Jahon banki Toshkentda davlat xaridlari tizimini isloh qilish bo‘yicha seminar o‘tkazdi

Toshkentdagi Jahon banki vakolatxonasida davlat xaridlari tizimini isloh qilish masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbir Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida xaridlar bo‘yicha boshqarma rahbari Felipe Goya tashrifi doirasida tashkil etildi. Bu haqda uzdaily.uz xabar beradi.
Seminarda Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, davlat xaridlari bo‘yicha elektron platformalar operatorlari hamda xalqaro moliya institutlari vakillari ishtirok etdi. Ular orasida Jahon banki bilan birga Osiyo taraqqiyot banki va Islom taraqqiyot banki mutaxassislari ham bor.
Muloqot chog‘ida O‘zbekistonda davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirishning dolzarb yo‘nalishlari muhokama qilindi. Jahon banki o‘tkazgan baholash natijalari taqdim etilib, amaldagi islohotlarning hozirgi holati, mavjud to‘siqlar hamda tizimni yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki tomonidan O‘zbekistonda xaridlar sohasida davlat organlari salohiyatini kuchaytirishga qaratilgan tadqiqotlar xulosalari muhokama qilindi. Alohida e’tibor ayrim tarmoqlarda elektron davlat xaridlari (eGP) tizimlarini joriy etish bo‘yicha ustuvor choralarga, shuningdek ekologik toza va energiya tejamkor mahsulot hamda xizmatlarni afzal xarid qilishni nazarda tutuvchi “yashil” davlat xaridlari amaliyotini kengaytirishga qaratildi.
Ishtirokchilar shaffoflik va samaradorlikni ta’minlash uchun belgilangan chora-tadbirlar ijrosini kuzatib borish mexanizmlarini ham muhokama qildi. Seminar davlat idoralari, xalqaro hamkorlar va ekspertlar o‘rtasida ochiq muloqot maydoniga aylanib, O‘zbekistonda davlat xaridlarini modernizatsiya qilish va raqamlashtirish bo‘yicha yondashuvlarni muvofiqlashtirishga xizmat qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!