Texasda piklbol jamoasi samolyoti fojiali qulab tushdi

AQSHning Texas shtatida sport jamoasini olib ketayotgan yengil samolyot halokatga uchradi. Fojiali hodisa oqibatida besh nafar kishi hayotdan ko‘z yumgan. Bu haqda Associated Press mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga tayanib ma'lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, halokat joriy yil 30 aprel kuni Ostin shahridan taxminan 64 kilometr uzoqlikda joylashgan Uimberli hududida sodir bo‘lgan. “Cessna 421C” rusumli samolyot Amarillodan uchib, Nyu-Braunfels tomon yo‘l olgan edi.
Samolyotda Amarillo Pickleball Club a’zolari bo‘lgan. Ular piklbol musobaqasida ishtirok etish uchun safarga chiqqan. Klub vakili Den Dayerning aytishicha, xuddi shu vaqtda yana bir samolyot ham xuddi o‘sha yo‘nalishda uchib, manzilga muvaffaqiyatli yetib borgan.
Meteorologik xizmat ma’lumotlariga ko‘ra, fojia sodir bo‘lishidan oldin hududda havo qisman bulutli bo‘lgan, keyinroq esa chaqmoq va momaqaldiroq kuzatilgan. Bu holat uchish sharoitlarini murakkablashtirgan bo‘lishi mumkin.
Ma’lumot uchun, piklbol — tennis, badminton va stol tennisi elementlarini o‘zida jamlagan zamonaviy sport turi hisoblanadi. Voqea AQSH sport jamoalari orasida katta qayg‘u bilan qabul qilinmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!