
Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi ko‘p yillik suv manbalariga oid ziddiyat yana yangi bosqichga ko‘tarildi. NDTV nashrining manbalariga tayanib yozishicha, Hindiston hukumati Pokistonga oqib o‘tadigan uchta yirik daryoning “ortiqcha suvi”ni o‘zining Panjob, Xaryana va Rajastxan shtatlariga yo‘naltirish uchun katta loyihaga start berdi. Ushbu maqsadda 113 kilometr uzunlikdagi maxsus kanal qurish bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslash ishlari olib borilmoqda.
Loyiha ildizi 1960 yilda imzolangan, Hind daryosi suvlari bo‘yicha Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi kelishuvga borib taqaladi. Mazkur kelishuv Jelum, Chenab va Hind daryolari suvidan samarali foydalanishni nazarda tutadi. Aslida, bu suvlarning katta qismi Pokiston hududidan o‘tib ketadi va bu Hindiston manfaatlariga to‘laqonli javob bermasligi ta’kidlanadi.
Yangi loyihaga ko‘ra, “ortiqcha suv” maxsus kanallar orqali Rajastxanning Ganganagar shahriga yo‘naltiriladi. Hindiston ichki ishlar vaziri Amit Shohning ma’lum qilishicha, bu suvlar endi hech qanday sabab bilan boshqa mamlakatga oqib ketmaydi va mamlakatning qurg‘oqchilikka moyil hududlarida samarali ishlatiladi. Shuningdek, kanalni Yamuna daryosiga ulash taklifi ham ko‘rib chiqilmoqda — bu esa kanalni 200 kilometrgacha uzaytirish, suvni Gangasagargacha olib borish imkonini yaratadi.
Bu qarorlar Pokiston hukumatining keskin e’tiroziga sabab bo‘ldi. Chunki aprel oyida Kashmirda sodir bo‘lgan hujumdan so‘ng, Hindiston Islomobodni terrorizmni qo‘llab-quvvatlashda ayblagan va daryo suvlari bo‘yicha bitimni qayta ko‘rib chiqish mumkinligini ma’lum qilgan edi. Narendra Modi “Suv va qon birga oqishi mumkin emas”, deya mamlakatning qat’iy pozitsiyasini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, Hindiston may oyida Boglixar to‘g‘onidan Pokistonga oqadigan Chenab daryosi suvini vaqtincha to‘sib qo‘ydi va shunga o‘xshash choralar Jelam daryosidagi Kishanganga to‘g‘onida ham amalga oshirilishi aytilmoqda.
Mazkur suv siyosati ikki mamlakat o‘rtasidagi murakkab munosabatlarda navbatdagi tortishuv nuqtasiga aylanmoqda. Yangi kanal va gidroinshootlar qurilishi nafaqat hududdagi suv tanqisligi muammosini yumshatish, balki mintaqadagi geosiyosiy vaziyatni yanada taranglashtirishi mumkin.
Xulosa o‘rnida:
Hindistonning “ortiqcha suv”ni o‘z hududiga yo‘naltirish harakatlari Pokiston uchun jiddiy xavotir manbai bo‘lib turibdi. Mintaqaviy barqarorlik uchun esa suv resurslaridan oqilona foydalanish va barcha tomonlar manfaatlarini hisobga olish — dolzarb masala bo‘lib qolmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar