AQSH Germaniyada raketa joylashtirish rejasini qayta ko‘rib chiqmoqda

AQSH va Germaniya o‘rtasidagi harbiy hamkorlik doirasidagi muhim rejalar qayta baholanmoqda. Xususan, Vashington Germaniya hududida uzoq masofali zarba beruvchi qurollarni joylashtirish masalasini yana bir bor ko‘rib chiqayotgani ma’lum qilindi. Bu haqda Financial Times nashri manbalarga tayanib xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, AQSH Germaniyada Tomahawk raketalari bilan jihozlangan uzoq masofali batalon joylashtirish qarorini qayta tahlil qilmoqda. Ushbu o‘zgarishlar AQSHning Yevropadagi harbiy kontingentini qisqartirish rejalari bilan chambarchas bog‘liq ekani aytilmoqda.
Manbalarning bildirishicha, Germaniyadagi amerikalik harbiylar sonining kamayishi rejalashtirilayotgan raketa tizimlarini joylashtirish jarayoniga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Chunki aynan shu tizimlar NATOning Rossiyaga nisbatan tiyib turish strategiyasini kuchaytirish uchun muhim vosita sifatida ko‘rilayotgan edi.
Eslatib o‘tamiz, AQSH 2024 yil iyul oyida 2026 yilga borib Germaniya hududida SM-6 va Tomahawk raketalarini “vaqtinchalik” joylashtirish rejasini e’lon qilgan edi. Bundan tashqari, o‘sha paytda hali ishlab chiqish bosqichida bo‘lgan gipertovushli qurollarni ham Yevropaga olib kelish rejalashtirilgani aytilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!