date

Tojikiston tog‘larida ulkan muzlik parchalanib ketdi

Tojikiston tog‘larida ulkan muzlik parchalanib ketdi

Tojikistonda iqlim o‘zgarishining yana bir ta’siri kuzatildi — Ismoil Somoniy tizmasidagi yirik muzlikning bir qismi ajralib, pastga tomon harakatlandi. Favqulodda vaziyatlar xizmati ma’lumotiga ko‘ra, hodisa 25-oktyabr kuni soat 11:00 larda Tojikobod tumanidagi Kalai Labi Ob qishloq jamoati hududida, Saftab qishlog‘i yaqinida qayd etilgan.

Aniqlanishicha, ajralib tushgan muzlikning uzunligi taxminan 2 kilometr, balandligi 25 metr va kengligi 150–200 metr atrofida bo‘lgan. Yirik muz qatlami dara bo‘ylab pastga surilib tushganiga qaramay, hodisa aholi va mahalliy infratuzilmaga zarar yetkazmagan, hech kim jabr ko‘rmagan va hodisa oqibatlarsiz yakunlangan.

Mutaxassislar bu jarayonni so‘nggi yillarda kuzatilayotgan global iqlim o‘zgarishlari va havo haroratining barqaror oshishi bilan bog‘lashmoqda. Ilgari bunday ko‘chishlar asosan Hindiston yoki Nepalning baland Himolay tog‘larida kuzatilgan bo‘lsa, endilikda Markaziy Osiyo muzliklarida ham bu holat tez-tez uchramoqda.

Glyatsiologlar fikricha, agar yaqin kunlarda kuchli yomg‘ir yog‘sa yoki harorat yana ko‘tarilsa, muzlikning yana bir qismi ajralib tushishi ehtimoldan holi emas. Bu esa ayniqsa Qasa-i-Nabi qishlog‘i yaqinidagi Gulrez jamoatida faoliyat yurituvchi fermer xo‘jaliklariga ma’lum xavf tug‘dirishi mumkin.

Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, ushbu muzlik butunlay erib ketgan taqdirda taxminan 7–8 million kub metr atrofidagi suv hosil bo‘ladi. Biroq bu jarayon bosqichma-bosqich kechishi kutilmoqda va hozircha keskin suv toshqini xavfi mavjud emas.

Hodisa iqlim o‘zgarishining tog‘ muzliklariga ta’siri yanada kuchayganini ko‘rsatmoqda. Olimlar bu kabi jarayonlar kelgusida yana ko‘payadi, deb hisoblamoqda va hududlardagi ekologik xavflarni muntazam monitoring qilish zarurligini ta’kidlamoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tojikiston tog‘larida ulkan muzlik parchalanib ketdi