
AQSH prezidentining maxsus elchisi Den Driskoll bugun Abu-Dabi shahrida Rossiya vakillari bilan muzokara olib bormoqda. Politico nashrining manbalarga tayanib yozishicha, uchrashuvlarning asosiy mavzusi – Donald Trampning urushni to‘xtatishga qaratilgan tinchlikka erishish dasturi hisoblanadi. Driskoll 24-noyabr kuni kechqurun Abu-Dabiga yetib kelgan va bugun yana bir muzokara o‘tkazilishi kutilmoqda.
Ukraina e’tirozidan keyingi o‘zgarish
Abu-Dabidagi muloqotlarda Driskoll AQSH pozitsiyasini ifodalovchi yagona yuqori martabali rasmiydir, chunki Jenevada ukrainlar bilan muzokara olib borgan boshqa vakillar allaqachon Vashingtonga qaytgan. Driskoll Rossiya delegatsiyasi bilan uchrashuvga Ukraina tomonining e’tirozlaridan keyin tuzatishlar kiritilgan, takomillashtirilgan yangi versiya – 19 banddan iborat tinchlik rejasi bilan yo‘l oldi.
Qaysi bandlar olib tashlandi?
OAV manbalariga ko‘ra, yangi versiyadan eng bahsli bandlar chiqarib tashlangan. ABC News’ning ta’kidlashicha, unda Ukraina qurolli kuchlari sonini qisqartirish va mojaro paytidagi harakatlar uchun to‘liq amnistiya haqidagi talab yo‘q. Shuningdek, Yevropa Ittifoqining qat’iy qarshiligi tufayli Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan faqat 100 milliard dollarni Ukraina tiklanishiga yo‘naltirish haqidagi band ham olib tashlandi. Politico‘ning yozishicha, hududiy masalalar reja dastur doirasidan chetga olingan va ular Tramp va Zelenskiy o‘rtasidagi muloqotga qoldirilgan.
Olib tashlangan yoki keskin o‘zgartirilgan bahsli bandlar (9 bandning mazmuni)

Kelishuv va raddiya
Ukraina Milliy xavfsizlik kengashi kotibi Rustem Umerov Jenevadagi muzokaralarda AQSH va Ukraina reja bo‘yicha «umumiy kelishuv»ga erishganini ma’lum qildi. Biroq, Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov AQSH hali Rossiyani rejaning yangi versiyasi bilan rasman tanishtirmaganini bildirdi. Shunga qaramay, u dastlabki 28 bandlik rejani «muzokaralar uchun juda yaxshi asos» deb hisoblashini tasdiqladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.