
Britaniya sobiq bosh vaziri Boris Jonson 24 fevral, urush boshlanganining uch yilligi munosabati bilan Kiyevga bordi. Zelenskiy bilan uchrashib hamon Ukrainani qo‘llashda sobit ekanini aytgan siyosatchi tashrifi davomida ukrainalik jurnalist Dmitriy Gordonga qisqa intervyu berdi. 11 daqiqa davom etgan suhbatda Jonson AQSH prezidenti Tramp nega Ukrainaga nisbatan bunday siyosat yuritayotganini tushuntirdi.
Suhbat Oq uydagi Tramp va Zelenskiy o‘rtasidagi tortishuvdan avval o‘tkazilgan. Imkoningiz bo‘lsa, rus tiliga tarjima qilib joylangan bu intervyuni ko‘rishingizni tavsiya qilaman, chunki Jonson voqealarga ekspert yoki oddiy odam sifatida emas, butun boshli Britaniya hukumatini boshqargan siyosatchi sifatida munosabat bildirgan.
«Ukrainani yaxshi ko‘radigan, qat’iyat bilan qo‘llaydigan va urushda g‘alaba qozonishiga ishonadigan odam sifatida bu davlat haqida Vashingtondan turib yolg‘on gaplar aytilayotganini eshitish og‘ir. Kreml o‘ylab topgan gaplar Oq uydagi bu masalalarni boshqalardan yaxshiroq tushunishi kerak bo‘lgan odamlar tomonidan aytilayotgani jirkanch va katta xato.
Ukraina urushni boshladi deyish, Zelenskiyni diktator deb Putin bilan solishtirish aqlga sig‘maydigan ish. Ha, bularning hammasi yolg‘onligi ko‘rinib turibdi», deydi Jonson so‘zi avvalida Tramp aytayotgan gaplarni qo‘llamasligini tushuntirarkan.
Darvoqe, Jonsonning intervyusidan keyin Tramp Zelenskiyni diktator deganidan tonishga ham ulgurdi. Lekin janob Tramp Ukraina prezidenti saylanmagan diktator degani rost, buning isboti Kun.uz Youtube-kanalida ham turibdi.
Jonsonga ko‘ra, Tramp aytayotgan gaplarining ko‘pi rost emasligini o‘zi ham biladi va u Zelenskiy kelishuvga qo‘l qo‘yishi uchungina shunday bosim o‘tkazish yo‘lini tanlagan: «Trampni hurmat qilishim uchun sabablar yetarli, u tinchlik istamoqda. Bu borada Amerika prezidenti muzokara o‘tkazishi kerak bo‘lgan uch tomon bor: Ukraina, Yevropa va Rossiya. Tramp uch tomonni ham harakatga keltirmoqchi. Masalan, Yevropa Ukrainani himoya qilish uchun ko‘proq harakat qilishi kerakligini aytmoqda, axir Ukraina chindan Yevropada. Britaniya ham harbiy xarajatlarni 2030 yilga borib YAIMning 3 foizi darajasiga yetkazishi kerak. Tramp shu sabab yevropaliklarga bosim qilyapti», deydi Jonson.
Britaniya sobiq bosh vaziriga ko‘ra, respublikachilar orasida Trampning qulog‘iga bo‘lmag‘ur gaplarni valdiraydigan odamlar juda ko‘p. Jonson urush ketayotgan vaqtda Putindan intervyu olgan Trampning do‘sti Taker Karlsonni yoqtirmasligini yashirmay, Trampni aldayotganlarga aynan shu jurnalistni misol qilgan.
«Taker Karlsonga o‘xshagan odamlarning ta’sir doirasi juda katta. Ular Trampning boshini urush haqida bo‘lmag‘ur gaplar bilan to‘ldirgan. Tramp mana shunday skeptiklarni AQSH urushdagi yordam uchun Ukrainadan nimadir olishiga ishontirmoqchi.
Aytaylik, 1941 yilda AQSH prezidenti Franklin Ruzvelt britaniyaliklardan juda ko‘p pul, Karib havzasidagi harbiy bazalari va boshqa narsalar olgan. Evaziga lend-liz hisobiga Britaniyani urushda qo‘llagan. Bilasizmi, Britaniya 2006 yilgacha o‘sha lend-liz doirasida AQSHga qarz to‘lab keldi. Shu sabab Tramp ham Ukrainadan nimadir olishini ko‘rsatmoqchi. Mineral resurslar bo‘yicha kelishuv shu tariqa yuzaga keldi», deydi siyosatchi.
Jonsonning fikricha, kelishuvda juda keskin bandlar bor, lekin Ukraina o‘z kelajagi uchun uni imzolashga majbur. Chunki kelishuv AQSHni Ukrainani qo‘llashga majbur qiladi.
«Menimcha, Ukrainani kelishuvga qo‘l qo‘yishi kerak. Ha, men Ukraina tarafdori sifatida kelishuvdagi bandlarni qo‘llamayman. Lekin bu kelishuv AQSHni erkin, suveren va xavfsiz Ukrainani qo‘llashga majburlaydi. Ha, AQSH bu investitsion fonddan 50 foiz ulush oladi. Lekin Ukraina xavfsizlikda bo‘lmaguncha fondga bir chaqa ham tushmaydi. Menimcha, Ukrainani Moskva nazoratiga tashlab qo‘ygandan ko‘ra bu kelishuvni imzolagan ma’qul. Axir kelishuv Tramp davrida ham AQSHni Ukrainani qo‘llashga majbur qiladi. Bu esa katta yutuq», dedi Jonson.
Siyosatchi Oq uydagilar Putin nima xohlayotganini tushunmayapti degan fikrda: «Tramp masalani hududiy bo‘linish bilan hal qilish mumkin deb o‘ylaydi, lekin gap bunda emas, Putin Ukrainani to‘liq nazorat qilishni istaydi», deydi Jonson.
Dimtriy Gordon Jonsondan Trampning o‘rnida bo‘lsangiz, ertaga nima qilardingiz deb so‘radi. Jonson qiziq javob qaytardi va bu gal ham Taker Karlsonni tilga oldi.
«Eng avval Kongressdagi respublikachilarga axmoq bo‘lishni bas qilishlarini, keyin Taker Karlsonga eng yaqindagi biror ko‘lga borib kalla tashlashini aytardim. Ukrainaga harbiy yordamni oshirib, Putinga Vladimir, sen yutqazding, Ukrainani qul qilmoqchi eding, men bor ekanman bunday bo‘lmaydi, derdim.
Amerika jamoatchiligini Ukrainaga yordamga jalb qilish uchun balki men ham mineral resurslar kelishuvini imzolagan bo‘lardim va Ukrainani NATOga qabul qilish jarayonini boshlardim. Xuddi 50-yillarda Germaniya bilan bo‘lgani kabi faqat Kiyev nazorat qilayotgan yerlarni alyansga kiritib, integratsiya jarayonini tezlashtirardik», deydi Jonson.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring 
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar