18:48 / 25.04.2024
206

Burkina-Faso armiyasi 223 nafar tinch aholi vakillarini qirib tashlagani aytilmoqda

Burkina-Faso armiyasi 223 nafar tinch aholi vakillarini qirib tashlagani aytilmoqda
Foto: Al Jazeera
Burkina-Faso harbiy kuchlari joriy yilning fevral oyida mamlakatning ikki hududida 200 nafardan ortiq tinch aholi vakillarini qirib tashlagan. Bu haqda Human Rights Watch manbasiga asoslanib, Al Jazeera nashri xabar berdi.

Manbada aytilishicha, harbiylar qurolli guruhlarga aloqadorlikda ayblangan tinch aholiga qarshi tajovuzkor amaliyotlar olib borgan. Ularga nisbatan shafqatsiz va noinsoniy munosabatda bo‘lgan.

Burkina-Faso harbiy kuchlari fevral oyida ikki aholi punktida 223 nafar tinch aholi vakillarini qatl etgan. Ularning kamida 56 nafar bolalar bo‘lgan.

25 aprel kuni e’lon qilingan Human Rights Watch hisobotiga ko‘ra, ommaviy qotilliklar 25 fevral kuni shimoliy Nondin va Soro hududlarida ro‘y bergan. Xalqaro huquq tashkilotining aytishicha, qirg‘in qurolli guruhlar bilan hamkorlikda ayblangan tinch aholiga qarshi keng ko‘lamli harbiy kampaniyaning bir qismi bo‘lgan.

Askarlar Nondin shahrida kamida 44 kishini, jumladan, 20 nafar bolani otib o‘ldirishgan. Yaqin atrofdagi Soroda esa 179 kishi qatl etilib, ulardan 36 nafari bolalar bo‘lgan.

Human Rights Watch rasmiylari fevral va mart oylari orasida o‘nlab guvohlar bilan suhbatlashilganini, omon qolganlar tarqatgan video va fotosuratlar tahlil qilinganini xabar bergan. 15 martdan boshlab sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlar asosida sakkizta ommaviy qabrning geolokatsiyasi aniqlangan.

Nondin va Soroda o‘ldirilganlar “Al-Qoida” va ISHID terrorchi-ekstremist guruhlari bilan aloqador bo‘lgani hukumat manbalari tomonidan aytilgan. Ushbu terrorchi uyushmalar hozirgi kunda mamlakatning teng yarmini markaziy boshqaruvdan ajratib olishga erishgan. Egallangan hududlardagi 2 milliondan ortiq fuqaro uy-joylarini tashlab ketgan.

G‘arbiy Afrikada joylashgan Burkina-Fasoda 2022 yil sentyabrida harbiy to‘ntarish yuz bergan edi. Natijada demokratik yo‘l bilan saylangan prezident Roch Mark Kabore hokimiyatdan ag‘darilib, kapitan Ibrohim Traore boshchiligidagi harbiy xunta davlatni egallagan.

Traore asosiy e’tiborini qurolli guruhlar nazorati ostidagi hududlarni qaytarib olishga qaratgan. Biroq harbiylar xavfsizlik inqirozini bartaraf etish uchun kurashayotgan bir paytda, so‘z erkinligini ta’qib qilgani va tanqidchilarni qo‘rqitgani uchun xalqaro huquq tashkilotlari qoraloviga uchragan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Burkina-Faso armiyasi 223 nafar tinch aholi vakillarini qirib tashlagani aytilmoqda