Epshteynning o‘limi oldidagi maktubi va yashirin haqiqatlari ochildi

AQSHda Jeffri Epshteyn tomonidan yozilgani aytilgan o‘lim oldi maktubi jamoatchilikka oshkor etildi. Nyu-York federal sudyasi 6 may kuni mazkur hujjatni e’lon qilish haqida qaror chiqardi. Xatda “xayrlashish vaqtini insonning o‘zi tanlay olishi — yoqimli holat” degan mazmundagi jumlalar ham o‘rin olgan.
Maktub qanday aniqlangan?
Sobiq moliyachi va voyaga yetmaganlar savdosida ayblangan Epshteyn 2019 yil avgust oyida Manxetten qamoqxonasida o‘lik holda topilgan edi. Rasmiy xulosaga ko‘ra, uning o‘limi o‘z joniga qasd qilish sifatida baholangan.
Qo‘lyozma shaklidagi ushbu maktubni Epshteynning sobiq kameradoshi, qotillikda ayblangan sobiq politsiya xodimi Nikolas Tartalyone topgani aytilmoqda. Mazkur ishni ko‘rib chiqqan sudya Kennet Karas The New York Times murojaatidan so‘ng maktubni ochiqlashga ruxsat berdi.
Sud qarori va hujjat taqdiri
Sudya Karas ushbu xatni omma uchun ochiq bo‘lishi kerak bo‘lgan sud hujjati sifatida baholadi. Chunki maktub Tartalyonening jinoiy ishi materiallari qatorida taqdim qilingan.
Hozirda Nikolas Tartalyone giyohvand moddalar bilan bog‘liq qotillik ishlari uchun to‘rt marta umrbod qamoq jazosini o‘tamoqda.
Sudya hujjatni maxfiy saqlash uchun yetarli huquqiy asos mavjud emasligini bildirdi. Shu bilan birga, u maktubning haqiqiy yoki soxta ekaniga baho bermaganini ham ta’kidladi.
Xat ichida nimalar yozilgan?
Sarg‘ish tusli qog‘ozga tezkor tarzda yozilgan maktub Tartalyonening advokatlari orqali sudga taqdim etilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, u 2019 yil iyul oyida Manxetten qamoqxonasida Epshteyn bilan ikki hafta davomida bir kamerada saqlangan.
Sud hujjatlarida keltirilishicha, maktubda shunday satrlar bor:
Epshteyn 2013 yilda Floridada voyaga yetmaganlarni fohishalikka jalb qilishda aybdor deb topilgan edi. O‘sha vaqtda u bahsli kelishuv orqali nisbatan yengil jazo bilan qutulib qolgan. 2019 yil iyulida esa yana hibsga olinib, Nyu-York va Floridada voyaga yetmagan qizlarni yollash, ularga nisbatan zo‘ravonlik qilish va jinsiy munosabatlarda bo‘lish kabi ayblovlarga duch kelgan.
Hujjat nega yashirin saqlangan?
Ushbu maktub haqida Nikolas Tartalyone 2025 yildagi podkastlardan birida ham gapirgan edi. Biroq The New York Times bu haqda maqola e’lon qilgach, mavzu yana keng muhokama markaziga aylandi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, federal tergovchilar bu maktubni avval ko‘rmagan. Shuningdek, u AQSH Adliya vazirligi tomonidan Epshteyn ishi bo‘yicha e’lon qilingan millionlab hujjatlar ichida ham uchramagan.
Sudya Karas hujjatni ommaga taqdim etish haqida qaror chiqarar ekan, Epshteynning o‘limi allaqachon jamoatchilik muhokamasiga aylanganini inobatga oldi va shaxsiy daxlsizlikka oid xavotirlar asosli emasligini bildirdi.
Epshteynning “masjidi” va O‘zbekiston bilan bog‘liq jihat
Jurnalistlar Epshteynga tegishli yozishmalarni tahlil qilish jarayonida uning shaxsiy orolida qurilgan g‘alati “masjid” haqida ham ma’lumotlarga duch keldi.
Ma’lum bo‘lishicha, Epshteyn ushbu binoda Ka’ba kisvasi, O‘zbekistondan keltirilgan koshinlar va Suriya me’morchiligi uslubidan foydalangan.
2011 yilda u haqiqiy plitkalar topish maqsadida O‘zbekistondagi tanishlariga murojaat qilib, “Ular ichki devorlar uchun, masjid uslubida ishlatiladi”, deb yozgani ma’lum qilindi.
Loyiha uchun ruminiyalik dizayner Ion Nikola jalb etilgani ham aytilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!