Redmi K100 Pro smartfoni: 7 dyuymli ekran va 10 000 mA/soat sig‘imli batareya

Taniqli insayder Digital Chat Station Xitoyning yirik texnologiya kompaniyalaridan biri ustida ishlayotgan yangi smartfonning texnik xususiyatlarini oshkor qildi. Garchi qurilmaning aniq nomi sir tutilgan bo‘lsa-da, Gizmochina tahlilchilari bu model Redmi K100 turkumiga mansub flagman — Redmi K100 Pro yoki Pro Max bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yangi smartfon o‘zining ulkan, 7 dyuymli 2K o‘lchamli ekrani bilan ajralib turadi. Qurilmaning eng diqqatga sazovor jihati esa uning 10 000 mA/soatdan ortiq sig‘imga ega bo‘lgan akkumulyatoridir. Bu foydalanuvchilarga smartfondan uzoq vaqt davomida quvvatlashsiz foydalanish imkonini beradi.
Qurilma yuqori darajadagi himoya bilan ta’minlanadi: korpus IP68 va IP69 standartlari bo‘yicha suv hamda changdan himoyalangan. Shuningdek, smartfonga zamonaviy ultratovushli barmoq izi skaneri va mustahkam metall ramka o‘rnatilishi kutilmoqda.
Protsessor borasida ma’lumotlar turlicha. Dastlabki mish-mishlarda 2 nanometrli Snapdragon 8 Elite Gen 6 Pro chipi haqida so‘z borgan bo‘lsa, yangi ma’lumotlarga ko‘ra, qurilma 3 nanometrli Dimensity 9500 Plus yoki Xiaomi kompaniyasining maxsus Xring O3 protsessori bilan jihozlanishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!