Qirg‘izistonda bir qator siyosatchilar poytaxtni Bishkekdan Manas shahriga ko‘chirish g‘oyasini ilgari surmoqda. Bu haqda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi, Vazirlar Mahkamasi rahbarining o‘rinbosari Qamchibek Tashiev ma’lum qildi.
Tashievning ta’kidlashicha, poytaxt maqomiga da’vo qilish uchun shahar ham, aholi ham ruhiy va infratuzilma jihatidan tayyor bo‘lishi zarur. «Poytaxt bo‘lish oson emas. Manasga katta mablag‘ yo‘naltirilmoqda, qurilishlar jadal ketyapti — uni zamonaviy shaharga aylantirishimiz kerak», — dedi u 11 oktyabr kuni Manasda maktab direktorlari bilan uchrashuvda.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Manas 2026 yilda respublika ahamiyatidagi uchinchi shahar maqomiga ega bo‘ladi. Tashiev shaharning nomini o‘zgartirish ham strategik jihatdan to‘g‘ri qadam bo‘lganini qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz, 17 sentabr kuni Jalolobod shahri rasmiy Manas deb o‘zgartirildi — tegishli qonunga prezident Sadir Japarov imzo chekkan edi. Manas — Qirg‘izistonning uchinchi yirik shahri, Jalolobod viloyati ma’muriy markazi hisoblanadi. Aholisi 184,4 ming nafarga yaqin bo‘lib, mamlakatning janubida, Farg‘ona vodiysida joylashgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!