AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan 15 avgust kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan uchrashuv haqida to‘xtalib, jamoatchilikda katta qiziqish va tortishuvlarga sabab bo‘ldi. U matbuot anjumanidagi nutqining ilk daqiqalaridayoq Putin bilan muzokaralar uchun Rossiyaga borishini aytib, noaniq og‘zaki xatoga yo‘l qo‘ydi.
Aslida esa vaziyat tubdan boshqacha: Putin Tramp bilan suhbat o‘tkazish uchun AQSHning Alyaska shtatiga yo‘l oladi. Bu haqda Trampning o‘zi ham ta’kidlab, “Putin bilan uchrashaman. Juma kuni Rossiyaga boraman” degan so‘zlarini tilning siljishi sifatida izohladi. Davlat dumasi xalqaro ishlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Svetlana Jurova bu holatni Trampning Putinni Rossiya bilan chambarchas bog‘lashi bilan izohladi.
Tramp ushbu uchrashuvni “dastlabki” va “sinoviy” deb baholab, asosiy maqsad Moskva pozitsiyasini Ukrainadagi mojaroni hal etish masalasida anglab olish ekanini bildirdi. U Putinni mojaroga nuqta qo‘yishga ko‘ndirish, shuningdek, Ukrainaga bir qator hududiy imtiyozlar berish masalasida aniqlik kiritish niyatida ekanini yashirmadi.
Shu bilan birga, Tramp agar uchrashuvdan natija chiqmasa, muzokaralar jarayonini tark etish ehtimolini ham tilga oldi. Uning fikricha, kelishuv imkoniyatini baholash uchun besh daqiqa yetarli. “Ketib, omad tilayman deyishim mumkin. Va shu bilan hammasi tugaydi”, – dedi u.
Tramp Zelenskiyning pozitsiyasini ham tanqid qilib o‘tdi. Unga ko‘ra, Ukraina prezidenti mamlakat konstitutsiyasini bahona qilib, aholining katta qismi Rossiya bilan tinchlik shartnomasini qo‘llab-quvvatlayotganiga qaramay, hududiy imtiyozlar berish orqali mojaroni tugatishdan bosh tortmoqda.
Tramp Putin bilan muzokaralardan so‘ng Zelenskiyga albatta qo‘ng‘iroq qilishini ham qo‘shimcha qildi. “Zelenskiyga urush boshlash uchun ruxsat berilgan, ammo yer almashish uchun unga konstitutsiyaviy ruxsat kerak. Ayrim yer almashinuvlari bo‘ladi”, – dedi Tramp ishonch bilan.
Oliy Radaning sobiq deputati Vladimir Oleynik esa Kiyev rejimi uchrashuvni buzish uchun provokatsiyalar uyushtirishi mumkinligini ogohlantirdi. Unga ko‘ra, hozir Ukraina hukumati Yevropadagi hamkorlari bilan birgalikda hududiy imtiyozlarga qarshi chiqib, NATOga a’zo bo‘lish talabini qo‘ymoqda. Bu esa Moskva va Vashington o‘rtasidagi ehtimoliy kelishuvlarga zid hisoblanadi.
Ukraina OAVlarida esa hozirdanoq vahima avj oldi. Chunki hududiy masala Tramp va Putin muzokaralarida asosiy mavzulardan biri bo‘lishi kutilmoqda. Shu bilan birga, Zelenskiyning murosasiz pozitsiyasi sabab AQSH yetakchisining muzokaralardan chiqib ketishi xavfi ham bor, bu esa Ukraina masalasiga xalqaro qiziqishni susaytiradi.
Rossiyalik siyosatshunos Sergey Markov Trampning so‘zlarini izohlar ekan, bu orqali Ukraina va Rossiya o‘rtasida tinchlik shartnomasi hududlar almashinuvini o‘z ichiga olishi aniqlashganini bildirdi. U Zelenskiyni maxsus harbiy operatsiyani boshlashda ayblab, uni harbiy jinoyatchi deb atadi va konstitutsiya ortiga yashirinishni mantiqan izohlab bo‘lmas holat sifatida baholadi.
G‘arbda esa bu bayonot Rossiya va shaxsan Putinning diplomatik yutug‘i sifatida talqin qilindi. Washington Post e’lon qilgan maqolada esa bo‘lajak muzokaralar ikki yetakchini yaqinlashtirishi va Amerika prezidentini keskin bayonotlar berishga undashi mumkinligi ta’kidlandi.
Trampning "Yer almashinuvi bo‘ladi" degan gaplari Kiyevni larzaga soldi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar