Yer Galley kometasi qoldirgan Eta-Akvaridlar meteorlar yomgʻiridan oʻtdi

May oyi boshida Yer aholisi yilning eng mashhur meteorlar yomgʻirlaridan biri — Eta-Akvaridlar choʻqqisini kuzatdi. Ushbu hodisa sayyoramiz mashhur Galley kometasi (1P/Halley) oʻz orbitasi boʻylab harakatlanayotganda qoldirgan chang buluti orqali oʻtishi natijasida yuzaga keladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Meteorlar oqimining eng yuqori faolligi 4-maydan 6-maygacha boʻlgan davrga toʻgʻri keldi. Janubiy yarimsharda qulay ob-havo sharoitida soatiga 60 tagacha meteor koʻringan boʻlsa, Shimoliy yarimsharda bu koʻrsatkich soatiga 10 tani tashkil etdi. Kuzatuvlarga yorqin oy nuri ham maʼlum darajada xalaqit berdi.
Garchi asosiy choʻqqi ortda qolgan boʻlsa-da, meteorlar oqimi may oyining oxirigacha davom etadi. Astronomlarning fikricha, 27–28-may kunlarigacha alohida meteorlarni kuzatish imkoniyati saqlanib qoladi, oy nuri kamayishi bilan kuzatuv sharoitlari yanada yaxshilanadi.
Meteorlar oqimi radianti Vodoley yulduz turkumida joylashgan boʻlib, aynan shu nuqtadan meteorlar osmonga «sochilib» chiqayotgandek tuyuladi. Mutaxassislar kuzatuv uchun tonggi soatlarni eng qulay vaqt deb hisoblashadi, chunki bu vaqtda radiant ufqdan yuqoriroq koʻtariladi.
Yozda astronomik hodisalar davom etadi: iyul oyida Janubiy delta-Akvaridlar va Alfa-Kaprikornidlar faollashsa, avgust oyida Shimoliy yarimsharning eng mashhur meteorlar yomgʻiri — Perseidlar choʻqqisiga yetadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!