
Assalomu alaykum. Bugun 30 mart, yana yakshanba. Bir vaqtlar radio efirlar boshida aytilganidek, Samarqanddan gapiramiz! Esingizda bo‘lsa, avvallari hamma uyda derazaning bir burchagida radio osig‘lik turardi. Unda kanallar ham ko‘p emasdi. Kattalar «Mash’al» radiosida milliy qo‘shiqlarimizni eshitishardi. Biz qadrdonimizga aylangan momo aytib beradigan oqshom ertaklarini eshitardik.
Ba’zan radiodan yangiliklar ham berilib qolardi. Hatto futbol o‘yinlarini ham qadrdon radiodan eshitardik. Xullas, bir parchagina quti bizni dunyo bilan bog‘lab turgandek edi. Katta bo‘lgach tushunib yetdikki, buning nomi axborotga ehtiyoj deyilarkan. Inson dunyodan uzilib qolmaslik uchun undagi yangiliklardan boxabar bo‘lgisi keladi. Azaldan shunaqa bo‘lgan.
Bugungi internet asrida esa yangiliklar shunchalik ko‘pki ularni saralash oson emas. Bu borada biz sizga yordam beramiz. Bir necha daqiqa vaqtingizni ayamasangiz, hafta davomida dunyoda sodir bo‘lgan eng muhim voqealarni yodga olamiz.
Muvaffaqiyatsiz muzokara
Hafta davomida Saudiya Arabistonida Ukraina, AQSH va Rossiya vakillari ishtirokida muzokara o‘tkazildi. Biroq bu Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokara emasdi. Muzokara juda g‘alati formatda o‘tkazildi. Ukraina va Rossiya delegatsiyasi bir mehmonxonadagi alohida xonalarga joylashtirildi. Ularning gaplarini bir-biriga AQSH delegatsiyasi a’zolari yetkazib turdi.
Va bunaqa nosamimiy ruhdagi muzokarada tabiiyki, hech nimaga kelishilmadi. Umuman urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar juda yomon o‘tmoqda desak bo‘ladi. Chunki o‘rtada turgan Tramp ma’muriyati xolislik qilish o‘rniga ochiqchasiga Rossiyaga yon bosyapti. Bundan ilhomlangan Rossiya esa yangidan yangi talablar qo‘ymoqda.
Hafta davomida ruslar va ukrainlar energetika obyektlariga zarba bermaslik bo‘yicha kelishuvga erishgani xabar qilindi, ikki tomon ham buni tasdiqladi. Lekin bu kelishuv ham juda xom. Birinchidan, ruslar uni 18 martdan amalga kirdi desa, ukrainlar 25 martdan deyapti. 28 mart kuni Sudjadagi gaz stansiyasiga hujum qilindi. Rossiya ukrainlar HIMARS bilan urdi dedi, Kiyev biz urganimiz yo‘q, kerak bo‘lsa isbotlash uchun mudofaa vazirini AQSHga yuboramiz, dedi. Xullas, mana shunaqa nojiddiy tarzda kechmoqda muzokaralar. Bunaqada nimagadir erishish qiyin...
Oq uy mulozimlari «qovun tushirdi»
Ortda qolayotgan haftaning eng mojaroli voqeasi AQSHda sodir bo‘ldi. Tramp ma’muriyatidagi eng yuqori martabali mulozimlar Signal messenjerida chat ochib unda Yamandagi husiychilar harakatiga zarbalarni muhokama qilishdi. Yetmaganiga chatga adashib The Atlantic jurnali muharriri Jeffri Goldbergni ham qo‘shib qo‘yishdi. Jurnalist guruhda borligini butun boshli Amerika xavfsizligiga javob beradigan mulozimlar sezmagan ham. Jurnalist esa bemalol, obdon barcha yozishmalarni skrinshot qilib borgan.
Chatda Pentagon rahbari hatto zarbalar vaqti, samolyotlar qachon parvozni boshlashigacha bo‘lgan aniq ma’lumotlarni yozgan. Bu ma’lumotlar chatda yozilganini MRB direktori ham tasdiqladi.
AQSH Senatida chatda bo‘lgan mulozimlar so‘roq qilindi. Kongressda holat bo‘yicha surishtiruv o‘tkazish, yozishmalarni to‘liq e’lon qilish talab etildi. AQSH razvedkasi tekshiruv boshlagani aytildi. Biroq Donald Tramp mulozimlari hamma foydalanadigan messenjerda maxfiy ma’lumotlarni muhokama qilganini oddiy qabul qildi. Jurnalistni chatga qo‘shgan Mayk Uolsni ishdan bo‘shatmasligini aytdi.
Koreyada o‘rmon yong‘inlari
Janubiy Koreyada mamlakat tarixidagi eng yirik o‘rmon yong‘inlari kuzatildi. Sancheon okrugida boshlangan yong‘in tez orada atrofdagi boshqa okruglarga tarqalgan. Hozirgacha 30 kishi halok bo‘lgani aytilmoqda. Minglab odamlar evakuatsiya qilingan. Umumiy hisobda 48 ming gektar o‘rmon yonib ketgan. Bu salkam Seul hududiga teng maydon degani. O‘t o‘chiruvchilar va harbiylar bir necha kun davomida yong‘in o‘choqlarini o‘chirgandi. Biroq hafta oxirida yong‘inlar yana qaytalangani xabar qilindi.
