Eron va AQSH o‘rtasida yangi ayblovlar yangramoqda

Eronning Xatam al-Anbiya harbiy qo‘mondonligi Qo‘shma Shtatlarni sulh kelishuvini buzganlikda aybladi. Eron davlat teleradiokompaniyasi tarqatgan bayonotda aytilishicha, Amerika harbiylari Ho‘rmuz bo‘g‘ozi tomon yo‘l olgan Eron neft tankeriga o‘q uzgan. Shuningdek, Fujayra porti yaqinida yana bir Eron kemasiga ham hujum qilingani ta’kidlangan.
Bayonotda AQSH ayrim mintaqaviy davlatlar bilan hamkorlikda Hemir, Sirik va Qeshm orolidagi tinch aholi yashaydigan hududlarga havo zarbalari bergani ham aytilgan. Eron tomoni bu harakatlarni vaziyatni yanada keskinlashtiruvchi qadam sifatida baholamoqda.
Tehronning ma’lum qilishicha, ushbu hujumlarga javob tariqasida Eron qurolli kuchlari Ho‘rmuz bo‘g‘ozining sharqiy qismi hamda Chobahor porti janubida joylashgan AQSH harbiy kemalariga zarba bergan. Bayonotda Amerika kemalariga jiddiy zarar yetkazilgani qayd etilgan.
Avvalroq Fox News telekanali AQSH harbiylari Eronning Qeshm porti va janubdagi Bandar Abbos hududlariga hujum uyushtirgani haqida xabar bergan edi. Hozircha vaziyat bo‘yicha Vashington rasmiylarining munosabati e’lon qilinmagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!