
13 may kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida AQSH va Saudiya Arabistoni o‘rtasida ikki davlat tarixidagi eng yirik iqtisodiy bitimlar va investitsiyaviy kelishuvlar imzolandi. Ushbu tarixiy tadbirda AQSH prezidenti Donald Tramp hamda Saudiyaning valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon shaxsan ishtirok etdi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi kelishuvlarning umumiy qiymati 600 milliard dollardan oshiq bo‘lib, bu miqdor ikki davlatning hamkorlik tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Bitimlarning asosiy maqsadi ikki tomonlama strategik hamkorlikni mustahkamlash, iqtisodiy rivojlanish sur’atlarini oshirish va uzoq muddatli investitsiya loyihalarini amalga oshirishdir.
Ta’kidlanishicha, Saudiya Arabistonining yirik texnologik kompaniyasi DataVolt AQSH hududidagi data-markazlar hamda energetika infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida 20 milliard dollarga yaqin investitsiya kiritadi. Bu bilan mamlakatlar o‘rtasidagi texnologik hamkorlik yangi bosqichga ko‘tariladi.
O‘z navbatida, AQSHning GE Vernova korporatsiyasi Saudiya Arabistoni uchun umumiy qiymati 14,2 milliard dollar bo‘lgan gaz turbinalari va boshqa zamonaviy energetika jihozlarini yetkazib berish majburiyatini oldi. Bu Saudiya Arabistonining energetika sohasini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish va mamlakat iqtisodiyotini yanada mustahkamlashga yordam beradi.
Oq uyning ma’lum qilishicha, ushbu kelishuvlar AQSH va Saudiya o‘rtasidagi strategik munosabatlarni yanada mustahkamlaydi hamda mintaqada barqarorlikni ta’minlashga hissa qo‘shadi.
Shuningdek, ma’lum bo‘lishicha, Donald Tramp Fors ko‘rfazidagi mamlakatlar bilan ham umumiy qiymati 1 trillion dollarga yaqin bo‘lgan yangi bitimlar tuzishni rejalashtirmoqda. AQSH prezidentining mintaqadagi safari davom etadi: 14 may kuni Qatarga, 15 may kuni esa Birlashgan Arab Amirliklariga tashrif buyurishi rejalashtirilgan.
Bu safar Trampning ikkinchi prezidentlik muddatidagi birinchi katta xalqaro tashrifi bo‘lib, u AQSHning Fors ko‘rfazi davlatlari bilan iqtisodiy va strategik hamkorligini yanada kengaytirishga qaratilgan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar