Instagram'dagi katta tozalash millionlab obunachilarni “yo‘q qildi”

Meta kompaniyasiga tegishli Instagram ijtimoiy tarmog‘i so‘nggi yillardagi eng katta raqamli “tozalash” jarayonlaridan birini boshladi. 6 maydan e’tiboran platforma botlar, faol bo‘lmagan akkauntlar va sun’iy ravishda ko‘paytirilgan obunachilarni ommaviy o‘chirishni boshladi.
Natijada butun dunyo bo‘ylab millionlab akkauntlar obunachilar soni keskin kamayib ketdi. Internet foydalanuvchilari bu voqeani hatto “Great Purge of 2026” — “2026 yilning buyuk tozalashi” deb atashmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Instagram bir necha soat ichida millionlab “o‘lik jonlar”ni platformadan olib tashladi. Bu jarayon nafaqat oddiy blogerlar va biznes akkauntlarga, balki jahonning eng mashhur yulduzlariga ham jiddiy ta’sir qildi.
Eng katta yo‘qotishlardan biri Kayli Jenner akkauntida kuzatildi. U taxminan 14-15 million obunachisini yo‘qotgan.
Krishtianu Ronalduning yo‘qotishlari esa turli manbalarga ko‘ra 7-8 milliondan 18 milliongacha baholanmoqda. Shunga qaramay, portugaliyalik superyulduz hozir ham Instagram'dagi eng mashhur inson bo‘lib qolmoqda — uning auditoriyasi taxminan 666 million atrofida ekani aytilmoqda.
Shuningdek, mashhur K-pop guruhi Blackpink rasmiy sahifasi ham qariyb 10 million obunachini yo‘qotgan.
Bundan tashqari, Selena Gomes, Ariana Grande, Lionel Messi va boshqa ko‘plab jahon yulduzlarining auditoriyasida ham sezilarli kamayish kuzatildi.
Mutaxassislar fikricha, oddiy akkauntlar o‘rtacha 2-5 foiz auditoriyani yo‘qotgan bo‘lsa, sun’iy “nakrutka”dan foydalangan sahifalarda bu ko‘rsatkich ancha yuqori bo‘lishi mumkin.
Meta bu jarayonni platformaning “haqiqiyligi”ni oshirish bilan izohlamoqda.
Kompaniyaning ta’kidlashicha, asosiy maqsadlar quyidagilardan iborat:
— reklama beruvchilar uchun statistikani aniqlashtirish;
— algoritmlarni haqiqiy kontentga nisbatan adolatli qilish;
— bot-fermalar va soxta auditoriyalardan xalos bo‘lish.
Qayd etilishicha, Instagram avval ham shunga o‘xshash “tozalash” ishlarini amalga oshirgan. Ammo bu galgi jarayon ko‘lami jihatidan platformaning butun tarixidagi eng yiriklaridan biri bo‘lmoqda.
Hozircha “tozalash” jarayoni to‘liq yakunlanmagan. Shu sabab yaqin kunlarda ko‘plab akkauntlarda raqamlar yana o‘zgarishi mumkin.
Mutaxassislar esa bu holat kontent yaratuvchilar uchun muhim signal ekanini aytmoqda: endi Instagram'da asosiy kuch sun’iy raqamlarda emas, haqiqiy auditoriya va sifatli kontentda bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!