Chevron va Trafigura Venesuela neftini eksport qilish bo‘yicha shartnomalar uchun raqobatlashmoqda

Chevron, shuningdek Vitol va Trafigura kompaniyalari AQSH hukumati bilan Venesueladan neft eksportini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha shartnomalar olishga intilmoqda. Bu haqda Reuters manbalarga tayanib xabar berdi.
Kompaniyalar qiziqishi Vashingtonning Venesuela nefti savdosi va mamlakat daromadlari ustidan cheklovlarsiz nazorat o‘rnatish rejasi bilan bog‘liq. Reuters yozishicha, bu reja prezident Nikolas Maduroni hokimiyatdan chetlatish ssenariysi ortidan ko‘zda tutilmoqda.
Muzokaralar doirasida ishtirokchilar davlatga qarashli PDVSA omborlarida to‘plangan 50 million barrelgacha neftini sotish huquqi uchun kurashmoqda. Tomonlar o‘rtasidagi kelishuvlar davom etayotgani aytiladi, biroq ularning tafsilotlari oshkor qilinmagan.
Venesuelada qolayotgan yagona yirik amerikalik neft kompaniyasi bo‘lgan Chevron o‘z litsenziyasini kengaytirishga umid qilmoqda. Biroq u ko‘p yillardan beri ilk bor xorijiy o‘yinchilar bilan bevosita raqobatga duch kelmoqda.
Shveysariyaning Vitol kompaniyasi esa AQSHdan 18 oy muddatga dastlabki litsenziya olishga ulgurdi. Reuters qayd etishicha, sanksiyalar va yillar davom etgan yetarli sarmoya kiritilmagani sabab Venesuelada neft qazib olish hajmi keskin kamayib, hozirda kuniga taxminan 1 million barrel atrofida. 1970-yillarda bu ko‘rsatkich 3,5 million barrelga yetgan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!