
Foto: RIA Novosti
Markaziy Osiyo, Kavkazorti va boshqa sobiq sovet respublikalaridan kelgan mehnat muhojirlariga nisbatan yondashuvlarni qat'iylashtirish Rossiyaning uzoq muddatli manfaatlariga mos kelmaydi. Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Davlat dumasidagi hukumat soatida ma'lum qildi.
Tartib-intizomni nazorat qilish zarur. Muhojirlar keladigan bir qator geografik yoʻnalishlar boʻyicha koʻplab qonunbuzarliklar qayd etilgan. Biz ularning xulq-atvorini nazorat qilishni kuchaytirishimiz kerak. Biroq toʻsiqlar qoʻymaslik, ayniqsa viza rejimini joriy etmaslik lozim. Mavjud tartibga nisbatan qoʻshimcha choralar aynan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan, mehnat migratsiyasiga toʻsiqlar yaratishga emas, dedi diplomat.
Lavrovning aniqlik kiritishicha, Rossiya TIV Evrosiyo iqtisodiy ittifoqiga (EOII) a'zo davlatlar elchilari bilan maxsus uchrashuvlar oʻtkazib, ularga qonunchilik siyosatining mohiyatini tushuntirgan.
"Bularning barchasini eng yaqin ittifoqchilar bilan munosabatlarda qandaydir sun'iy toʻsiqlar qoʻymasdan amalga oshirish mumkin", deya ta'kidladi Lavrov.
Joriy yilning 1 yanvaridan boshlab Rossiya migratsiya siyosatidagi oʻzgarishlar kuchga kirdi, unga koʻra xorijliklarning Rossiyada vizasiz vaqtincha boʻlish muddati ikki baravarga – yiliga jami 180 kundan 90 kungacha qisqartirildi. Bundan tashqari, 5 fevraldan boshlab chegarachilarga mamlakatga kirishni rad etish uchun koʻproq asoslar berildi. Xususan, agar xorijlik shaxs Rossiya xavfsizligiga tahdid solishi mumkin boʻlsa, ular boshqa idoralarga murojaat qilmasdan, joyida rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilishlari mumkin boʻladi.
Davlat Dumasi 2024 yilda migratsiya siyosatini qattiqlashtiradigan 14 ta qonun qabul qildi. Duma spikeri Vyacheslav Volodin migratsiyani taqiqlash rejalashtirilmayotganini aytib, ammo chet el fuqarolari uchun ishlashga ruxsat berilgan sohalar sonini cheklash kerak, degan fikrni bildirdi.
Tarbiya, ta'lim va sogʻliqni saqlash — bu mamlakatimiz fuqarolari mehnat qilishi kerak boʻlgan sohalar. Ularga muhojirlarni jalb qilishni notoʻgʻri deb hisoblaymiz, degan edi u.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar