date
views 653

Tahlilchilar Rossiyada ko‘tarilgan shov-shuv haqida: “G‘arbiy Sibirni o‘zbeklar boshqargan”

Tahlilchilar Rossiyada ko‘tarilgan shov-shuv haqida: “G‘arbiy Sibirni o‘zbeklar boshqargan”
Rossiyalik deputat Markaziy Osiyodan kelayotgan migrantlar, xususan o‘zbeklar haqidagi gaplaridan keyin, etika komissiyasida so‘roq qilinadigan bo‘ldi. Kun.uz jonli efirda suhbatlashgan ekspertlar bunga izoh berarkan, RFning turkiy regionlaridagi etnik assimilyatsiya siyosatiga e’tibor qaratdi. Yaqinda Boshqirdistonda folklor asosidagi ashulaning xit bo‘lib ketgani ham mintaqa xalqlarida milliy o‘zlikni saqlab qolishga ehtiyoj yuqoriligini ko‘rsatadi.

“Migrantlar tarixiy vataniga qaytayotgandir?”

Rossiya Federatsiyasining Xanti-Mansiysk avtonom okrugi Dumasi deputati Xolid Tag‘i-zoda mintaqani ayrim migrantlarning tarixiy vatani deb atadi. U Duma majlislaridan birida okrugning tub aholisi va migrantlar o‘rtasida tug‘ilish statistikasini muhokama qilish chog‘ida masalaning shu jihatiga e’tibor qaratdi.

“Migrantlar ham har xil bo‘ladi. Masalan, o‘zbeklarni olsak. Yugra va Tyumen oblastining bir qismi tarixda Sibir xonligi bo‘lgan. Ma’lumki, xonlikning oxirgi hukmdori Shayboniylar sulolasidan Kuchumxon bo‘lgan. Shayboniylar sulolasi – Buxoro xonligidan kelib chiqqan hukmron o‘zbeklarning sulolasi. Balki migrantlar shu yerga, o‘zlarining tarixiy vatanlariga kelishayotgandir?” – dedi deputat Xolid Tag‘i-zoda.

OAVdagi dastlabki xabarlarda u Rossiya Kommunistik partiyasi a’zosi ekani aytilgandi. Lekin keyin Kompartiya u bir necha yil oldin partiya a’zoligidan chiqarilganini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Xolid-Tag‘i zoda Dumaning etika komissiyasida so‘roq qilinishi ma’lum bo‘ldi.

Tarixiy va iqtisodiy kontekst

Ma’lumot uchun, Mo‘g‘ullar imperiyasi, keyinchalik Oltin o‘rda parchalangach, 15-asr oxirlarida G‘arbiy Sibirda Sibir xonligi yuzaga keladi. Xonlikni Taybo‘g‘axon va Shayboniyxonning avlodlari boshqarib kelgan. Xonlik aholisining etnik tarkibi sibir tatarlari, xanti, mansi va selkuplardan iborat bo‘lgan. Sibir xonligi insoniyat tarixidagi eng shimoliy musulmon davlati sifatida qayd etiladi.

Rossiyaning hozirgi geografik jihatdan markaziy hududlari ustidan nazorat o‘rnatishi 1582 yilda Sibir xonligi bosib olinishidan boshlangan.

Sibir xonligi o‘rnida joylashgan hozirgi Xanti-Mansiysk avtonom okrugi – Yugra – Rossiyaning neft va gazga eng boy okrugi hisoblanadi. Shu sababli okrug iqtisodiyotining hajmi jihatdan RFda Moskvadan keyin ikkinchi o‘rinni egallaydi. Rossiya regionlarining ijtimoiy-iqtisodiy holati reytingida esa, Xanti-Mansiysk avtonom okrugi – Yugra 3-o‘rinda turadi.

“Bu Moskvaga ishora bo‘lishi mumkin”

Siyosiy tahlilchi Jahongir Akramovga ko‘ra, deputatning bu chiqishi Rossiya Federatsiyasida yashayotgan turkiy xalqlarning o‘zligini saqlab qolishga bo‘lgan huquqi uchun intilishini namoyon qilishi mumkin.

Akramovning fikricha, yaqinda boshqirdistonlik Ay Yola pop-guruhi boshqirdlarning “O‘rol-botir” nomli folklori asosida yaratilgan, eposdagi Homay ismli ayol obraziga bag‘ishlangan ashulasining xit bo‘lib ketishi ham Rossiyadagi turkiy xalqlarning milliy o‘zligini saqlab qolishga ehtiyoji yuqoriligini ko‘rsatadi.

“Bu deputat juda kuchli siyosiy qadam qo‘ydi. Bu jarayon aynan Rossiya-Ukraina urushi davom etayotgan fonda yuz berdi. Bu Moskvaga nisbatan ishora bo‘lishi ham mumkin, ya’ni bizning – RF tarkibidagi etnik turkiylarning huquqlarimizni ham tan oling deb, o‘zbeklar misolida Kuchumxonni misol qilib keltirdi.

Sibir xonligi 15-16-asrlarda G‘arbiy Sibirda mavjud bo‘lgan musulmon davlat bo‘lib, uning so‘nggi hukmdori Kuchumxon Shayboniylar sulolasiga mansub edi. Shayboniylar – Temuriylardan keyin Markaziy Osiyoda hukmronlik qilgan o‘zbek sulolasidir. Kuchumxonning taqdiri aynan Rossiya imperiyasi Sibirni bosib olish jarayoni bilan bog‘liq: 1582 yilda kazaklar uni mag‘lub etib, Sibir xonligining tugashiga sabab bo‘lgan. Shu nuqtayi nazardan deputat Xolid Tag‘i-zoda region Sibir xonligi tarkibida, o‘zbeklarning boshqaruvi ostida bo‘lgan degan gapi – haqiqat”, deydi Jahongir Akromov.

Siyosatshunos Bektosh Berdiyev Rossiyaning turkiy o‘zlikka ega hudularida yuritilgan etnik assimilyatsiya siyosatiga e’tibor qaratdi.

“Xolid Tag‘i-zodaning fikrlari to‘g‘ri. Masalan, Tyumen shahrining nomi turkiy tildagi “tuman” – “o‘n ming” so‘zidan kelib chiqqan. Bir vaqtlar bu shaharda 10 ming kishilik turkiy qo‘shin turgan. Saratov – Sariq tog‘, Yenisey – Enasoy, Baykal – Boyko‘l va hokazo... Stalinning qarori bilan 1400 dan ortiq joy nomlari o‘zgartirilgan. Chunki turkiylar agar buni o‘qib qoladigan bo‘lsa, ular kimligini va o‘zligini anglab qoladi, degan hadik bo‘lgan.

U yerdagi ko‘pchilik turkiy xalqlarning tili, dini hozirda unuttirilgan. Deputat bejiz aytgani yo‘q, juda ko‘plab turkiylar u yerlarga ko‘chib boryapti, ishlagani boryapti, ularga begona deb qaramang degan ma’noda gapirdi. Lekin bu narsa, to‘g‘risi, rus jamoatchiligiga ham, siyosatchilariga ham, mafkurasiga ham zid. Bu gaplari deputatni murakkab ahvolga solib qo‘yadi. Unga nisbatan ayblovlar paydo bo‘lib, davlatga buncha zarar keltirgan ekan, qamalsin degan gaplar ham chiqib ketishi mumkin”, – deydi u.

Fotokollaj: Kun.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tahlilchilar Rossiyada ko‘tarilgan shov-shuv haqida: “G‘arbiy Sibirni o‘zbeklar boshqargan”