Fransiya sudi Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi ustidan ish ochdi

Fransiyada Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmonga nisbatan yangi sud tergovi boshlandi. Bu qaror Parij apellyatsiya sudi tomonidan qabul qilindi.
Bu haqda AFP ma'lum qildi.
Tergov saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining 2018 yilda Istanbulda o‘ldirilishi bilan bog‘liq voqealar yuzasidan olib borilmoqda. Xabarlarga ko‘ra, ish qiynoqlar va majburiy g‘oyib bo‘lish holatlari bo‘yicha berilgan shikoyatlar asosida ko‘rib chiqilmoqda.
Ma’lumki, Jamol Qoshiqchi 2018 yil 2 oktyabr kuni Saudiya Arabistonining Istanbuldagi bosh konsulxonasiga kirib, shundan so‘ng bedarak yo‘qolgan. Turkiya tomoni uni o‘ldirilganini, jasadi esa yo‘q qilinganini ma’lum qilgan.
Oldinroq Fransiya prokuraturasi ushbu ishni yuritishga ehtiyotkorona yondashgan edi. Biroq sud qarori bilan endilikda voqea yuzasidan rasmiy tergov jarayoni yo‘lga qo‘yildi.
Eslatib o‘tamiz, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, shuningdek, AQSH Milliy razvedkasi o‘z hisobotida Muhammad bin Salmon jurnalistni qo‘lga olish yoki yo‘q qilish bo‘yicha operatsiyani ma’qullagan bo‘lishi mumkinligini bildirgan. Mazkur voqea o‘z vaqtida xalqaro miqyosda katta rezonans keltirib chiqargan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!