dunyoda elektr energiyasini bevosita termoyadroviy reaksiya asosida ishlab chiqaradigan ilk tizim bo‘lishi mumkin. Loyiha Xitoy Fanlar akademiyasining Plazma fizikasi instituti tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, u mamlakatning ilmiy markazlaridan biri sanalgan Xefey shahrida joylashgan.

Qurilma asosini Dyuar bazasi tashkil etadi — u ulkan, 400 tonna og‘irlikdagi, 18 metr diametri va 5 metr balandlikdagi yuqori vakuumli termos hisoblanadi. BEST qurilmasi o‘ta o‘tkazuvchan magnitlar bilan jihozlangan bo‘lib, ular deyteriy va tritiy aralashmasidan hosil bo‘lgan yonayotgan plazmani minus 269 daraja haroratda barqaror saqlab turadi.

Xitoyda bu kabi loyihalar ilgari ham amalga oshirilgan. Jumladan, EAST (Experimental Advanced Superconducting Tokamak) qurilmasi bir necha yil avval 1000 soniyadan ortiq vaqt davomida plazmani yuqori haroratda ushlab turishga muvaffaq bo‘lgandi. Bu natija yadroviy energiya sohasidagi eng muhim yutuqlardan biri sifatida baholangan.

Yangi BEST qurilmasi esa bu borada yangi bosqichni boshlab berishi mumkin. Uning asosiy maqsadi — quyosh yadrosidagi kabi energiya chiqishi jarayonini Yer sharoitida qayta yaratish va cheksiz toza energiya manbaiga ega bo‘lishdir.

Mutaxassislar fikricha, agar loyiha muvaffaqiyatli amalga oshsa, kelgusida butun dunyo energiya xavfsizligi sohasida yangi davr boshlanadi. Chunki bunday reaktorlar neft va gazga bog‘liqlikni keskin kamaytiradi, atmosferaga chiqindilarni yo‘q qiladi hamda barqaror energiya ishlab chiqarish imkonini beradi.

Xitoy olimlari bu loyihani nafaqat milliy, balki global ilmiy hamkorlikning namunasi sifatida ko‘rmoqda. Ular uchun “sun’iy quyosh” — faqat texnologik yutuq emas, balki inson sivilizatsiyasini yangi energetik asrga olib kiruvchi ramz hamdir.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xitoy 2027-yilda “sun’iy quyosh”ni ishga tushiradi