Claude sun'iy intellekti 9 soniya ichida kompaniya ma'lumotlar bazasini butunlay o'chirib yubordi

«PocketOS» platformasi asoschisi Jer Kreyn «Anthropic Claude Opus 4.6» modelida ishlovchi «Cursor» tizimi va «Railway» bulutli platformasini ma'lumotlarning keng ko'lamli yo'qolishida aybladi. Hodisa oqibatida kompaniyaning asosiy ishchi bazasi va barcha zaxira nusxalari butunlay o'chirib tashlangan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Ma'lum qilinishicha, sun'iy intellekt agenti test muhitida oddiy vazifani bajarayotgan bo'lgan, biroq bir necha soniya ichida asosiy ma'lumotlar bazasiga o'tib ketgan. Shundan so'ng u API interfeysi orqali xotira darajasidagi barcha zaxira nusxalarini ham yo'q qilgan.
Kreynning so'zlariga ko'ra, butun jarayon atigi 9 soniya davom etgan.
«PocketOS» xizmatidan avtomobillarni ijaraga beruvchi kompaniyalar foydalangani sababli, ushbu nosozlik mijozlar faoliyatiga ham jiddiy ta'sir ko'rsatdi. Sun'iy intellekt agenti kirish huquqi bilan bog'liq muammoni «tuzatishga» urinib, hujjatlarni tekshirmasdan va harakatlarni tasdiqlatmasdan eng halokatli yo'lni tanlagan.
Kompaniya asoschisi muammoni nafaqat sun'iy intellekt xatti-harakatida, balki «Railway» platformasining tuzilishida ham ko'rmoqda. Uning ta'kidlashicha, servis xavfli operatsiyalarni qo'shimcha tasdiqsiz bajarishga imkon beradi va zaxira nusxalarini asosiy ma'lumotlar bilan bir joyda saqlaydi.
Hozirda «PocketOS» mutaxassislari ma'lumotlarni to'lovlar tarixi, kalendar integratsiyalari va mijozlar bilan yozishmalar orqali qo'lda tiklashga harakat qilmoqda. Kompaniyada faqat uch oy oldingi eski zaxira nusxasi saqlanib qolgan bo'lib, u ma'lumotlarning bir qismini qaytarishga yordam berishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!