Amsterdamda goʻsht va yoqilgʻi reklamasi butunlay taqiqlandi

Amsterdamda goʻsht va yoqilgʻi reklamasi butunlay taqiqlandi
Qisqacha

Amsterdamda go'sht va yoqilg'i reklamasi to'liq taqiqlanmoqda. 1 maydan boshlab, shahar ko'chalarida go'sht mahsulotlari va benzinli avtomobillar reklamalari olib tashlanadi. Mahalliy hukumatning maqsadi, 2050 yilga qadar uglerod chiqindilarini nol darajaga tushirish va go'sht iste'molini kamaytirishdir. Ushbu qaror, shuningdek, aholi kundalik tanlovlariga ham ta'sir ko'rsatishi kutilmoqda.

Niderlandiya poytaxti Amsterdam yana bir ilk qadam bilan dunyo eʼtiborini oʻziga qaratdi. Endi bu shaharda goʻsht mahsulotlari va yoqilgʻi bilan bogʻliq tashqi reklamalar toʻliq taqiqlandi.

1 maydan boshlab shahar koʻchalaridagi billbordlar, tramvay va metro bekatlarida burgerlar, benzinli avtomobillar hamda aviaparvozlar reklamalari olib tashlandi. Ilgari gavjum joylarda tovuq mahsulotlari, yoʻltanlamas mashinalar va arzon sayohatlar targʻib qilingan boʻlsa, endilikda ular oʻrnini madaniy tadbirlar va muzeylar reklama qilishi kutilmoqda.

Mahalliy hukumat vakillarining taʼkidlashicha, mazkur qaror shaharni ekologik maqsadlarga yaqinlashtirishga xizmat qiladi. Xususan, Amsterdam 2050 yilga qadar uglerod chiqindilarini nol darajaga tushirish va goʻsht isteʼmolini sezilarli kamaytirishni rejalashtirgan.

Mutaxassislar fikricha, ushbu taqiq nafaqat reklama sohasiga, balki aholining kundalik tanlovlariga ham taʼsir koʻrsatishi mumkin. Shu orqali goʻsht isteʼmoli va atrof-muhitga zarar yetkazuvchi mahsulotlarga boʻlgan talabni qisqartirish koʻzda tutilgan.

Maʼlum qilinishicha, ilgari goʻsht reklamasi umumiy bozorning juda kichik qismini tashkil etgan boʻlsa-da, yoqilgʻi va transportga oid reklamalar salmoqli ulushga ega boʻlgan. Endi esa bu yoʻnalishlar ham ekologik siyosat doirasida cheklanmoqda.

Qayd etish joiz, Yevropa davlatlarida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish va atrof-muhitni muhofaza qilish borasida shunga oʻxshash cheklovlar tobora kengayib bormoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar