
Shotlandiyalik tadqiqotchilar Yerdagi qadimgi hayot haqidagi tasavvurlarni shubha ostiga qo‘ydi. Ular prototaksitlar deb ataluvchi g‘aroyib organizmni o‘rganib, hozirgacha ma’lum bo‘lgan hech bir toifaga mansub emas, degan xulosaga kelishdi.
Prototaksitlar nima?
Prototaksitlar taxminan 400 million yil avval yashagan, bo‘yi 8 metrgacha o‘sgan sirli organizmlardir. Ular XIX asrdayoq toshga aylangan holda topilgan, ammo olimlar dastlab ularni daraxt deb o‘ylashgan. Keyinchalik, ular qo‘ziqorin yoki suvo‘t bo‘lishi mumkinligi haqida taxminlar ilgari surilgan. Biroq Edinburg universiteti olimlari o‘tkazgan so‘nggi mikroskopik va kimyoviy tahlillar bu gipotezalarni rad etdi.
"Biz ularni hech qanday ma’lum toifa bilan bog‘lay olmadik. Prototaksitlar na qo‘ziqorin, na o‘simlik, na boshqa hujayrali jonzotlarga o‘xshaydi. Ular o‘zgacha hujayraviy tuzilmaga ega," — deyiladi tadqiqot xulosasida.
Eng sirli hayot shakli
Mutaxassislar fikricha, prototaksitlar o‘ziga xos eukariot hayot shakli bo‘lishi mumkin. Ular silur va devon davrlaridagi botqoq landshaftlarda yashagan va o‘sha paytda mavjud bo‘lgan paporotniklar va yulg‘unlar orasida haqiqiy gigantlar bo‘lgan.
Prototaksitlarning roli va yo‘qolishi
Olimlar bu organizmlarning qadimgi ekotizimlarda qanday rol o‘ynagani haqida aniq ma’lumotga ega emas. Balki ular evolyutsiyaning bir qismi sifatida paydo bo‘lib, keyin yo‘qolib ketgan. Biroq ularning mavjudligi hayot rivojlanishi qanchalar noodatiy va xilma-xil bo‘lishi mumkinligini yana bir bor isbotlaydi.
Prototaksitlar haqidagi so‘nggi tadqiqotlar hali ham Yerdagi hayotning o‘rganilmagan sirli sahifalari borligini ko‘rsatmoqda. Bu esa kelgusi arxeologik va biologik izlanishlar uchun yangi yo‘nalishlarni ochib berishi mumkin. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar