date

O‘zbekiston xalq artisti Yoqub Ahmedov 87 yoshida hayotdan ko‘z yumdi

O‘zbekiston xalq artisti Yoqub Ahmedov 87 yoshida hayotdan ko‘z yumdi

O‘zbek Milliy akademik drama teatri yana bir buyuk ijodkoridan judo bo‘ldi. Ustoz san’atkor, O‘zbekiston xalq artisti, Davlat mukofoti sovrindori va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi Yoqub Ahmedov 87 yoshida vafot etdi, deb xabar berdi O‘zbek Milliy Akademik drama teatri.

Yoqub Ahmedov o‘zbek sahna san’atidagi yuksak nomlardan biri edi. Uning ijodi, yuksak mahorat bilan yaratgan obrazlari va teatr hamda kino sohasiga qo‘shgan beqiyos hissasi tomoshabinlar qalbida chuqur iz qoldirgan.

U 1938-yil 3-yanvar kuni Namanganda tug‘ilgan. Yoshligidan sahnaga muhabbat bilan boqqan bola keyinchalik Namangan viloyat musiqali drama va komediya teatri sahnasidan san’at olamiga kirib kelgan. Shu yerda u aktyorlik sir-asrorlarini anglay boshladi va o‘z yo‘lini aniq tanladi.

1959-yili A.N.Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tamomlagan. Shu vaqtdan boshlab uning ijodiy yo‘li poytaxt bilan uzviy bog‘landi. U 1958-yildan Hamza nomidagi akademik drama teatrida faoliyat boshladi (hozirgi O‘zbekiston Milliy akademik drama teatri). Yoqub Ahmedov 50 ga yaqin sahnaviy obraz yaratib, teatr tarixida o‘chmas iz qoldirdi.

1990-yillar oxirida u teatr rahbari sifatida ham faoliyat yuritdi. 2013-yilgacha direktor lavozimida ishlab, jamoaning yangi avlodini tarbiyalashga katta hissa qo‘shdi. 2015-yilda esa u “Aktyorlik mahorati maktabi” studiyasini tashkil etib, yosh iste’dodlar uchun yo‘l ochdi.

Yoqub Ahmedov nafaqat sahnada, balki ekranda ham yuksak mahorat sohibi edi. U 1958-yildan beri kino sohasida faol ishtirok etib, yuzlab filmlarda rol ijro etdi. Uning filmografiyasida “Maftuningman” (1958), “Shum bola” (1977), “Ali-Bobo va Qirq qaroqchi sarguzashtlari” (1980), “Yulduzli tunlar” kabi klassik asarlar bor. Shuningdek, u 400 dan ortiq filmda dublyaj ishlarida ishtirok etgani bilan ham tanilgan.

Uning ijodi teran falsafa, insoniy tuyg‘ular va vatanparvarlik ruhi bilan yo‘g‘rilgan edi. U ustoz sifatida ham, inson sifatida ham hamkasblari va shogirdlari uchun namuna bo‘lib qoldi.

San’at olami uni faqat iste’dodi bilan emas, balki insonparvarligi va kamtarona hayot tarzi bilan ham eslaydi. Yoqub Ahmedov nafaqat sahna yulduzi, balki milliy teatr maktabi asoschilaridan biri sifatida ham el yuragida yashaydi.

Uning hayoti — san’atga sadoqat, mehnat va vatanga muhabbat namunasi bo‘lib qoladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekiston xalq artisti Yoqub Ahmedov 87 yoshida hayotdan ko‘z yumdi