14:27 / 04.10.2018
4 193

Gulnora Karimova Dubayga ketgani haqidagi xabarlar ortidan Britaniya hukumati uning aktivlarini xatlamoqchi

Gulnora Karimova Dubayga ketgani haqidagi xabarlar ortidan Britaniya hukumati uning aktivlarini xatlamoqchi
Buyuk Britaniya hukumati Gulnora Karimovaning qirollik hududidagi koʻchmas mulk obyektlari va boshqa aktivlarini xatlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda Britaniyadagi Oʻta yirik miqdordagi firibgarliklarga qarshi kurashish byurosi (Serious Fraud Office) xabar tarqatgan.

“Boshqarma 2002 yili joriy etilgan qonunga muvofiq obyektlarni fuqarolik tartibida musodara qilish haqida sud daʼvosi bilan murojaat qildi. Daʼvo bir necha aktivlarga, shu jumladan, Oʻzbekistonda Gulnora Karimova va Rustam Madumarov ishtirokidagi korrupsiyaviy bitimlardan olingan daromadlardan foydalanib sotib olingani taxmin qilinadigan uchta koʻchmas mulk obyektiga taaluqlidir”, deyilgan xabarda.

Eslatib oʻtamiz, Gulnora Karimovaning qizi Imon Karimova 28 sentyabr kuni Toshkentdan Londonga uchib ketgani xabar qilingandi. U Londondagi iqtisodiyot maktabida (London School of Economics) tahsil olmoqda. Uning akasi Islom Karimov ham bir necha yillardan buyon London shahrida istiqomat qilib kelmoqda.

Shuningdek, 1 oktyabr kuni Imon Karimova onasi Toshkentdagi uyda ekani haqida yozdi. U Instagramʻdagi sahifasida shunday deb yozgan: “Onam endi uyda”.

Bu xabar ortidan Gulnora Karimova 2 oktyabr kuni Dubayga uchib borgani haqida xabar tarqaldi. Bosh prokuratura esa bu xabarni inkor etib, Imon Karimova Oʻzbekistonni hech qanday toʻsqinliksiz tark etgani, Gulnora Karimova esa qonun bilan belgilangan tartibda jazo oʻtashni davom etayotgani haqida maʼlum qildi.

Maʼlumot uchun, 2017 yilning iyulida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi Gulnora Karimovaga nisbatan ikkita jinoyat ishi qoʻzgʻatilgani haqida maʼlum qilgandi.

Unga koʻra, Karimova 2015 yilning avgustida jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent viloyati sudi tomonidan bir qator jinoyatlarda, jumladan, jinoiy guruh tuzishga aloqadorlik, oʻgʻirlik, pul undirish, davlat mablagʻlarini oʻz ehtiyojlari uchun ishlatib yuborish, soliqlar toʻlashdan bosh tortishda aybdor deb topilib, 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Yana bir jinoyat ishi boʻyicha tergov davom etmoqda. U oʻziga qoʻyilayotgan barcha ayblovlarni rad qilgan.

Maʼlum qilinishicha, ushbu uyushgan jinoiy guruh 10dan ortiq xorijiy davlatda legallashtirilgan mablagʻlarga ega. Jumladan, guruhning Buyuk Britaniyada 4,2 million funt miqdorida pul mablagʻlari, shuningdek, Londonda umumiy narxi 22,9 million funtlik uy-joylar, kvartiralar va villalari borligi aniqlangan.

Bosh prokuratura maʼlumotiga koʻra, Shveysariyada Karimovaning 810 million dollar miqdoridagi mablagʻi muzlatilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Gulnora Karimova Dubayga ketgani haqidagi xabarlar ortidan Britaniya hukumati uning aktivlarini xatlamoqchi