2028 yilda Samarqand shahri xalqaro miqyosdagi eng yirik kosmik anjumanlardan biri — International Astronautical Congress (IAC)'ga mezbonlik qilishi mumkin. Agar bu reja amalga oshsa, dunyo kosmik sanoatining yetakchi vakillari, ilmiy markazlar, yirik agentliklar hamda startaplar vakillari mamlakatimizda to‘planadi.
Dunyo miqyosidagi nufuzli tadbir
Ma’lumotlarga ko‘ra, har yili IAC anjumaniga qariyb 10 mingga yaqin ishtirokchi tashrif buyuradi. Ularning orasida xalqaro kosmik agentliklar, ilmiy-tadqiqot institutlari, texnologik kompaniyalar va startaplar bor. Bundan oldingi yillarda anjuman Baku (2023), Milan (2024), Parij (2022), Dubay (2021), Vashington (2019), Bremen (2018) va Adelaida (2017) shaharlarida o‘tkazilgan. Masalan, Parijdagi IAC-2022 Fransiyaning global kosmik sohadagi mavqeini yanada mustahkamlagan bo‘lsa, Avstraliyadagi 2017 yilgi anjumandan so‘ng mamlakatda kosmik agentlik tashkil etilgan.
O‘zbekiston nomzodi va imkoniyatlar
Uzcosmos vakillari 2028 yilgi anjumani Samarqandda o‘tkazish taklifini rasmiy ravishda ilgari surdi. Agar reja amalga oshsa, bu mamlakatga xalqaro hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma tadqiqotlar va startaplar uchun katta imkoniyat eshigini ochishi kutilmoqda. Shuningdek, ilmiy markazlar, texnoparklar va inkubatorlar qurilishi uchun xorijiy investorlarni jalb etish imkoniyati ham bo‘ladi.
Tayyorgarlik jarayoni
Xalqaro astronavtika federatsiyasi ijrochi direktori Kristian Fayxtinger Samarqand va Toshkentda bo‘lib, infratuzilma, moddiy-texnik baza, transport va mehmonxona tizimini o‘rgandi. Shu bilan birga, xavfsizlik choralari va ijtimoiy tadbirlar uchun sharoitlar ham baholandi.
Ilon Mask ehtimoli
Ma’lumki, Ilon Mask IAC anjumanlarida maxsus mehmon sifatida bir necha bor qatnashgan va o‘zining muvaffaqiyatli kosmik loyihalarini namoyish etgan. Agar 2028 yilda anjuman Samarqandda o‘tkazilsa, uning shaxsan ishtirok etishi ham ehtimolsiz emas. Ammo bu hozircha rasman tasdiqlanmagan.