«Siti» – «Chelsi» bahsida katta “portlash”: Husanov epizodi muhokamada

Angliya Premer-ligasining 20-turidan o‘rin olgan “Manchester Siti” va “Chelsi” o‘rtasidagi uchrashuv 1:1 hisobida durang bilan yakunlandi. Bu bahsda “shaharliklar” qimmatli ikki ochko yo‘qotganidan ko‘ra, to‘qnashuvning 78-daqiqasida Abduqodir Husanov ishtirokidagi holat ko‘proq muhokama qilinmoqda.
51-daqiqada jarohat olgan Yoshko Gvardiol o‘rniga maydonga tushgan 21 yoshli o‘zbek futbolchisi markaziy himoyaning chap qanotida joylashdi.
Husanov ishtirokidagi eng qizg‘in epizod uchrashuvning 78-daqiqasiga to‘g‘ri keldi. Abduqodir “Manchester Siti” darvozasiga xavf solayotgan raqib hujumchisi Liam Diap (Delap)ga zarba berish uchun hech qanday imkoniyat qoldirmadi.
Angliyalik forvard maydondan tashqariga chiqib ketgan paytda alamzada bo‘lib, o‘zbek himoyachisini reklama to‘sig‘i tomon turtib yubordi. Buning ortidan “Siti” futbolchilari Liam Delap bilan hisob-kitob qilishga kirishib ketdi. Jamoalar o‘rtasida tortishuv yuzaga keldi. Ushbu vaziyat Delap va Mateush Nuneshning sariq kartochka olishi bilan yakunlandi. Husanov esa jarohatdan omon qoldi.
Nufuzli manbalardan biri – reddit.com sayti Husanov va Delap o‘rtasidagi to‘qnashuv ro‘y bergan lahza videosini muxlislar e’tiboriga havola qildi. Angliyalik fanatlar bu holatni qattiq tanqid qilayotgani aytilmoqda.
Futbol ishqibozlarining Delap va Husanov o‘rtasidagi to‘qnashuv haqida bildirgan fikr-mulohazalarini o‘quvchilar e’tiboriga yetkazishni ma’qul ko‘rdik:
Careful-Snow:
Bu yigit chindan ham kaltafahm. Har safar qandaydir muammo chiqarib yuradi.
Revy_uzg:
Delap nima qilganini o‘ylab ham ko‘rmagan, shekilli.
St_SiRUS:
Aslida top-4 darajasidagi jamoalarda o‘ynashga salohiyati yetmagani uchun, hammaga qo‘pollik qiladi.
Novel_Pipe_9050:
“Chelsi”ga kelganidan beri bu o‘yinchi ishtirokida birorta yorqin holatni ko‘rmadik. O‘zini shunday aqlsiz tutadi. Delap haqida birorta ijobiy narsani eslay olmayman, lekin bu galgi harakatiga o‘xshash videolar juda ko‘p.
GunnersaurusDen:
Raqibni atayin reklama to‘sig‘iga turtib yuborish qizil kartochka bilan jazolanishi kerak.
ElectricalMud2850:
Maydonda, o‘yin paytida to‘p uchun istaganingcha kurash, lekin o‘yindan tashqarida bunday qilish ochiqchasiga ifloslik.
Vgsantanna:
Delapda muvaffaqiyatli harakatlardan ko‘ra, ahmoqona xatolar va jarohatli epizodlar ko‘proq.
FirminhoWithAnH:
Raqib bilan kurashda oxirigacha kutib, maydon tugagan joyda uni reklama to‘sig‘iga urilishi uchun itarib yuborish – mutlaqo aqlsizlik.
Odegood:
Bu yigit beaql ekan.
TheGoldenPineapples:
Delap haqiqiy qotil. Raqiblarga ozor yetkazishdan boshqa ishni uddalay olmaydi. Sariq kartochka bilan qutulgani — omadi.
TheGreatDomilies:
Husanov kuchi va tezligini ko‘rsatib, undan ustun kelganidan keyin Delap qilgan ish — to‘g‘ri ma’noda pastkashlik. “Manchester Siti” o‘yinchilari Abduqodirni himoya qilganidan xursand bo‘ldim.
Winneratinternet:
Husanov Delapdan o‘zib ketib, zarbaga yo‘l qo‘ymagani unga alam qildi. Qo‘rqoq va chidamsiz o‘yinchi ekan.
Macroturb:
To‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka ko‘rsatilishi shart edi.
Fliddyjohnny:
Futboldan tashqari mushtlashib ham ko‘ringlar.
Chips:
Delap o‘zini “zo‘r yigit” qilib ko‘rsatmoqchi. Menimcha, g‘azabini boshqara olmaydi. Psixologga borishi kerak.
Drdeathstrange:
Palmer uni tinchlantirishga harakat qilmaganidan hayron bo‘ldim. Axir ular do‘st-ku. Mana shunday paytlarda yoshi katta, tajribali o‘yinchilar kerak bo‘ladi.
ApolloThe12:
“Chelsi” bir kishi kam bo‘lib o‘ynashi kerak edi.
SupervisorLaw:
Men bu holatni to‘liq qizil kartochkaga tortadigan epizod deb baholayman. Delapning bu harakatidan hech qanday manfaat yo‘q. Bu Husanovning jarohati bilan tugashi ham mumkin edi.
WalkingCloud:
Delap boshqa “qoidalar” bilan o‘ynaydi, qolganlar esa umumiy qoidalarga amal qiladi.
Dorkseid1687:
Delap – jinoyatchi.
Adventurous_Guest152:
“Chelsi” fanati sifatida aytaman, Delap – jinoyatchi.
Drdeathstrange:
Husanovni himoya qilgan “Siti” o‘yinchilariga balli. “Manchester Siti” va “Chelsi” o‘yinlarida ko‘pincha shunday janjallar bo‘lib turadi. Delap bunday qiliqlarini yig‘ishtirishi kerak. Uning bu harakatlari jamoamizga bir kuni qimmatga tushadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!