Rossiyada dron tahdidi ortidan 13 ta aeroport yopildi

Rossiyaning janubiy hududlarida xavfsizlik bilan bog‘liq keskin vaziyat yuzaga keldi. 8 may kuni Rostov-na-Donudagi aeronavigatsiya xizmatiga yaqin hududga dron qulashi ortidan mamlakat janubidagi qator aeroportlarda parvozlar vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Meduza ma'lum qildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, “Janubiy Rossiya aeronavigatsiya kompaniyasi”ning ma’muriy binosi atrofida sodir bo‘lgan ushbu hodisa xavfsizlik choralarini keskin kuchaytirishga sabab bo‘lgan. Natijada bir vaqtning o‘zida 13 ta yirik aeroport faoliyati vaqtincha cheklab qo‘yildi.
Quyidagi shaharlardagi aeroportlarda uchish va qo‘nish reyslari to‘xtatilgan:
Sochi, Volgograd, Krasnodar, Grozniy, Astraxan, Vladikavkaz, Gelendjik, Maxachqal’a, Magas, Mineralniye Vodi, Nalchik, Stavropol va Elista.
Mazkur cheklovlar tufayli o‘nlab aviareyslar bekor qilingan yoki kechiktirilgan. Natijada minglab yo‘lovchilar aeroportlarda qolib ketgan. Rosaviatsiya esa barcha ekipaj va aviakompaniyalarga vaqtinchalik cheklovlar haqida ogohlantirish yuborgan.
Mazkur hodisa Rossiyada 9 may — G‘alaba kuni arafasida yuz berdi. Avvalroq Rossiya ushbu sana munosabati bilan vaqtinchalik sulh e’lon qilgan edi. Biroq Vladimir Zelenskiy bu sulhga amal qilinmasligini bildirgan.
Shuningdek, u boshqa davlatlar rahbarlariga murojaat qilib, xavfsizlik sababli 9 may kuni Moskvaga tashrif buyurmaslikni tavsiya qilgan. Ushbu ogohlantirishlar ortidan Rossiya maxsus xizmatlari, xususan Vladimir Putin xavfsizligini ta’minlash maqsadida qo‘shimcha choralarni kuchaytirgani aytilmoqda.
Hozircha rasmiylar hodisaning barcha tafsilotlarini oshkor qilmagan. Ammo mutaxassislar bunday dron hodisalari mintaqadagi keskinlik oshib borayotganidan darak berishini ta’kidlashmoqda.
Parvozlar qachon to‘liq tiklanishi hozircha noma’lum. Yo‘lovchilarga esa sabr qilish va rasmiy manbalar orqali yangiliklarni kuzatib borish tavsiya etilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!