Myanmada zilzila
Juma kuni Myanmada 7,7 magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Silkinishlar Xitoy va Tailandda ham sezilgan. Juda ko‘p binolar vayron bo‘lgan. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar soni 1600 nafardan oshgan. Epimarkaz Myanmadagi ikkinchi yirik shahar Mandalay yaqinida bo‘lgan. Zilzila 10 km chuqurlikda sodir bo‘lgan. Shaharda yo‘llar yorilib ketgan, juda ko‘p binolar qulagan, mamlakat juda katta zarar ko‘rgan. Myanma hukumati xalqaro hamjamiyatni yordam berishga chaqirdi. Qator davlatlar yordam ko‘rsatishga kirishdi. Xususan, Yevropa Ittifoqi 2,5 million yevro tezkor yordam puli ajratdi. Tailandda ham talafot katta bo‘lgan.
Putin Ukrainada «tashqi boshqaruv» taklif qildi
Donald Tramp ma’muriyati urush muzokaralarida ochiqchasiga Rossiyaga yoqadigan pozitsiya tanlagani fonida Vladimir Putin yangidan yangi takliflar bildirmoqda. Vladimir Vladimirovich navbatdagi marta «Ukrainada legitim hukumat yo‘qligini» aytib, Kiyevda BMT, AQSH, Yevropa davlatlari va «Rossiyaning do‘stlari» ishtirokida vaqtincha xalqaro boshqaruv joriy etishni taklif qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu boshqaruv Ukrainada saylov o‘tkazishni tashkil qiladi. Murmanskdagi atom suvosti kemasi ekipaji a’zolari bilan uchrashuvda Putin o‘z vaqtida Sharqiy Timor, Papua-Yangi Gvineya va qisman Yugoslaviyada shunday boshqaruv bo‘lganini aytdi.
Bu hali hammasi emas, Putin muzokaralarda vositachi o‘laroq boshqa davlatlar, xususan, BRICS a’zolari va diqqat qiling, Shimoliy Koreyani jalb qilish mumkinligini aytdi. Ya’ni Rossiya prezidenti Ukrainaga qarshi askarlari jang qilayotgan Shimoliy Koreyani Ukrainadagi urushni tugatish muzokarasiga jalb qilmoqchi. Qoyilmaqom taklif, shunday emasmi?
G‘azoda va Isroilda namoyishlar
2023 yil oktyabrda boshlangan HAMAS va Isroil o‘rtasidagi urush hammaning sillasini quritdi. Hafta davomida ikki tomonda ham namoyishlar o‘tkazildi. Bilasiz, Isroil sulhni buzib asirlarni ozod qilish bo‘yicha keyingi bosqichga o‘tish uchun HAMAS to‘liq qurolsizlantirishi kerak deb chiqdi. O‘zi Isroil G‘azoning kulini ko‘kka sovurgan bir vaqtda HAMASchilar hamon qurollangan holatda ekani juda ajablanarli. Netanyahu sulhni buzgani sabab HAMAS asirlarni ozod qilishni to‘xtatdi. Bu esa isroilliklarga yoqmadi va ular yana Netanyahu hukumatiga qarshi namoyishga chiqdi. Chunki isroilliklar barcha asirlarni qaytarishni talab qilayotgandi.
Urush boshidan buyon Isroilda bunday namoyishlar bo‘lishi yangilik emas. Lekin bu haftada G‘azo aholisi HAMASga qarshi namoyishga chiqqani kutilmagan holat bo‘ldi. Yuzlab g‘azoliklar HAMASdan bo‘lgani tark etishini talab qilgan. Ba’zilar HAMAS aut deb baqirgan. «Biz qandaydir partiya yoki xorijiy davlat uchun o‘lib ketishni istamaymiz. Shuncha odam o‘lgani yetar», degan g‘azoliklar.
Ma’lumot uchun, HAMAS siyosiy partiya o‘laroq 2007 yilda G‘azo bo‘lgasi ustidan nazorat o‘rnatgan. Saylovdagi g‘alabadan keyin HAMAS siyosiy raqiblarini G‘azodan haydab chiqargan.
AQSH Ukrainani to‘liq nazorat qilmoqchi
28 fevral kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mineral resurslar bo‘yicha kelishuvni imzolash uchun Vashingtonga borgandi. Tramp va Vens bilan mashhur janjal sodir bo‘lgach, kelishuv imzolanmay qolgandi. E’tibor qilgan bo‘lsangiz, orada bu kelishuv ham gapirmay ketishdi, vaholanki Tramp bitimni imzolang va muzokarada biz siz tomonda bo‘lamiz, degandek qilayotgandi.
Ma’lum bo‘lishicha, AQSH Zelenskiy kelishuvni imzolamay, Oq uyda janjal ko‘targach, bitim shartlarini butunlay o‘zgartirib yuborgan. Zelenskiy imzolashga borgan kelishuvda AQSH faqat Ukrainadagi noyob metallar savdosidan ulush olishi, evaziga Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatilishi aytilgandi. Biroq yangi kelishuvda endi Tramp ma’muriyati Ukrainadagi barcha resurslar, neft va gaz, shuningdek, yo‘llar, portlar, tranzit gaz quvurlari ustidan nazorat o‘rnatmoqchi ekani qayd etilgan.
Ukrainada bu kelishuvdan qattiq g‘azablanishdi. Zelenskiy AQSH ko‘rsatgan yordam uchun minnatdorligi, lekin buni davlat qarzi deb tan olmasligini aytdi. Ukrainalik mulozimlar yangi kelishuvni «mamlakatni talash» deb atab, Zelenskiy uni aniq imzolamasligini aytgan. «Xuddi Ukraina AQSH bilan urushib, yengilgan va endi evaziga tovon to‘lashi so‘ralayotgandek», degan ukrain mulozimlardan biri yangi kelishuvni izohlarkan.
Bizda hozircha shular. Bugun bayram, shu uchun bu galgi dayjestni biroz qisqaroq tayyorlashga harakat qildik. Haftalik dayjest loyihasi bilan kelasi yakshanbada ko‘rishguncha.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar