Afg‘onistonda "Tolibon" rahbari Mulla Haybatulloh Oxundzoda smartfonlarni taqiqlashni taklif qildi. Ushbu taklif mamlakatda internet to‘xtatilmasdan oldin yaratilgani xabar qilinmoqda. Taxminan bir yil oldin Oxundzoda Qandahorda bo‘lib o‘tgan “Tolibon” ulamolar kengashida smartfonlarni taqiqlash uchun diniy asos topishni so‘ragan. Uning aytishicha, ushbu choralar nafaqat salbiy tanqidlar va buzg‘unchi fikrlarni to‘xtatishga, balki "Tolibon"ning obro‘sini saqlab qolishga ham yordam beradi.
Biroq, ko‘pchilik ulamolar bunday taqiqni rad etgan. Ular smartfonlar va mobil texnologiyalarga millionlab dollar sarmoya kiritilgani, shuningdek, ular kundalik hayotda, savdo va ta’limda muhim vosita ekanini ta’kidlashgan. Shuningdek, smartfonlar fuqarolarga erkin fikr bildirish va ma’lumotga tez kirish imkonini beradi. Shundan so‘ng, "Tolibon" internetni uzishga qaror qilgan. Bu orqali ular fuqarolarning global tarmoqlarga kirishini cheklashni maqsad qilgan.
Qandahordagi mutaxassislar va vazirlar bu qarorning iqtisodiy va ijtimoiy zararlari haqida ogohlantirishgan. Ular axborot erkinligini cheklashning mamlakatdagi iqtisodiyot, ta’lim va savdo sohalarining rivojlanishini pasaytirishi mumkinligini ta’kidlashgan. Biroq, Oxundzoda ularning murojaatlarini rad etgan va internetni uzish qarorini davom ettirishga buyurgan. Shuningdek, hozirgi paytda, hukumat organlari va diplomatik vakolatxonalar uchun alohida internet provayderi tashkil qilish bo‘yicha qaror qabul qilingan.
Tahlilchilarning fikricha, bu qaror o‘zgarishlar va yangi tartibning amalga oshirilishi hokimiyatga yaqin shaxslarga iqtisodiy foyda keltirishga va axborot oqimini cheklashga xizmat qiladi. Mutaxassislar bu qaror Afg‘oniston hayotining barcha jabhalariga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlamoqda. Internetning cheklanishi nafaqat so‘z erkinligini, balki ta’lim, savdo, sog‘liqni saqlash va tashqi dunyo bilan aloqalarni izdan chiqaradi.
Afg‘onistondagi internet uzilishi va smartfonlarning taqiqlanishi mamlakatdagi barqarorlik va rivojlanishga jiddiy tahdid tug‘dirishi mumkin. "Tolibon" rahbariyatining ushbu siyosati nafaqat yosh avlodning bilim olish imkoniyatlarini cheklaydi, balki mamlakatning global iqtisodiy aloqalarini ham buzishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!