Sindorov Gukeshga yutqazdi: o‘zbekistonlik shaxmatchi Polshadagi yirik turnirda ketma-ket imkoniyatlarni qo‘ldan chiqardi

Dunyo shaxmatining eng sara grossmeysterlarini jamlagan nufuzli Grand Chess Tour musobaqasining 11-mavsumi start oldi. An’anaga muvofiq, yangi mavsum Varshava shahri mezbonlik qilayotgan rapid va blis bahslari bilan boshlandi.
Ushbu yirik turnirda amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju hamda chempionlik uchun asosiy da’vogarlardan biri, o‘zbekistonlik Javohir Sindorov ishtirok etmoqda. Reglamentga ko‘ra, ikki grossmeyster o‘zaro uch marta — bir marta rapid va ikki marta blis bahsida to‘qnash keladi.
Musobaqaning dastlabki kunida ishtirokchilar rapid yo‘nalishida uch tur o‘tkazdi. Javohir Sindorov birinchi turda qora donalarda amerikalik Hans Nieman bilan durang qayd etdi. Ikkinchi turda esa oq donalarda mezbon vakil Yan-Kshishtof Duda bilan tinchlikka rozi bo‘ldi. Uchinchi turda o‘zbekistonlik shaxmatchi qora donalarda harakat qilganiga qaramasdan, yana bir polyak grossmeysteri Radoslav Voytashekni mag‘lub etishga erishdi.
Biroq ikkinchi kun Javohir uchun omadsiz o‘tdi. O‘tkazilgan uchala turda ham u imkoniyatlardan foydalana olmadi. To‘rtinchi turda amerikalik Uesli So g‘alaba qozongan bo‘lsa, beshinchi turda amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju o‘zbekistonlik shaxmatchidan ustun keldi. Kunning so‘nggi bahsida esa Fransiya vakili Maksim Vashe-Lagrav Sindorovni mag‘lubiyatga uchratdi.
Turnir qoidalariga muvofiq, har bir g‘alaba uchun 2 ochko, durang uchun esa 1 ochko beriladi. Oltinchi tur yakunlariga ko‘ra, Hans Nieman 9 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlar asosida peshqadam bo‘lib turibdi. Uesli So ham xuddi shuncha ochko jamg‘argan. Amaldagi chempion Vladimir Fedoseyev 8 ochko bilan kuchli uchlikdan o‘rin olgan. Gukesh 6 ochko bilan beshinchi, Sindorov esa 4 ochko bilan 9-pog‘onada bormoqda.
Turnirning to‘liq ishtirokchilari:
Javohir Sindorov (O‘zbekiston)
Gukesh Dommaraju (Hindiston)
Alireza Firuzja
Hans Nieman (AQSH)
Fabiano Karuana
Vladimir Fedoseyev (Sloveniya)
Maksim Vashe-Lagrav (Fransiya)
Yan-Kshishtof Duda (Polsha)
Radoslav Voytashek (Polsha)
Uesli So (AQSH)
3 maydan 10 maygacha davom etadigan musobaqaning umumiy mukofot jamg‘armasi 200 ming AQSH dollarini tashkil etadi. Musobaqa davomida muxlislar 7 kun ichida 135 ta qizg‘in partiya guvohi bo‘lishadi.
Turnir formati:
- Rapid — 9 tur
- Blis — 18 turdan iborat ikki davrali bahs
Turnirda Grand Chess Tour'ning 5 nafar doimiy ishtirokchisi va 5 nafar maxsus taklif etilgan grossmeyster qatnashmoqda. Javohir Sindorov mazkur musobaqaga wildcard orqali jalb qilingan.
Yangi mavsum qoidalari va grand final
2026 yilgi GCT mavsumi nafaqat kuchli tarkibi, balki yangilangan tartib-qoidalari bilan ham e’tiborga loyiq. Mavsum davomida 9 nafar asosiy ishtirokchi saralanadi. Har bir shaxmatchi ikkita klassik turnir va uchta rapid-blis musobaqasidan ikkitasida qatnashishi talab etiladi. Muntazam mavsum yakunlariga ko‘ra eng ko‘p ochko jamg‘argan to‘rtlik dekabr oyidagi grand finalga yo‘l oladi. Finalning mukofot jamg‘armasi esa 450 ming dollarga teng.
Ochkolar quyidagicha taqsimlanadi:
- 1-o‘rin — 12 ochko (tay-breyksiz g‘alaba bo‘lsa 13 ochko)
- 2-o‘rin — 10 ochko
- 10-o‘rin — 1 ochko
Qat’iy tartib-qoidalar
Musobaqada durang taklif qilish taqiqlangan. Durang faqat hakam ruxsati bilan, uch marta takrorlanish yoki 50 yurish qoidasi asosida qayd etiladi.
Klassik partiyalarda 10 daqiqadan, rapid va blitsda esa 3 daqiqadan ortiq kechikkan ishtirokchiga texnik mag‘lubiyat yoziladi.
Shuningdek, donalarga ehtiyotsiz munosabat ham jazosiz qolmaydi. Agar shaxmatchi o‘yin davomida donalarni ag‘darib yuborib, ularni vaqtida to‘g‘rilamasa, hakam ogohlantirish beradi. Bu holat uchinchi marta takrorlansa, ishtirokchi mag‘lub deb topiladi.
Mukofot jamg‘armasi:
- Har bir rapid/blis turniri — 200 ming dollar
- Har bir klassik turnir — 350 ming dollar
- Grand final — 450 ming dollar
G‘oliblar uchun eng katta sovrin miqdori 200 ming AQSH dollarini tashkil etadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!